Yakshanba, 29-noyabr, 2026
Havo 84 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☁ +7° kechasi +4°

Parklarda attraksionlar ustidan nazorat kuchaytiriladi

Yangi tartibga ko‘ra, attraksionlardan foydalanish uchun davriy texnik ko‘rikdan o‘tish majburiy bo‘ladi. Shuningdek, operatorlarning fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash tizimi joriy etiladi.

2 daqiqa o‘qiladi

Attraksion

O‘zbekistonda attraksionlardan foydalanish xavfsizligi ustidan nazorat kuchaytiriladi. Hukumatning 25-noyabrdagi 645-son qarori bilan attraksionlar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan yangi choralar belgilandi.

Attraksionlar xavfsizligini ta’minlashning asosiy yo‘nalishlari

“Attraksionlar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning profilaktikasini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda ushbu sohada xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha bir nechta ustuvor vazifalar nazarda tutilgan.

Jumladan, attraksionlarning xavfsizlik talablariga muvofiqligini baholash tizimi takomillashtiriladi va bu yo‘nalishda vakolatli organ aniq belgilanadi. Shuningdek, attraksionlardan foydalanish oqibatida fuqarolarning hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetgan taqdirda, uni qoplash bo‘yicha huquqiy kafolatlar mustahkamlanadi.

Bundan tashqari, attraksionlardan ishonchli va xavfsiz foydalanish mexanizmlari joriy etiladi. Ularning ishlashi davomida texnik xavfsizlik talablariga rioya qilinishi ustidan nazorat kuchaytiriladi, baxtsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘riladi.

Yana bir muhim yo‘nalish attraksionlar bilan bog‘liq jarayonlarni raqamlashtirishdan iborat. Xususan, ularni import qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish, foydalanish uchun ruxsatnomalar berish, texnik holatini tekshirish hamda xavfsizlik talablariga muvofiqligini monitoring qilish jarayonlari raqamli shaklga o‘tkaziladi.

Operatorlar fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalaydi

Qarorda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplash kafolatlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Shu maqsadda attraksion operatorlarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash tizimini joriy etish taklifi ma’qullangan.

Bundan tashqari, attraksionlarning belgilangan xavfsizlik talablariga javob berishini baholash tizimini yo‘lga qo‘yish uchun “Sanoat xavfsizligi” davlat muassasasi akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

Texnik ko‘rikdan o‘tmagan attraksionlardan foydalanish mumkin emas

Yangi tartibga muvofiq, attraksionlar hukumat qarorida belgilangan muddatlarda davriy texnik ko‘rikdan o‘tkazib boriladi. Bunday tekshiruvdan o‘tish attraksiondan foydalanish uchun ruxsat olishning majburiy talabi va sharti hisoblanadi.

Texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan attraksiondan foydalanish ruxsat berish talablari va shartlarini bir marta qo‘pol ravishda buzish deb baholanadi.

Shuningdek, istirohat bog‘lari va boshqa ko‘ngilochar maskanlar ma’muriyatiga o‘z hududida faqat tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lgan hamda belgilangan tartibda texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan attraksionlardan foydalanishga ruxsat berish majburiyati yuklatiladi.

Hukumat qarori 26-noyabrdan kuchga kirgan.