Payshanba, 5-noyabr, 2026
Havo 92 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +13° kechasi +11°

O‘zbekiston sotib olgan Xitoy quroli Rossiya mudofaa sanoati uchun muammoga aylanishi mumkin

O‘zbekiston xarid qilgan Xitoy zenit-raketa majmuasi endi Rossiyaning yillar davomida xalqaro bozorda taklif qilib kelgan “S-300” va “S-400” tizimlariga jiddiy raqobatchi bo‘lishi mumkin. Pekin ushbu qurolning ballistik raketalarni ham urib tushirish imkoniyatini rasman e’lon qildi.

3 daqiqa o‘qiladi

Qurol

Xitoyning Rossiya “S-300” majmuasiga o‘xshash “HQ-9B” zenit-raketa tizimi yangi imkoniyatga ega bo‘lgani ma’lum qilindi. Endilikda ushbu majmua nafaqat havo nishonlariga, balki ballistik raketalarga qarshi ham qo‘llanishi mumkin. Bu esa Rossiya qurollari uchun muhim bozor hisoblangan bir qator mamlakatlarda Xitoy bilan raqobatni kuchaytirishi ehtimoli bor.

“HQ-9B”ning yangi imkoniyatlari namoyish etildi

Xitoy 2000-yillardan buyon “HQ-9B” zenit-raketa majmualaridan foydalanib keladi. Rossiyaning “S-300” tizimiga analog hisoblangan ushbu qurol uzoq vaqtdan beri xorijiy davlatlarga ham eksport qilinmoqda. Endilikda esa uning ballistik raketalarni tutib qolish va yo‘q qilish imkoniyati borligi haqida rasman ma’lumot berildi.

“Janes” nashrining xabar berishicha, Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi Harbiy-havo kuchlarining Markaziy qo‘mondonligi “HQ-9B” majmualari ishtirokida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazgan. Mashqlar davomida turli yo‘nalishlardan bir vaqtning o‘zida yaqinlashayotgan ikkita yuqori tezlikdagi nishonni aniqlash, kuzatish va yo‘q qilish bo‘yicha vazifalar bajarilgan.

Xitoyning asosiy targ‘ibot nashrlaridan biri bo‘lgan “Global Times”ga harbiy ekspert Sun Szunpin bergan izohda ham mazkur tizimning ballistik raketalarni tutib qolish imkoniyati borligi ta’kidlangan. Biroq ekspertning qayd etishicha, buning uchun havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari tezkor harakat qilishi, radar esa nishonni uzluksiz kuzatib borishi kerak.

Rossiya qurollari uchun yangi raqobatchi

“Defense Express” nashri ushbu bayonotning o‘ziga alohida e’tibor qaratgan. Chunki bungacha Xitoyning “S-300» asosida yaratilgan “HQ-9B” majmuasi ballistik raketalarni urib tushirishga qodir ekani haqida ochiq va rasman tasdiqlangan bayonotlar berilmagan edi. Endilikda esa Xitoy tomoni bunday imkoniyat mavjudligini bevosita ilgari surmoqda.

Bu xabar, ayniqsa, Rossiya qurollarini an’anaviy ravishda xarid qilib kelgan davlatlar uchun ahamiyatli. “HQ-9” oilasiga mansub majmualar eksport bozorida “FD-2000” nomi bilan ham taklif etiladi. Hozirga qadar Rossiya qurollarining xaridorlari qatorida bo‘lgan Serbiya, Ozarbayjon va O‘zbekiston ham Xitoyning ushbu tizimlarini sotib olgan.

Shu sababli Xitoy majmualarining imkoniyatlari kengayishi Rossiyaning “S-300” va “S-400” tizimlariga bo‘lgan talabga ta’sir qilishi mumkin. Ayniqsa, xaridor davlatlar bir-biriga yaqin vazifalarni bajaradigan, ammo turli mamlakatlarda ishlab chiqarilgan havo hujumidan mudofaa tizimlari orasidan tanlov qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Xitoyning o‘zi ham Rossiya tizimlaridan foydalanadi

Biroq Xitoyning yangi imkoniyatlari Rossiya qurollari bozordan siqib chiqarilishini anglatmaydi. Bunda Pekinning o‘zi ham Rossiyada ishlab chiqarilgan zenit-raketa majmualaridan foydalanishda davom etayotganini hisobga olish kerak.

Xitoy armiyasi tasarrufida milliy ishlab chiqarishdagi 196 ta “HQ-9”, 96 ta “HQ-9B” hamda uzoq masofaga mo‘ljallangan 130 ta “HQ-22” uchirish qurilmasi mavjud.

Bundan tashqari, mamlakat Rossiyadan xarid qilgan havo hujumidan mudofaa vositalarini ham saqlab qolgan. Ular orasida 32 ta “S-300PMU”, 64 ta “S-300PMU1”, 120 ta “S-300PMU2” va 32 ta “S-400” uchirish qurilmalari bor.

Bu raqamlar Xitoyning o‘z havo hujumidan mudofaa tizimlarini rivojlantirayotganiga qaramay, Rossiya qurollaridan ham foydalanishda davom etayotganini ko‘rsatadi.

Qurol savdosida siyosiy omil ham muhim

Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, “HQ-9” va “S-400” kabi majmualarning xalqaro bozordagi raqobati faqat ularning texnik imkoniyatlari bilan belgilanmasligi ko‘rinadi. Xaridor davlatlarning siyosiy aloqalari, ishlab chiqaruvchi mamlakatlar bilan hamkorligi va ularning ta’sir doirasi ham qurol tanlashda muhim o‘rin tutadi.

Shu bois Xitoyning “HQ-9B” tizimini ballistik raketalarga qarshi qo‘llash imkoniyati bilan bog‘liq bayonoti Rossiya uchun raqobatni kuchaytirishi mumkin. Biroq Xitoyning o‘zi ham Rossiya ishlab chiqargan “S-300” va “S-400” majmualaridan foydalanayotgani qurol-yarog‘ bozoridagi munosabatlar faqat texnik ustunlik asosida shakllanmasligini ko‘rsatadi.