Payshanba, 22-oktabr, 2026
Havo 89 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
⛅ +19° kechasi +9°

Qashqadaryo hokimligi Yangi Qarshiga ko‘chiriladi

Qashqadaryoda qurilishi rejalashtirilayotgan Yangi Qarshi shahri kelajakda bir million kishi yashaydigan yirik markazga aylanishi mumkin. Viloyat hokimligi va boshqa davlat idoralarini ham shu yerga ko‘chirish rejalashtirilmoqda.

2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryo hokimligi Yangi Qarshiga ko‘chiriladi

Yangi shaharda zamonaviy turizm markazlari, mehmonxonalar, konsert zallari, hatto yerusti metrosi ham paydo bo‘lishi mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Qarshi shahri va Qarshi magistral kanali bo‘yida quriladigan turizm majmuasi loyihalari bilan tanishdi.

Yangi Qarshi bir million kishiga mo‘ljallanishi mumkin

Yangi shahar uchun Samarqand–G‘uzor yo‘nalishidagi A-378 va Shahrisabzga olib boruvchi 4R-79 avtomobil yo‘llari oralig‘idan 5 200 gektar yer tanlangan. Bu hudud asosan foydalanilmayotgan, unumdorligi past cho‘l va yaylovlardan iborat.

Dastlab shahar 500 ming kishiga mo‘ljallangan edi. Prezident esa uni kelajakda bir million aholi yashaydigan, Qarshi shahriga muqobil zamonaviy markaz sifatida rejalashtirish kerakligini ta’kidladi. Bu yerga viloyat hokimligi va boshqa davlat idoralarini ko‘chirish ko‘zda tutilgan.

Yangi shaharda yerusti metrosi ham bo‘lishi mumkin

Yangi Qarshida kongress-xoll, konsert zallari va mehmonxonalar qurilishi rejalashtirilgan. Shahar Samarqand va Buxoro kabi yirik xalqaro forumlarni qabul qila oladigan turizm markaziga aylantirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Transport masalasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Prezident aeroport va temiryo‘l vokzalini yangi shahar bilan bog‘laydigan elektr jamoat transportini yo‘lga qo‘yish, zarur bo‘lsa, yerusti metrosini tashkil etish kerakligini aytdi.

Qarshida uch kilometrlik sayilgoh va akvapark quriladi

Prezidentga Qarshi magistral kanali bo‘yida barpo etiladigan turizm majmuasi ham taqdim etildi. Loyiha uchun 235 gektar yer ajratilgan bo‘lib, bu yerda uch kilometrlik sayilgoh tashkil etiladi. Qurilish to‘rt bosqichda amalga oshiriladi. Dastlabki bosqichda 30 gektar maydonda hunarmandlar shaharchasi va turizm hududi quriladi.

Majmuada mehmonxonalar, restoranlar, do‘konlar, muzey, akvapark, bolalar o‘yin maydonchalari va qayiqda sayr qilish mumkin bo‘lgan sun’iy ko‘l bo‘lishi rejalashtirilgan.
Prezident har ikkala loyihaning bosh rejasini tajribali xorijiy arxitektura va loyihalash kompaniyalari bilan birga ishlab chiqishni topshirdi. Bunda xavfsizlik, qulaylik, hamyonboplik va “aqlli shahar”tamoyillariga alohida e’tibor qaratilishi kerak.