Chorshanba, 4-noyabr, 2026
Havo 122 sezgirlar uchun zararli Tirbandlik xaritasi
☁ +17° kechasi +9°

Samarqand va Buxoro o‘rtasida yangi pulli avtomobil yo‘li va tezyurar temiryo‘l quriladi

Yangi avtomobil yo‘li ishga tushirilishi bilan ikki shahar orasidagi qatnov vaqti hozirgi 5 soatdan 1,5 soatgacha qisqarishi kutilmoqda. Loyiha doirasida tezyurar poyezdlar uchun ham alohida temiryo‘l liniyasi barpo etiladi.

1 daqiqa o‘qiladi

Pulli yo‘l

Samarqand va Buxoro shaharlarini bog‘laydigan sement-beton qoplamali yangi pulli avtomobil yo‘li quriladi. Shu bilan birga, ushbu yo‘nalishda tezyurar poyezdlar harakatlanishi uchun yangi temiryo‘l liniyasi ham barpo etish rejalashtirilgan.

Bu loyihalar 4-noyabr kuni Buxoro viloyatida prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yangi avtomobil yo‘li foydalanishga topshirilgach, Samarqanddan Buxoroga borish uchun ketadigan vaqtni hozirgi 5 soatdan 1,5 soatgacha qisqartirish imkoniyati yaratiladi. Temiryo‘l loyihasi esa ikki shahar o‘rtasida tezyurar poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.

Mavjud avtomobil yo‘llari ham yangilanadi

Yig‘ilishda Buxoro viloyatidagi mavjud transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham ko‘rib chiqildi.

Jumladan, joriy yil yakunigacha viloyat hududidan o‘tuvchi A-380 avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish ishlari tugatilishi belgilangan.

Kelasi yildan esa M-37 avtomobil yo‘lining Buxoro viloyatidan o‘tuvchi 69 kilometrlik qismini yangilash boshlanadi. Umumiy qiymati 200 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida Buxoro shahri atrofida 4,5 kilometrlik yangi aylanma yo‘l ham quriladi.

Xalqaro hamkorlar bilan muzokaralar boshlanadi

Davlat rahbari mas’ul idoralarga Samarqand–Buxoro yo‘nalishidagi yangi avtomobil va temiryo‘l loyihalarining master-rejalarini to‘liq ishlab chiqish va yakunlashni topshirdi.

Shuningdek, loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha xalqaro hamkorlar bilan muzokaralarni boshlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.