O‘zbekistonda Apple Pay ishga tushadi: iPhone egalari uchun to‘lovlar qanday o‘zgaradi?
O‘zbekistonda Apple Pay to‘lov xizmatini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ushbu xizmat orqali xaridlar uchun iPhone yoki Apple Watch yordamida to‘lov qilish mumkin bo‘ladi.
2 daqiqa o‘qiladi

Hozircha asosiy e’tibor xorijiy sayyohlarga qulaylik yaratishga qaratilgan. Biroq Apple Pay mahalliy aholi uchun ham foydali bo‘lishi mumkin. Xizmat ishga tushgach, nimalar o‘zgarishini ko‘rib chiqamiz.
Apple Pay O‘zbekistonda qachon ishga tushadi?
Turizm qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda Apple Pay xizmatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Bu jarayonda Markaziy bank, tijorat banklari hamda HUMO va Uzcard to‘lov tizimlari texnik ishlarni amalga oshirmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadlaridan biri — xorijiy sayyohlar uchun to‘lovlarni osonlashtirish. O‘z mamlakatida Apple Pay ishlatishga o‘rgangan turistlar O‘zbekistonda ham qo‘shimcha ilova o‘rnatmasdan yoki naqd pul qidirmasdan xarid qilishlari mumkin bo‘ladi.
Biroq xizmatning aniq qachon ishga tushishi hozircha e’lon qilinmagan.
Apple Pay qanday ishlaydi?
Apple Pay — bank kartasini olib yurmasdan, iPhone yoki Apple Watch orqali xaridlar uchun to‘lov qilish imkonini beradigan xizmat.
Undan foydalanish uchun xizmat qo‘llab-quvvatlaydigan bank kartasini iPhone’dagi Wallet («Hamyon») ilovasiga qo‘shish kerak.
Shundan so‘ng to‘lovni tasdiqlab, telefon yoki soatni kontaktsiz to‘lov terminaliga yaqinlashtirish kifoya.
Apple Pay alohida bank hisobini ochmaydi yoki yangi karta chiqarmaydi. Xarid uchun pul Wallet ilovasiga biriktirilgan bank kartasidan yechiladi.
O‘zbekiston aholisi uchun nima o‘zgaradi?
Bugun O‘zbekistonda bank ilovalari, pul o‘tkazmalari, QR-kodlar va kontaktsiz kartalar orqali to‘lov qilish keng tarqalgan. Shu sababli Apple Pay’ning paydo bo‘lishi barcha foydalanuvchilar uchun katta o‘zgarish bo‘lmasligi mumkin.
Ammo iPhone va Apple Watch egalari uchun yana bir qulaylik yaratiladi. Ular plastik kartani cho‘ntagidan chiqarmasdan, telefon yoki aqlli soat orqali to‘lov qilishlari mumkin bo‘ladi.
Xizmatning amalda qanchalik qulay ishlashi esa banklarning uni qo‘llab-quvvatlashi, ishga tushirish shartlari va mahalliy foydalanuvchilar uchun mavjudligiga bog‘liq.
Android foydalanuvchilari-chi?
Apple Pay faqat Apple qurilmalari uchun mo‘ljallangan. Shu sababli Android telefon egalari ushbu xizmatdan bevosita foydalana olmaydi.
Umuman olganda, Apple Pay’ning O‘zbekistonda ishga tushishi, avvalo, xorijiy sayyohlar hamda iPhone va Apple Watch egalari uchun to‘lovlarni qulaylashtirishi mumkin.
Hozircha esa ikkita asosiy savol ochiq qolmoqda: xizmat qachon ishga tushadi va O‘zbekistondagi qaysi banklar uni qo‘llab-quvvatlaydi?


