O‘zbekistonda “ma’lumotlar xavfsizligi” nimani anglatadi?
Shaxsiy ma’lumotlaringiz qayerda saqlanadi, ulardan kim foydalanadi va ular begona qo‘llarga tushsa, buning uchun kim javob beradi? O‘zbekistonda ma’lumotlar sizib chiqishi bilan bog‘liq voqealar bu savollarga aniq javob berish qanchalik muhimligini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
5 daqiqa o‘qiladi

Shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi bugungi kunda har bir internet foydalanuvchisi uchun muhim masala. Siz har kuni telefondan foydalanganingizda, ijtimoiy tarmoqlarga kirganingizda yoki bank kartasi orqali to‘lov qilganingizda shaxsiy ma’lumotlaringizni ulashish bilan bog‘liq jarayonlarda ishtirok etasiz.
Bu ma’lumotlar bir qarashda xavfsizdek tuyulishi mumkin. Ammo ularni o‘zaro bog‘lash orqali firibgarlar ancha ishonarli aldov usullarini ishlab chiqishi mumkin. Masalan, firibgar ish joyingizni bilib, o‘zini hamkasbingiz yoki bank xodimi sifatida tanishtiradi. Keyin sizdan SMS orqali kelgan tasdiqlash kodini so‘raydi. Shu tariqa oddiy ma’lumotlar firibgarlik vositasiga aylanadi.
Eng ko‘p uchraydigan xavflar quyidagilardan iborat:
Boshqa shaxs sizning ma’lumotlaringizdan foydalanib, o‘zini sizdek ko‘rsatishi va firibgarlik sodir etishi mumkin.
Firibgarlar sizni aldab, pulingizni yoki bank hisobingizga kirish imkonini qo‘lga kiritishga urinishi mumkin.
Shaxsiy yozishmalar, suratlar yoki boshqa maxfiy ma’lumotlar orqali sizga tahdid qilishlari yoki shantaj qilishlari mumkin.
Siz haqingizdagi ma’lumotlardan foydalanib, ishonchingizga kirishga harakat qilishlari mumkin.
Shaxsiy ma’lumotlaringiz roziligingizsiz tarqatilishi mumkin.
Shu o‘rinda bir jihatni unutmaslik kerak: ma’lumotlar faqat xakerlik hujumlari oqibatida sizib chiqmaydi. Kompaniya ma’lumotlar bazasining buzilishi, xodimning ma’lumotlarni begona shaxsga yuborishi, soxta havolalar orqali akkauntning egallab olinishi yoki maxfiy fayllarning ochiq internetga joylashtirilishi ham xavf tug‘diradi.
15 millionmi yoki 60 ming?
2026-yil fevral oyining boshida ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonning 15 million fuqarosiga tegishli shaxsiy ma’lumotlar sizib chiqqani haqida xabarlar tarqaldi. Xabarlarda turli davlat tizimlariga aloqador ma’lumotlar tilga olindi.
12-fevral kuni raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov vaziyatga izoh berdi. Uning ma’lum qilishicha, 27–30-yanvar kunlari uchta davlat idorasining axborot tizimlariga kiberhujumlar uyushtirilgan. Dastlabki tekshiruv natijalariga ko‘ra, ma’lumotlar sizib chiqqani haqidagi 15 millionlik da’vo tasdiqlanmagan. Hodisa esa taxminan 60 mingta ma’lumot yozuvi bilan bog‘liq bo‘lgan.
SafeRoad keysi
2026-yil 29-oktyabrda ijtimoiy tarmoqlarda SafeRoad xizmatiga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan foydalanuvchi ma’lumotlari haqida xabarlar tarqaldi. SAFE Service kompaniyasi rasmiy munosabat bildirib, tarqatilayotgan ma’lumotlar kompaniyaga aloqador emasligini va SafeRoad ishga tushirilishidan ancha oldin turli manbalardan yig‘ilganini ma’lum qildi.
Bu yerda muhim farq bor: ma’lumotlarning internetda paydo bo‘lishi ularning aynan SafeRoad tizimidan olinganini o‘z-o‘zidan isbotlamaydi. Shu bilan birga, kompaniyaning bayonoti ham mustaqil texnik tekshiruvsiz barcha savollarga yakuniy javob bo‘la olmaydi.
Bu kabi holatlar O‘zbekistonda kiberxavfsizlik va ma’lumotlar daxlsizligi masalalari qanchalik dolzarb ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Xalqaro amaliyotda yirik ma’lumotlar sizib chiqishi sodir bo‘lganda, kompaniya yoki davlat organi bu haqda rasman ma’lumot beradi, foydalanuvchilarni xabardor qiladi va ko‘riladigan choralarni e’lon qiladi.
O‘zbekistonda esa mas’ul idoralar bunday voqealardan keyin ko‘pincha sukut saqlashni, hodisa yuz berganini inkor etishni yoki muammoni bosti-bosti qilishni afzal ko‘radi. Bu holat jamoatchilikning davlat raqamli platformalari va kiberxavfsizlik tizimiga bo‘lgan ishonchini keskin pasaytirishi mumkin.
Bunday vaziyatlarda davlat kiber-audit infratuzilmasini takomillashtirish, katta miqdordagi moliyaviy jarimalarni joriy etish va mutaxassislar malakasini oshirish kabi masalalarga e’tibor qaratishi zarur.
Dunyo tajribasi: ma’lumotlar sizib chiqqanda qanday choralar ko‘riladi?
Turli davlatlar bu muammoga har xil yondashadi. Ayrimlari jabrlangan fuqarolarga bepul himoya xizmatlarini taqdim etsa, boshqalari ularga shaxsiy ma’lumotlaridan kim va qanday foydalanganini tekshirish imkonini beradi. Bu tajribalar O‘zbekiston uchun ham amaliy namuna bo‘lishi mumkin.
Masalan, Estoniyada Data Tracker xizmati orqali fuqarolar davlat axborot tizimlarida o‘z ma’lumotlari bilan bog‘liq amallarni kuzatishi mumkin. Tegishli tizimlar ulangan bo‘lsa, ma’lumotlarga kim va qachon murojaat qilganini tekshirish imkoniyati ham mavjud.
Rasmiy manbalarda ta’kidlanishicha, xizmatning maqsadi fuqarolarga shunchaki «ma’lumotlaringiz himoyalangan» deb aytish emas, balki ularga shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanish holatlarini tekshirish imkonini berishdir. Bu shaffoflikni ta’minlash va ishonchni oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Estoniya yana bir muhim tamoyilga amal qiladi: barcha fuqarolarning ma’lumotlarini yagona ulkan bazada jamlamaslik. Ma’lumotlarni turli tizimlarda saqlash ayrim kiberhujumlarning ko‘lamini cheklashi mumkin.
2022-yilda Avstraliyaning yirik tibbiy sug‘urta kompaniyasi Medibank kiberhujumga uchradi. Natijada qariyb 9,7 million mijozning shaxsiy va tibbiy ma’lumotlari o‘g‘irlandi. Kompaniya va hukumat jabrlanganlar bilan bog‘lanib, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Ayrim mijozlarga shaxsiy ma’lumotlaridan noqonuniy foydalanish holatlarini kuzatish xizmatlari bepul taqdim etildi. Shuningdek, ayrim mijozlarning hujjatlarni qayta rasmiylashtirish xarajatlari qoplandi va ularga ruhiy qo‘llab-quvvatlash xizmatlari taklif qilindi.
2017-yilda esa AQShning Equifax kredit byurosida yirik ma’lumotlar sizib chiqishi hodisasi yuz berdi. Taxminan 147 million kishining shaxsiy ma’lumotlari xavf ostida qoldi. Buyuk Britaniya va Kanada fuqarolari ham ushbu hodisadan zarar ko‘rdi.
Voqea AQShda iste’molchilarni himoya qilish, kredit ma’lumotlarini kuzatish va shaxsiy ma’lumotlardan noqonuniy foydalanishning oldini olish masalalariga katta e’tibor qaratilishiga sabab bo‘ldi. Kongress tinglovlari o‘tkazildi, qonunchilikka kiritilishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar muhokama qilindi va kreditni muzlatish xizmati bepul qilindi.
AQSh Federal savdo komissiyasi Equifax bilan 2019-yilda taxminan 700 million dollarlik kelishuvga erishdi. Kelishuv doirasida jabrlanganlarga 10 yilgacha bepul kredit monitoringi va shaxsni tasdiqlovchi ma’lumotlardan noqonuniy foydalanishning oldini olishga qaratilgan xizmatlar taklif etildi.
O‘zbekiston ham ushbu tajribalardan foydalanishi mumkin. Buning uchun katta va murakkab tizim yaratishdan oldin bir nechta oddiy savolga javob topish kerak: fuqaro o‘z ma’lumotlari qayerda saqlanayotganini biladimi? Ulardan kim foydalanayotganini tekshira oladimi? Ma’lumotlari tarqalgan taqdirda, unga kim yordam beradi va shaxsiy daxlsizlik huquqi qanday himoya qilinadi?
Raqamli taraqqiyotning muvaffaqiyati faqat xizmatlarning tezligi bilan o‘lchanmaydi. Fuqarolarning o‘z ma’lumotlari xavfsizligiga qanchalik ishonishi ham muhim. Chunki ma’lumotlar sizib chiqqanda yo‘qolishi mumkin bo‘lgan narsa faqat maxfiylik emas. Bu — ishonch.



