$
 11797.46
22.54
 13608.37
20.11
 139.77
0.6
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda ish beruvchi o‘z xodimi uchun qo‘shimcha pensiya to‘lashi mumkin

Murodbek Atadjonov

O‘zbekistonda pensiya tizimini kengaytirish doirasida fuqarolarga davlat pensiyasidan tashqari xususiy va korporativ pensiya jamg‘arish imkonini berish taklif qilinmoqda. Buning uchun 2027-yil oxirigacha tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish va jamoatchilik muhokamasiga kiritish rejalashtirilgan. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori Murodbek Atadjanov ma’lum qildi.

Pensiya tizimiga uchinchi komponent qo‘shilishi mumkin

Amaldagi tizim davlat pensiyasi hamda majburiy jamg‘arib boriladigan pensiya mexanizmlariga asoslangan. Taklif etilayotgan yangi yondashuv esa tizimga uchinchi komponent — xususiy va korporativ pensiya tizimlarini kiritishni nazarda tutadi.

Shu maqsadda 2027-yil oxirigacha xususiy va korporativ pensiya tizimlarini tartibga soluvchi alohida qonun loyihasi ishlab chiqilib, muhokamaga qo‘yiladi.

Ish beruvchi xodimi uchun qo‘shimcha pensiya to‘lashi mumkin

Yangi mexanizm orqali kompaniya, bank va boshqa ish beruvchilarga xodimlari uchun davlat pensiyasidan tashqari qo‘shimcha pensiya badallarini to‘lash imkoniyati yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bunday tizim ish beruvchilarga xodimlarini rag‘batlantirish va ularni uzoq muddat kompaniyada ushlab qolish uchun qo‘shimcha vosita bo‘lishi mumkin.

Hozirda esa ish beruvchining xodimi uchun shu tarzda qo‘shimcha pensiya jamg‘arib borishini tartibga soluvchi tegishli huquqiy asos va alohida tizim mavjud emas.

Korporativ pensiya uchun soliq imtiyozlari berilishi mumkin

Korporativ pensiya tizimini joriy etishda ish beruvchilarni rag‘batlantirish mexanizmlari ham ko‘zda tutilmoqda.

Xususan, korporativ pensiya jamg‘armalariga yo‘naltiriladigan mablag‘lar uchun ish beruvchilarga soliq imtiyozlari berish taklif qilinmoqda. Bu mablag‘larni soliqdan ozod qilish yoki ularga nisbatan pastroq soliq stavkasini qo‘llash kabi mexanizmlarni o‘z ichiga olishi mumkin.

Fuqarolar o‘zlari ham qo‘shimcha pensiya jamg‘aradi

Xususiy pensiya tizimi orqali fuqarolarga o‘z xohishiga ko‘ra kelajagi uchun qo‘shimcha mablag‘ jamg‘arish imkoniyati berilishi rejalashtirilmoqda.

Bunda bank depozitiga o‘xshash moliyaviy instrumentlardan foydalanish nazarda tutiladi. Ya’ni fuqaro davlat pensiyasiga tayanish bilan birga, o‘z xohishiga ko‘ra alohida xususiy pensiya jamg‘armasini ham shakllantirishi mumkin bo‘ladi.

Natijada pensiya tizimi faqat davlat tomonidan to‘lanadigan pensiya bilan cheklanib qolmaydi. Fuqaro kelajakda davlat pensiyasi bilan bir qatorda o‘zi jamg‘argan xususiy pensiya mablag‘lariga va ish beruvchisi tomonidan uning nomiga ajratilgan korporativ pensiya mablag‘lariga ham ega bo‘lishi mumkin.

Теги :
Jamiyat