Google Pay’ning O‘zbekistonga kirishi oddiy texnologik yangilik emas — AQSh elchisi
Sentyabr oyida Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Google vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgan edi.
3 daqiqa o‘qiladi
Google O‘zbekistonda Google Wallet va uning tarkibidagi Google Pay xizmatlari ishga tushirilganini rasman e’lon qildi. Endi foydalanuvchilar bank kartalarini Android smartfonlari yoki Wear OS aqlli soatlariga ulab, do‘konlarda, ilovalarda va internet orqali to‘lov qilishlari mumkin.
Biroq Amerika kompaniyasining O‘zbekiston bozoriga kirishi faqat to‘lovlarni qulaylashtirish bilan cheklanmaydi. AQSh diplomatik vakolatxonasi bu voqeaga ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar nuqtayi nazaridan ham baho berdi.
“Google Wallet va Google Pay xizmatlarining O‘zbekiston moliya bozoriga kirib kelishi O‘zbekiston va AQSh iqtisodiyotlari o‘rtasidagi yaqinlashuv tobora mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi. O‘zbekiston jahon iqtisodiyoti bilan aloqalarini modernizatsiya qilishda katta yutuqlarga erishdi. Bu esa har ikki mamlakat biznesi uchun yangi o‘sish imkoniyatlarini yaratmoqda”, — dedi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik.
Saida Mirziyoyevaning Google bilan muzokaralaridan keyin
Google Pay’ning ishga tushishi O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida texnologik hamkorlik faol muhokama qilinayotgan davrga to‘g‘ri keldi.
Sentyabr oyida Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Google vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. Uchrashuv ikki tomonlama texnologik hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muloqotlarning bir qismi bo‘lgan.
Keyinchalik Samarqandda AQSh Davlat kotibi Marko Rubio boshchiligida C5+1 formatidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 100 dan ortiq Amerika kompaniyasi vakillari qatnashdi.
Aynan shu uchrashuvlar doirasida Google O‘zbekistonda Google Wallet va Google Pay xizmatlarini ishga tushirishini e’lon qildi.
Google Pay va Wallet’ning Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika mintaqalaridagi hamkorliklar bo‘yicha rahbari Dmitriy Stiran yangi xizmatlar O‘zbekistonda raqamli to‘lovlarni rivojlantirishini ta’kidladi.
“Google Wallet va Google Pay xizmatlarining ishga tushirilishi qulay va xavfsiz raqamli to‘lovlarni ta’minlash orqali O‘zbekistonning raqamli transformatsiyasini jadallashtirishga yordam beradi”, — dedi u.
Google Wallet nafaqat to‘lov qilish, balki sodiqlik kartalari, chiptalar va samolyotga chiqish talonlarini bitta ilovada saqlash imkonini ham beradi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, xizmat foydalanuvchilarning moliyaviy ma’lumotlarini himoyalash uchun ko‘p bosqichli xavfsizlik tizimi va xalqaro shifrlash standartlaridan foydalanadi.
Google Pay qaysi banklarda ishlaydi?
Hozircha xizmat O‘zbekistondagi sakkizta bank mijozlari uchun mavjud:
- Aloqabank;
- Ipak Yo‘li banki;
- Kapitalbank;
- O‘zbekiston Milliy banki;
- Octobank;
- Orient Finans Bank;
- TBC Bank Uzbekistan;
- Uzum Bank.
Foydalanuvchilar o‘z kartasi qo‘llab-quvvatlanishini bank orqali tekshirishi mumkin. Google kelgusida hamkor moliya tashkilotlari soni oshirilishini ma’lum qilgan.
Nega aynan hozir?
Bunga qadar xalqaro texnologik kompaniyalarning O‘zbekiston bozorida ishlashiga shaxsga doir ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash bilan bog‘liq qonunchilik talablari ta’sir ko‘rsatib kelgan.
2026-yil mart oyida shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritildi. Ular ayrim toifadagi ma’lumotlarni xorijda qayta ishlash imkoniyatlarini kengaytirib, xalqaro to‘lov xizmatlarining mamlakatga kirishi uchun huquqiy sharoit yaratdi.
Google ham o‘z bayonotida xizmatlarning ishga tushishini ushbu qonunchilik islohotlari bilan bog‘ladi.
O‘zbekiston 2030-yilga borib naqd pulsiz to‘lovlar ulushini 75 foizga yetkazishni rejalashtirgan. Google Pay kabi xizmatlarning paydo bo‘lishi bu maqsadga erishish vositalaridan biri bo‘lishi mumkin.




