Shavkat Mirziyoyev Anqara sammitida turkiy davlatlar hamkorligini kengaytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining Anqarada o‘tkazilgan sammitida nutq so‘zlab, tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va madaniy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan takliflarini bildirdi.
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining Anqarada o‘tkazilgan sammitida nutq so‘zlab, tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va madaniy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan takliflarini bildirdi. Davlatimiz rahbari strategik maqsadlar yo‘lida birgalikda harakat qilish, xalqaro maydonda umumiy manfaatlarni ilgari surish va turkiy birdamlikni mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.
TDT mamlakatlari xalqaro maydonda birgalikda harakat qilishi kerak
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotini global taraqqiyotga sezilarli ta’sir ko‘rsatayotgan, o‘zaro ishonch va amaliy sheriklikka asoslangan muhim hamkorlik maydoni sifatida ko‘rishini qayd etdi.
Uning ta’kidlashicha, tashkilotga a’zo mamlakatlar umumiy strategik maqsadlar atrofida yanada birlashishi va o‘z manfaatlarini xalqaro maydonda birgalikda himoya qilishi lozim. TDT davlatlari ushbu yo‘lda hamjihat bo‘lib, turkiy birdamlikni mustahkamlash uchun bor imkoniyat va kuch-g‘ayratini safarbar etishga tayyor.
Prezident tashkilot doirasida xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha muntazam siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazish, mamlakatlarning pozitsiyalari va amaliy harakatlarini o‘zaro muvofiqlashtirish muhimligini ham ta’kidladi.
Shuningdek, uchinchi davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish uchun “Turkiy davlatlar tashkiloti plus” formatini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi. Davlat rahbari bu boradagi ishlarni dastlab tegishli sohalar vazirlari darajasidagi uchrashuvlardan boshlash maqsadga muvofiqligini bildirdi.
Yuzta qo‘shma investitsiya va sanoat loyihasi taklif qilindi
Sammitda iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, texnologik aloqalarni chuqurlashtirish va tashkilotga a’zo mamlakatlarning jahon bozoridagi ishtirokini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shavkat Mirziyoyev sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, ishlab chiqarish imkoniyatlarini birlashtirish va xalqaro bozorlarga birgalikda chiqish zarurligini qayd etdi.
Shu maqsadda “Turkiy dunyo – 100” dasturini qabul qilish taklif etildi. Ushbu dastur doirasida yuzta strategik qo‘shma investitsiya va sanoat loyihasini amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Bunda nodir va strategik minerallarni xomashyo holida eksport qilish bilan cheklanmay, ularni to‘liq qayta ishlash, “yashil” energetika uskunalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda yuqori daromad keltiradigan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga ustuvor ahamiyat berish lozimligi ta’kidlandi.
Prezident, shuningdek, savdo-iqtisodiy munosabatlarda huquqiy hamkorlikni mustahkamlash masalasini ko‘tardi. Xususan, “Tijorat ishlari bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi ko‘p tomonlama shartnomani ishlab chiqish taklif qilindi.
Yagona logistika tarmog‘i va turizm alyansi tashkil etilishi mumkin
Transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish ham sammitda ilgari surilgan muhim yo‘nalishlardan biri bo‘ldi.
Davlat rahbari “Turkiy davlatlar logistika komplekslari tarmog‘i”ni tashkil etish va uning faoliyatini birgalikda boshqarish tashabbusini bildirdi. Ushbu taklif turkiy mamlakatlar o‘rtasidagi transport-logistika aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Turizm sohasida esa “Turkiy turizm alyansi”ni tashkil etish taklif qilindi. Uning asosiy vazifasi turkiy xalqlarning tarixiy shaharlari, noyob tabiati, boy madaniy merosi va mehmondo‘stlik an’analarini xalqaro miqyosda birgalikda targ‘ib qilishdan iborat bo‘ladi.
Fuqarolarning o‘zaro safarlarini yengillashtirish masalasi ham e’tibordan chetda qolmadi. Shavkat Mirziyoyev bu borada ko‘p tomonlama bitim ishlab chiqishni taklif etdi.
Hujjatda ID-kartalar orqali safar qilish imkoniyatlarini kengaytirish, davlatlar chegaralaridan o‘tish hamda mezbon mamlakat hududida bo‘lish tartiblarini soddalashtirish kabi masalalar nazarda tutilishi kerak.
Turkiy davlatlar fuqarolari uchun 200 ta ta’lim granti ajratiladi
Ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish doirasida O‘zbekiston har yili “Yangi O‘zbekiston” stipendiya dasturi orqali turkiy davlatlar vakillariga 200 ta ta’lim grantini ajratishga tayyor ekanini bildirdi.
Bu tashabbus tashkilotga a’zo mamlakatlar yoshlari uchun O‘zbekistonda ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Sammit davomida Prezident 2027-yilni Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida “Tabiatni asrash yili” deb e’lon qilish tashabbusini ilgari surdi.
Shuningdek, O‘zbekiston vakilining tashkilot Bosh kotibi lavozimiga nomzodi qo‘llab-quvvatlangani uchun minnatdorlik bildirildi.
“Bir bo‘lsak, yanada qudratlimiz”
Shavkat Mirziyoyev Anqara sammitining ahamiyatiga to‘xtalar ekan, uchrashuv tashkilotning umumiy maqsadlari, birdamlik tamoyillari va kelgusidagi rejalarini amalga oshirish yo‘lida muhim bosqich bo‘lishiga ishonch bildirdi.
“Anqara sammiti olijanob maqsadimiz, birdamlik g‘oyamiz va ulug‘vor rejalarimizga erishish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi”, — dedi davlat rahbari.
Prezident o‘z nutqining yakunida turkiy davlatlarni umumiy manfaatlar va intilishlar birlashtirib turishini ta’kidlab, hamjihatlikka chaqirdi.
“Barchamizning orzu-istaklarimiz va intilishlarimiz mushtarak. Biz bir bo‘lsak, yanada qudratlimiz. Hamjihat bo‘lsak, yanada yuksak marralarga albatta erishamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.



