Jonli ijromi yoki fonogramma? Rayhon va Izzat Shukurovning konsert reklamalarida qonun buzilishi aniqlandi
Konsertga chipta olayotgan tomoshabin xonanda sahnada jonli kuylaydimi yoki fonogrammadan foydalanadimi, oldindan bilishi kerak. Ammo O‘zbekistonda ayrim mashhur san’atkorlarning konsert reklamalarida bu ma’lumot umuman ko‘rsatilmagan.
2 daqiqa o‘qiladi

Raqobat qo‘mitasi 27 ta shunday reklamani aniqlab, reklama beruvchilarga ogohlantirish yubordi.
Qaysi san’atkorlarning reklamalarida qonunbuzarlik aniqlangan?
Raqobat qo‘mitasi Instagram va tashqi reklamalardagi konsert e’lonlarini tekshirgan. Natijada Rayhon Gʻaniyeva, Izzat Shukurov, “Ummon” guruhi, G‘aybulla Tursunov, Lolita, Ani Lorak, Mayot va Nikolay Fomenko konsertlarining Instagram reklamalarida jonli ijro yoki fonogramma haqida ma’lumot berilmagani aniqlangan.
Shuningdek, Toxi$, “Mashina vremeni” va Otar Kushanashvili ishtirokidagi dasturlarning tashqi reklamalarida ham shunday kamchiliklar qayd etilgan.
Konsert reklamalarida nimalar yozilishi kerak?
2025-yil 8-apreldagi hukumat qaroriga ko‘ra, konsert reklamalarida “Jonli ijro”, “Fonogrammadan foydalangan holda jonli ovoz” yoki “Fonogrammali konsert dasturi” degan ma’lumot bo‘lishi kerak.
Agar fonogramma ishlatilsa, uning qay darajada qo‘llanishi ham ko‘rsatilishi shart. Tashqi reklamada bu yozuv reklama maydonining kamida 10 foizini egallashi kerak. Bundan tashqari, konsert boshlanishidan oldin tomoshabinlarga ijro shakli haqida ovozli xabar berilishi lozim. Bu talablar “Reklama to‘g‘risida”gi va “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarda ham belgilangan.
Qoidani buzganlarga qanday chora ko‘riladi?
Raqobat qo‘mitasi aniqlangan kamchiliklar yuzasidan reklama beruvchilarga ogohlantirish yuborgan. Ulardan reklamalarni qonun talablariga moslashtirish so‘ralgan. Qo‘mita bunday holatlar yana aniqlansa, qonunchilikda belgilangan choralar ko‘rilishini bildirgan.
Avvalroq O‘zbekistonda reklama joylayotgan 110 nafar bloger nazoratga olinib, ulardan 12 nafari javobgarlikka tortilgani xabar qilingandi. Qo‘mita mashhur xonandalar, aktyorlar va sportchilarning ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalarini ham muntazam kuzatib borayotganini ma’lum qilgan.



