$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Rossiyada 40 nafar migrant nohaq kaltaklanib, har biriga 5 ming rubl miqdorida jarima solindi

migrant

Rossiya Ichki ishlar vazirligi “Нелегал-2024” operatsiyasining ikkinchi bosqichini olib bormoqda. Rossiyada noqonuniy bo‘lib turgan mehnat muhojirlarini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilayotgan ushbu reydlar mamlakatning barcha mintaqalarida o‘tkazilmoqda. Natijada qonunbuzarlar javobgarlikka tortilmoqda, ba’zi muhojirlar Rossiyadan majburiy ravishda chiqarib yuborilmoqda.

“Нелегал-2024” ning dastlabki natijalari

OAV va ijtimoiy tarmoqlar operatsiyaning dastlabki natijalari haqida xabar berdi. Unga koʻra, Sankt-Peterburgda keng ko‘lamli reydlar 1,5 ming nafar migratsiya qonunbuzarlarini aniqlagan. Tekshiruvlar minglab muhojirlarni qamrab olgan. Aniqlangan 1500 huquqbuzarliklarning aksariyati Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lish qoidalari – registratsiyaga bog‘liq bo‘lgan. Shuningdek, bir qancha migrantlar patentsiz noqonuniy ishlaganligi aniqlangan. Barcha muhojirlar politsiya bo‘limlariga olib borilgan va sud qarori bilan qariyb ikki yuz nafar xorijiy fuqaroga ma’muriy chiqarib yuborish jazosi – “выдворение” qo‘llangan. “Выдворение” qilinganlarning aksariyati xorij fuqarolarini vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgani aytilmoqda.

Politsiya bo‘limiga olib borilgan 260 nafar mehnat migranti

Krasnodarda reydlar natijasida Yelizavetinskaya aholi punktidagi qurilish maydonida ishlayotgan 260 nafar mehnat migranti politsiya bo‘limiga olib borilgan. Ularning 8 nafari mamlakat hududida bo‘lish rejimini buzganlik va noqonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirganlik uchun javobgarlikka tortilgan.

400 dan ortiq migratsiya qonunbuzarligi

Samara viloyati politsiyasi reydlar o‘tkazib, tekshiruvlar davomida 400 dan ortiq migratsiya qonunbuzarligi aniqlangani haqida xabar berdi. Samaradagi reydlarning dastlabki natijalariga ko’ra 116 nafar muhojir Rossiyadan chiqarib yuborilgan. Ularning 76 nafariga Samara sudlari tomonidan mamlakatdan chiqarib yuborish qarori qabul qilingan, qolgan 40 migrantga esa politsiya tomonidan Rossiya Federatsiyasiga kirish taqiqlangan. Shu bilan birga, politsiya reydlar davomida migratsiya sohasida 15 ta jinoyat aniqlangani va ular bo’yicha tergovga qadar surishtiruv boshlanganini maʼlum qildi.

"Yemagan somsasiga pul toʻlagan" migrantlar

Moskva viloyatida ham politsiya tekshiruv va reydlar o‘tkazayotgani haqida xabar berdi. Jumladan, reydlarning biri qurilish maydonida olib borilgan va natijada 40 nafar migrantga ma’muriy bayonnomalar tuzilgan. Har bir qonunbuzarga 5 ming rubl miqdorida jarima solinib, Rossiya Federatsiyasi hududidan chiqarib yuborish jazosi berilgani xabar qilindi. Moskva shahrida esa reydlar migrantlar yashayotgan yotoqxonalarda ham o‘tkazildi. Moskva shahrining Ugreshskaya ko‘chasidagi yotoqxonada yashaydigan muhojirlarning so‘zlariga ko‘ra, ular uyquda bo‘lgan vaqtda tonggi soat 4 da politsiya xodimlari yotoqxonaga bostirib kirib, kuzatuv kameralarini yopib chiqqan va migrantlarning yuzini yerga qaratib kaltaklagan.

Tortib olingan pullar va kaltaklanmaganligi haqidagi tilxat

Bir necha soat davom etgan xoʻrliklardan keyin ba’zi migrantlar politsiya bo‘limiga olib ketilgan. U yerda muhojirlar jarimaga tortilib, hech kim kaltaklamagani haqida hujjatga imzo qoʻyishga majburlangan.

Bostirib kirgan tekshiruvchilar ketganidan keyin migrantlar naqd pullari yo‘qolganini sezgan. Muhojirlar o‘z davlatlarining konsulliklariga murojaat qilish niyatida ekanini ma’lum qildi. Chunki politsiyaga murojaat qilsa, ularga nisbatan takroran kuch ishlatilishi va hayotlariga tahdid solinishidan qo‘rqishmoqda.

Krasnoyarskdagi 46 nafar noqonuniy migrant

Krasnoyarsk politsiyasi reydlar natijasida 46 nafar noqonuniy migrantni aniqlagan. Huquqbuzar sifatida politsiyaga olib ketilgan muhojirlar orasida 40 erkak va 19 yoshdan 57 yoshgacha bo’lgan 6 nafar ayol bor bo‘lgan. Ular Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan muhojir ayollar bo’lgan. Qolaversa, 46 nafar muhojir jami 74ta ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan. Muhojirlar Rossiyaga kirish qoidalarini buzganlik, Rossiyada bo‘lish rejimini buzganlik, migratsiya qaydi bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik, migratsiya nazoratidan o‘tishdan qochganlik kabi ma’muriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek, Krasnoyarskning huquqni muhofaza qilish organlari reydlar oqibatida 10 ta soxta hujjatlar tayyorlash va foydalanish hamda xorijiy fuqarolarni soxta migratsiya qaydiga olish holatlarini aniqlaganini ma’lum qildi. Ushbu holatlar bo‘yicha dastlabki tergov o‘tkazilgani xabar berildi.

“Нелегал-2024” operatsiyasi davom etadi

Eslatib o‘tamiz, “Нелегал-2024” operatsiyasi hali ham davom etmoqda. «ОДКБ» tashkiloti boshchiligida o‘tkazilgan “Нелегал-2024” operatsiyasining birinchi bosqichi joriy yil iyun oyida yakunlangan edi. Ikkinchi bosqichi 30-sentabr kuni boshlangan bo‘lib, 7-oktabrgacha davom etadi.

“Нелегал-2024” operatsiyasi davomida Ichki ishlar vazirligining bo‘limlari butun mamlakat bo‘ylab xorijiy fuqarolarning mehnat va yashash joylarida tekshiruvlar o’tkazilmoqda. Reydlar davomida muhojirlarning hujjatlari, avtotransportlari tekshirilmoqda.