Juma, 6-noyabr, 2026
Havo 80 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☁ +19° kechasi +10°

Buxoro kundaligi. Davlat rahbarining Buxoroga tashrifi mobaynida qanday masalalar ko‘rildi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida G‘ijduvon tumanida 1-iyun kuni Buxoro viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

4 daqiqa o‘qiladi

Buxoro kundaligi. Davlat rahbarining Buxoroga tashrifi mobaynida qanday masalalar ko‘rildi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida G‘ijduvon tumanida 1-iyun kuni Buxoro viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda viloyat aholisi daromadlarini oshirish, kichik biznesni rivojlantirish, sanoat zonalari, yer sug‘orish, tarixiy yodgorliklarga e’tibor masalalari ko‘rib chiqildi. 

Viloyat rahbariyati faoliyati sust deb baholandi 

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, so‘nggi yillarda Buxoro viloyatida katta o‘zgarishlar bo‘layotganiga qaramay, viloyat salohiyatini to‘liq ishga solish bo‘yicha viloyatdagi 13 ta tuman va shahar hokimlarining hozirgi faoliyati juda sustligi ta’kidlangan. Ushbu muammo Buxoroda mavjud 4.2 mln gektar yerning atigi 6 foiziga ekin ekilib, qolgan 3.2 mln gektar bo‘sh qolayotgan yerlar yoki 1 mln 200 ming tonna meva-sabzavot yetishtirilsa-da, eksport 15 mln dollardan kam bo‘layotgani misolida ko‘rsatilgan. 

Bitiruvchi yoshlarni ish va daromad bilan ta’minlash — strategik vazifa

Viloyatda bu yil 21.5 ming bitiruvchi mehnat bozoriga kirib keladi. Aholi daromadlarini oshirish va tadbirkorlikka ko‘maklashish masalalarini ko‘rib chiqish mobaynida ushbu bitiruvchilar, ishsiz va kam daromadli aholini ish hamda daromad bilan ta’minlash vazifalari yangi tayinlangan viloyat rahbarlariga yuklatildi. Shu maqsadlarda Buxoroda kichik biznesga bu yil 5.9 trln so‘mga qo‘shimcha yana 2.1 trln so‘m kredit ajratilishi e’lon qilindi. 

Sanoat zonalari — ish bilan ta’minlash uchun eng katta imkoniyat

Xorijiy tajribalar asosida Kogon tumanida 1 ming gektar maydonda yirik sanoat majmuasi barpo etilmoqda. Birinchi bosqichda 300 mln dollarlik loyiha amalga oshirilishi viloyat iqtisodiyotiga 250 mln dollar qo‘shilgan qiymat, 2 ming ish o‘rni, 250 mlrd so‘m soliq tushumi va 100 mln dollarlik eksport demakdir. Yig‘ilishda ushbu majmua tajribasi va jalb qilingan mutaxassislar bilimini boshqa sanoat zonalariga tatbiq qilish kerakligi, sanoat zonalari bo‘yicha imtiyoz va sharoitlari bo‘lgan yangi qonunlar paketini kiritish topshirildi. 

Loyihalarni tezlashtirish ortidan investorlarga ko‘mak

Zargarlik, elektrotexnika, qurilish materiallari, konchilik, yo‘l qurilishi va mehmonxona sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalarni tezlashtirib, investorlarga har tomonlama yordamlashish zarurligi ham qayd etildi. Loyihalarning foydalari haqida gap ketganda, birgina Buxoro tumanida qurilayotgan neft-kimyo klasteri ishga tushishi orqali viloyat sanoatiga 4.5 trln so‘mlik qo‘shilgan qiymat, 600 ta yuqori daromadli ish o‘rni, 130 mln dollarlik eksport, yiliga 300 mlrd so‘m soliq tushumi paydo bo‘lishi misol tariqasida keltirildi. 

Kooperatsiya portali bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi

Viloyat miqyosida 89 ta sanoat korxonasi davlat tashkilotlariga Kooperatsiya portali orqali mahsulot yetkazib berilayotgani juda kam ko‘rsatkich ekanligi aytib o‘tildi. Misol tariqasida portalda Vobkent tumanidan biror korxona qatnashmagani, Olot va Peshku tumanlaridan 1 tadan, Jondor va Buxoro tumanlaridan esa 2 tadan korxona ishtirok etayotgani keltirildi. Shu munosabat bilan mutasaddilarga Kooperatsiya portalida haqiqiy ishlab chiqaruvchilar qatnashadigan tartibni shakllantirish va ularning davlat xarididagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirig‘i berildi. 

5 mln turist Buxoroga kelishi uchun katta hozirlik ko‘rilmoqda

Shunday bo‘lsa-da, viloyatdagi 30 ta tarixiy yodgorlikka e’tibor sustligi uchun ularga sayyohlar qadami yetmayotgani tanqid ostiga olindi. Shu munosabat bilan Imom al-Buxoriy, Abbos Aliyev va Muxtor Ashrafiy obidalariga tutash hududlar, dehqon bozori va ming yillik tarixga ega Buxoro darvozasi, Ismoil Somoniy maqbarasi, istirohat bog‘i va sun’iy ko‘lni jozibador turizm majmuasiga aylantirish muhimligi ta’kidlandi. Chor Minor” va “Isteza” madrasalari, “Samarqand” va “Darvozai Salloxona” darvozalari, “Masjidi Kalon” kabi obyektlarni drenaj tizimini ta’mirlashga 35 milliard so‘m ajratiladi.

Buxoroda xalqaro aeroporti qurilishiga start berildi

Oxirgi 2 yilda xizmatlar eksportining 40 foizi turizm sohasiga to‘g‘ri kelganligi bois viloyat xalqaro aeroportida parvozlar sonini ko‘paytirish talabi bor. Shu bois xususiy sheriklik shartlari asosida Buxoro tumanida yangi xalqaro aeroport qurish ko‘zda tutilgan. 226 million dollarlik ushbu loyiha doirasida jahon standartlariga mos aeroport infratuzilmasi tashkil etiladi. Soatiga 1 ming 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Davlat rahbari xalqaro aeroport, bundan tashqari, gaz-kimyo majmuasi va quyosh elektr stansiyasiga ramziy ma’noda tugmani bosib, qurilishni boshlab berdi.