Chorshanba, 28-oktabr, 2026
Havo 126 sezgirlar uchun zararli Tirbandlik xaritasi
⛅ +19° kechasi +10°
Читать на русском

Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni qaytarmoqchi

Mamlakat rasmiylari o‘zbekistonliklarga 15 kungacha vizasiz kirish imkoniyatini berish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Mazkur masala 9-noyabr kuni muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

2 daqiqa o‘qiladi

Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni qaytarmoqchi
Tailand o‘zbekistonlik sayyohlar uchun yana-da yaqinroq va qulayroq mamlakatga aylanishi mumkin. Mamlakat Turizm va sport vazirligi O‘zbekiston, Kolumbiya va Meksika fuqarolari uchun 15 kunlik vizasiz rejim joriy etish tashabbusini tayyorladi.

Qaror noyabr oyida qabul qilinishi mumkin


The Nation Thailand nashrining xabar berishicha, mazkur tashabbus 9-noyabr kuni Viza siyosati qo‘mitasining yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi. Uchrashuv qatnashchilari yangi tartibning mamlakat xavfsizligi va iqtisodiyotiga qanday ta'sir ko‘rsatishi mumkinligini baholaydilar.

Tailand turizm va sport vaziri Surasak Pancharoenvorakulning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar xavfsizlik nuqtai nazaridan xavfi past bo‘lgan mamlakatlar fuqarolari uchun vizasiz kirish imkoniyatlarini kengaytirish niyatida.

Nima uchun Tailandga borish qiyinlashgandi?


Avvalroq O‘zbekiston fuqarolari Tailandga elektron viza rasmiylashtirishda qiyinchiliklarga duch kelgandi. Jarayon mamlakatning Rossiyadagi elchixonasiga murojaat qilishni talab etgani bois, ortiqcha bürokratik to‘siqlarni yuzaga keltirgan edi.

Natijada mahalliy turizm kompaniyalari Tailandga turlar sotishdan voz kechib, mijozlarga Vyetnam kabi muqobil yo‘nalishlarni taklif qila boshlagan edi.

Vizasiz rejim avval ham bekor qilingan edi


Eslatib o‘tamiz, bungacha Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz kirish tartibini bekor qilgandi. 15-sentabrdan boshlab o‘zbekistonliklar mamlakatga safar qilishdan oldin viza rasmiylashtirishga majbur bo‘lishgandi.

Hozircha gap faqat taklif haqida bormoqda. Agar tashabbus ma'qullansa, O‘zbekiston fuqarolari Tailandga 15 kungacha bo‘lgan muddatga vizasiz borishlari mumkin bo‘ladi.