O‘zbekistonda har 2 gektar sug‘oriladigan yerdan biri sho‘rlangan
O‘zbekistonda ekinlarni sug‘orish uchun olinayotgan suvning qariyb 37 foizi dalalarga yetib bormasdan kanallarda yo‘qolmoqda. Buning ustiga, sug‘oriladigan yerlarning yarmi sho‘rlangan.
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi tadqiqot mamlakat qishloq xo‘jaligida suv va yer bilan bog‘liq muammolar hali ham jiddiy ekanini ko‘rsatdi.
Bu ma’lumotlar Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi o‘tkazgan tadqiqotda keltirilgan. Natijalar 19–20-oktyabr kunlari Iqtisodiyot va moliya vazirligida bo‘lib o‘tgan xalqaro seminarda taqdim etildi.
Sug‘orish uchun olingan suvning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i yo‘qolmoqda
Tadqiqotga ko‘ra, O‘zbekistonda suvdan samarali foydalanish masalasi hanuz dolzarb bo‘lib qolmoqda. Sug‘orishga yo‘naltirilgan suvning 37 foizi kanallardagi yo‘qotishlar sabab ekin maydonlariga yetib bormayapti. Sug‘oriladigan yerlarning 50 foizi esa sho‘rlanishga uchragan.
Shu bilan birga, so‘nggi yillarda ayrim ijobiy o‘zgarishlar ham kuzatilgan. Xususan, 2017–2025-yillarda don ekinlari hosildorligi 48 foizga, paxta hosildorligi esa 71 foizga oshgan. Mamlakatda suv olish hajmi 22 foizga kamaygan. Suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan yerlar maydoni esa 2,6 million gektarga yetgan.
Havoga chiqarilayotgan zararli gazlarning 17,5 foiziga qishloq xo‘jaligi sabab bo‘lmoqda
Mutaxassislar tadqiqot davomida O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi, o‘rmon xo‘jaligi va yerdan foydalanish sohalarida 2070-yilgacha issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish imkoniyatlarini ham o‘rgangan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatdagi jami issiqxona gazlari chiqindilarining 17,5 foizi qishloq xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri keladi.
Agrar sohada ajralib chiqayotgan gazlarning qariyb uchdan ikki qismini metan tashkil etadi. Uning asosiy manbai esa chorvachilik hisoblanadi. Markaz ekspertlari 2070-yilgacha mavjud muammolarni kamaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqqan. Ular orasida suv resurslarini boshqarishni yaxshilash, oziq-ovqat isrofini kamaytirish va qishloq xo‘jaligi yerlaridan unumliroq foydalanish bor.
O‘zbekistonning 44,9 million gektar yeri qanday taqsimlangan?
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy yer maydoni 44,9 million gektarni tashkil etadi. Shundan 26,2 million gektari qishloq xo‘jaligi uchun ajratilgan. Yana 11 million gektar yer o‘rmonlarga, 4,2 million gektar esa tabiatni muhofaza qilish hududlariga tegishli. Bundan tashqari, 1,3 million gektar zaxira yerlar, 1 million gektar suv fondi yerlari hisoblanadi.
Sanoat, transport, aloqa va mudofaa uchun 798,8 ming gektar, aholi punktlari uchun 221,5 ming gektar yer ajratilgan. Tarixiy va madaniy ahamiyatga ega yerlar esa 32,3 ming gektarni tashkil qiladi.
Tadqiqot hosildorlik oshib, suv tejovchi texnologiyalar kengayayotgan bo‘lsa-da, sug‘orishdagi katta yo‘qotishlar va yerlarning sho‘rlanishi qishloq xo‘jaligi oldidagi asosiy muammolardan biri bo‘lib qolayotganini ko‘rsatdi.




