Seshanba, 3-noyabr, 2026
Havo 81 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
⛅ +14° kechasi +8°

Xalqaro tashkilot jurnalistlarga bosim o‘tkazishda ayblangan shaxslar ro‘yxatini e’lon qildi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev xalqaro tashkilotning “matbuot erkinligi kushandalari” ro‘yxatiga kiritildi.

3 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro tashkilot jurnalistlarga bosim o‘tkazishda ayblangan shaxslar ro‘yxatini e’lon qildi

Undan AQSh prezidenti Donald Tramp, Rossiya rahbari Vladimir Putin va Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an ham joy oldi. Ro‘yxatni tuzgan “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti bu shaxslarni jurnalistlarga bosim o‘tkazish va mustaqil OAV faoliyatiga to‘sqinlik qilishda ayblamoqda.

To‘qayev nega bu ro‘yxatga tushdi?

2-noyabr kuni “Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) xalqaro tashkiloti 2026-yilgi “Matbuot erkinligi kushandalari” ro‘yxatini e’lon qildi. Unga jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini cheklashda ayblanayotgan 33 nafar shaxs hamda tashkilot kiritilgan.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ro‘yxatning “Huquq” toifasidan joy oldi. Ushbu bo‘limga Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on va hindistonlik tadbirkor Gautam Adaniga tegishli kompaniyalar guruhi ham kiritilgan. RSFga ko‘ra, bu toifadagi shaxslar va tashkilotlar jurnalistlarga qarshi sud ishlarini qo‘zg‘atish, qonunlardan bosim vositasi sifatida foydalanish orqali mustaqil matbuot faoliyatini cheklaydi.

Tashkilot To‘qayev prezidentligi davrida Qozog‘istonda jurnalistlarga nisbatan jinoiy ta’qib, ma’muriy bosim va tahdidlar kuchayganini da’vo qilmoqda. Ayniqsa, yolg‘on axborot tarqatish bilan bog‘liq ayblovlardan jurnalistlarga qarshi foydalanilayotganiga e’tibor qaratilgan. RSFning 2026-yilgi Jahon matbuot erkinligi indeksida Qozog‘iston 180 davlat orasida 149-o‘rinni egallagan.

Tramp, Putin, Mask va yirik kompaniyalar ham ro‘yxatda

Bu yilgi ro‘yxatdan AQSh prezidenti Donald Tramp ham joy oldi. RSF uni jurnalistlarga bosimni kuchaytirish va mustaqil jurnalistikani siyosiy targ‘ibot vositasiga aylantirishga urinishda ayblagan. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh matbuot erkinligi reytingida 64-o‘rinda turibdi. Ro‘yxatning siyosiy toifasiga Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko va “Tolibon” yetakchisi Haybatulloh Oxunzoda ham kiritilgan.

Xavfsizlik bilan bog‘liq toifada esa Isroil qurolli kuchlari, Xitoy Kommunistik partiyasi, Meksikadagi narkokartellar, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon, Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy va Burkina-Fasodagi harbiy hukumat bor.

RSF Isroil hukumatini G‘azo, Iordan daryosining g‘arbiy sohili va Livanda jurnalistlarga bosim o‘tkazishda ayblamoqda. Tashkilot Xitoyni jurnalistlar eng ko‘p qamoqda saqlanadigan davlat deb atagan. Meksikada esa narkokartellar zo‘ravonligi OAV xodimlari hayotiga tahdid solayotgani qayd etilgan.

Ro‘yxatga faqat davlat rahbarlari kiritilmagan. Iqtisodiy bosim toifasidan Google’ning bosh kompaniyasi Alphabet va Meta ham joy oldi. Tashkilot bu kompaniyalarning faoliyati mustaqil OAVning moliyaviy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlamoqda.

“Jamiyat” toifasiga esa milliarder Ilon Mask kiritilgan. RSF uni jurnalistlarga nisbatan ishonchsizlikni kuchaytiruvchi harakatlarda ayblagan.

“Matbuot erkinligi kushandalari” ro‘yxati nimani anglatadi?

RSFning ushbu ro‘yxati odatiy reytingdan farq qiladi. Jahon matbuot erkinligi indeksi mamlakatlardagi jurnalistika sharoitini baholasa, yangi ro‘yxat tashkilot nazarida matbuot erkinligiga zarar yetkazayotgan aniq shaxslar va tuzilmalarni ko‘rsatadi.

Ro‘yxat siyosat, xavfsizlik, huquq, iqtisodiyot va jamiyat bilan bog‘liq beshta toifaga ajratilgan. Tashkilotning ta’kidlashicha, jurnalistlarga bosim faqat qamoq yoki zo‘ravonlik bilan cheklanmaydi. Sud ishlari, tahdidlar, internetdagi yolg‘on targ‘ibot, obro‘sizlantirish va moliyaviy cheklovlar ham mustaqil matbuotga ta’sir o‘tkazish vositasi bo‘lishi mumkin.
RSF ro‘yxat subyektiv baholashga asoslanganini ham tan olgan. Ya’ni unga kiritilish sud tomonidan shaxsning aybdor deb topilganini anglatmaydi.

Tashkilot ushbu ro‘yxat orqali jurnalistlarning erkin ishlashiga kimlar va qanday usullar bilan to‘sqinlik qilayotganiga jamoatchilik e’tiborini qaratishni maqsad qilgan.