O‘zbekistonliklar prokuraturaga eng ko‘p qaysi masalada murojaat qiladi?
Hisobot davrida prokuratura organlariga jami 299 649 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 178 493 tasi, ya’ni 59,5 foizi bevosita prokuratura organlarining o‘zida hal etilgan.
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar–sentyabr oylarida prokuratura organlari 55 898 nafar fuqaroning buzilgan huquqlarini tikladi. Bu haqda Bosh prokuratura Murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Murodiljon Mo‘minov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Prokuraturaga qariyb 300 mingta murojaat kelib tushgan
Hisobot davrida prokuratura organlariga jami 299 649 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 178 493 tasi, ya’ni 59,5 foizi bevosita prokuratura organlarining o‘zida hal etilgan.
Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 50 087 tasi qanoatlantirilgan, 126 058 tasi bo‘yicha esa fuqarolarga huquqiy tushuntirish berilgan.
Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan murojaatlar ham prokuratura organlari tomonidan ko‘rib chiqilgan. Ushbu kanallar orqali yuborilgan jami 142 884 ta murojaatning 119 690 tasi prokuratura organlarida ko‘rib chiqilgan. Shundan 30 326 tasi qanoatlantirilgan, 84 652 tasi yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan.
Eng ko‘p shikoyatlar tergov-surishtiruv ishlari bo‘yicha tushgan
Murojaatlar mazmuni tahlil qilinganda, eng katta ulush Ichki ishlar vazirligi tizimidagi tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tergov jarayonlariga to‘g‘ri kelgan. Bu masalalar yuzasidan to‘qqiz oyda 45 313 ta murojaat kelib tushgan.
Ijtimoiy va iqtisodiy masalalar ham murojaatlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan. Moddiy yordam, nafaqa, bola puli, tibbiy xizmat hamda bank-kredit munosabatlari bilan bog‘liq jami 39 042 ta murojaat qayd etilgan.
Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish, aliment undirish, shuningdek, Majburiy ijro byurosi xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan 21 257 ta murojaat kelib tushgan.
Hisobot davrida 3 636 ta takroriy murojaat ham qayd etilgan. Ularning 651 tasi sud hujjatlarini ijro etish va aliment undirish, 549 tasi tergov va surishtiruv, 474 tasi esa ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bilan bog‘liq bo‘lgan.
Qonunbuzilishlari yuzasidan 1 508 ta prokuror nazorati hujjati qo‘llangan
Prokuratura organlari vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimiyat organlarida o‘rganishlar o‘tkazib, aniqlangan qonunbuzilishlari yuzasidan jami 1 508 ta prokuror nazorati hujjatini qo‘llagan.
Jumladan, qonunbuzilishlarini bartaraf etish bo‘yicha 116 ta taqdimnoma kiritilgan, noqonuniy hujjatlarni bekor qilish uchun 434 ta protest bildirilgan.
Aniqlangan holatlar bo‘yicha 321 nafar shaxs intizomiy, ma’muriy va moddiy javobgarlikka tortilgan. Bundan tashqari, 222 nafar mansabdor shaxs rasman ogohlantirilgan.
Prokuratura organlari tomonidan yetkazilgan zararni undirish masalasida ham choralar ko‘rilgan. Sudlarga jami 25,6 milliard so‘m zararni undirish bo‘yicha 177 ta da’vo arizasi kiritilgan. Natijada zararning 7,9 milliard so‘mi ixtiyoriy ravishda undirilgan.
220 mingdan ortiq fuqaro va yuridik shaxslar vakillari qabul qilingan
2026-yilning yanvar–sentyabr oylarida prokuratura organlari xodimlari jami 220 240 nafar fuqaro va yuridik shaxslar vakillarini qabul qilgan. Ularning 60 371 nafari sayyor va ommaviy qabullarda ishtirok etgan.
Iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli nisbatan og‘ir bo‘lgan 5 038 ta mahallada sayyor qabullar tashkil etilgan. Ushbu qabullarda 28 156 nafar fuqaro va yuridik shaxslar vakillari murojaatlari tinglangan.
Qabullar davomida kelib tushgan murojaatlarning 13 548 tasi, ya’ni 48,1 foizi joyida ijobiy hal etilgan.



