Folbinlar, sehrgarlar va ularning mijozlari nazoratga olinadi
Tojikistonda folbinlar, sehrgarlar, ularning mijozlari va oila aʼzolari kiritiladigan maxsus maʼlumotlar bazasi yaratilmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

Ro‘yxatga tushgan fuqarolar doimiy nazorat ostida bo‘ladi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Maxsus bazaga folbinlik va sehrgarlik bilan shug‘ullanuvchilardan tashqari, fohishalik bilan shug‘ullanuvchi shaxslar, ularning mijozlari va oila a’zolari ham kiritiladi. Shuningdek, giyohvand moddalarning noqonuniy savdosiga aloqador shaxslar va boshqa toifadagi fuqarolar ham ro‘yxatga olinadi.
Vazirlikning bildirishicha, bu choralar xurofot, folbinlik va sehrgarlikning oldini olishga qaratilgan.
Folbinlarga borganlar ham ro‘yxatga olinadi
Maxsus bazaga kiritilgan shaxslar doimiy kuzatuvda bo‘ladi. Zarurat tug‘ilganda ular haqidagi ma’lumotlar tegishli idoralarga taqdim etilishi mumkin.
Ichki ishlar vazirligi fuqarolarni bunday shaxslardan uzoq yurishga chaqirdi. Aks holda, ular ham maxsus ro‘yxatga tushib qolishi va oilasi oldidagi obro‘siga putur yetishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.
Aslida, Tojikistonda bunday nazorat avval ham boshlangan. 2024-yil avgustida vazirlik folbin va sehrgarlarni ro‘yxatga olish ishlari yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qilgan edi. O‘shanda ularning xizmatidan foydalangan fuqarolar ham militsiyaga chaqirilishi, fotosuratlari va shaxsiy ma’lumotlari maxsus bazaga kiritilishi mumkinligi aytilgan.
2026-yil aprelida esa tabiblik, folbinlik, sehrgarlik va tumor tayyorlash niqobi ostida odamlarni aldash uchun jazoni kuchaytirish taklif qilindi. Bunday holatlar uchun olti oygacha majburiy mehnat jazosi belgilanishi mumkin.
Folbinlik uchun qanday jazo bor?
Tojikistonda folbinlik va sehrgarlik bilan shug‘ullanganlarga hisoblash ko‘rsatkichining 80–100 baravari miqdorida jarima yoki 10–15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin.
Agar huquqbuzarlik bir yil ichida takrorlansa, bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida Dushanbe shahrida folbinlik bilan bog‘liq 93 ta holat aniqlangan. Takroriy huquqbuzarlik sodir etgan besh kishiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Yana 11 nafar fuqaro folbinlar xizmatidan foydalangani uchun jarimaga tortilgan.




