Payshanba, 22-oktabr, 2026
Havo 89 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +21° kechasi +9°

O‘smirlarni telefondan ko‘ra ko‘proq darslar stressga tushiryapti

Olimlar maktabdagi darslar bolalarni telefon yoki televizordan 11 baravar ko‘proq stressga tushirishini aniqlashdi.

2 daqiqa o‘qiladi

Stress

Bunga o‘qishning o‘zi emas, balki imtihonlar, yaxshi baho olish va ota-onaning talablari bilan bog‘liq bosim sabab bo‘lishi mumkin.

Olimlar minglab o‘quvchilarni o‘rgandi

Pekin pedagogika universiteti tadqiqotchilari minglab britaniyalik maktab o‘quvchilarining ma’lumotlarini tahlil qildi. Tadqiqot natijalari Scientific Reports ilmiy jurnalida e’lon qilindi.

Olimlar 14 yoshli bolalarning kundalik odatlarini o‘rganib, uch yil o‘tgach ularning ruhiy holatini baholadi. Buning uchun PASTBI deb nomlangan maxsus ko‘rsatkich ishlab chiqildi. U bolalarning sportga qancha vaqt ajratishi va kun davomida qancha vaqt o‘tirishini solishtirishga yordam bergan.

Dars tayyorlash ekran qarshisida o‘tirishdan ham ko‘proq stressga sabab bo‘ladi

Tadqiqotning eng qiziq natijasi, dars tayyorlash va kitob o‘qish kabi mashg‘ulotlarning ruhiy muammolar bilan bog‘liqligi ekran qarshisida shunchaki o‘tirishga nisbatan 11 baravar kuchliroq bo‘lgan. Biroq bu kitob o‘qish yoki dars qilish zararli degani emas.

Olimlarning fikricha, asosiy muammo o‘qish bilan birga keladigan bosimda bo‘lishi mumkin. Imtihondan qo‘rqish, ota-onaning yuqori talablari, sinfdoshlar bilan raqobat va dam olishga vaqt yetmasligi bolalarni ruhiy jihatdan charchatadi. Shu sababli foydali bo‘lgan o‘qish jarayoni ham ayrim o‘smirlar uchun doimiy stressga aylanishi mumkin.

Sport hamma bolaga bir xil ta’sir qilmaydi

Olimlar jismoniy faollikning ruhiy salomatlikka ta’sirini ham tekshirdi. Vazni me’yorida bo‘lgan o‘smirlar orasida sport bilan ko‘proq shug‘ullanganlarda ruhiy muammolar xavfi pastroq ekani kuzatildi.
Ortiqcha vaznli bolalarda esa yengil mashqlar stressni sezilarli kamaytirmagan. Ularda ruhiy zo‘riqish asosan jadal va kuchli mashqlar paytida pasaygan. Tadqiqotchilar buni ayrim bolalarning boshqalar oldida sport qilishga uyalishi, o‘z tashqi ko‘rinishidan norozi bo‘lishi va atrofdagilarning salbiy munosabatidan xavotirlanishi bilan izohlamoqda. Tadqiqot natijalari bolalarning ruhiy salomatligiga faqat telefon yoki televizor emas, balki maktabdagi bosim va jismoniy faollik ham bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Biroq bu natijalar darslarning o‘zi ruhiy muammolarga bevosita sabab bo‘lishini isbotlamaydi.