Toshkent havosi yana 10 kun iflos bo‘lishi mumkin
Toshkentda havo sifati yaqin kunlarda ham yaxshilanmasligi mumkin. Poytaxt osmonini qoplagan chang va zararli zarrachalar shamol yo‘qligi sabab tarqalmayapti.
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zgidromet” ma’lumotiga ko‘ra, bunga atmosfera inversiyasi ham ta’sir qilmoqda. Ushbu holat yana 10 kungacha davom etishi mumkin.
Nega Toshkent havosi tozalanmayapti?
“O‘zgidromet”ning tushuntirishicha, hozir poytaxtda atmosfera inversiyasi kuzatilmoqda. Bu hodisa paytida yerga yaqin sovuq havo yuqoridagi iliq havo qatlami ostida qoladi. Natijada chang va zararli moddalar yuqoriga ko‘tarilib, tarqala olmaydi.
Vaziyatni shamol va yomg‘irning yo‘qligi ham og‘irlashtirmoqda. Odatda shamol ifloslangan havoni tarqatadi, yomg‘ir esa changni yuvib tushiradi.
Kuzatuvlarga ko‘ra, kunduzi havo isiganda va shamol esganda ifloslanish biroz kamayadi. Ammo tongda va kechqurun chang yana to‘planib, havo sifati yomonlashadi. Mutaxassislar atmosfera inversiyasi Toshkentda yana 10 kun davom etishi mumkinligini bildirmoqda.
Poytaxtda yog‘ingarchilik qariyb 6 baravar kamaygan
Toshkent havosining ifloslanishiga shaharning geografik joylashuvi ham ta’sir qilmoqda.
Poytaxt tog‘oldi hududda, vodiyga tutash joyda joylashgan. Bu yerda shimoli-sharq va janubi-g‘arbdan esadigan shamollar havoning almashinuvida muhim rol o‘ynaydi.
Shamol kuchsiz bo‘lganda avtomobillar, qurilishlar, issiqxonalar va sanoat korxonalaridan chiqayotgan zararli moddalar havoda uzoqroq saqlanib qoladi.
Bundan tashqari, Toshkentda yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yordan qariyb olti baravar kam bo‘lgan. Yomg‘ir yetishmasligi sabab chang zarrachalari tabiiy ravishda yuvilib ketmayapti.
Ekologlar avvalroq ham oktyabr oyida Markaziy Osiyoda kuzatilgan shamolsiz ob-havo va harorat inversiyasi havo ifloslanishini kuchaytirganini bildirgan edi.
Havoni tozalash uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?
Poytaxtda havo sifatini yaxshilash maqsadida bir qator ishlar olib borilmoqda.
Xususan, avtomobil yo‘llariga suv sepish, issiqxonalarga filtrlar o‘rnatish, ko‘kalamzorlashtirish va qurilish maydonlaridan chang ko‘tarilishini kamaytirish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, havoni ifloslantirayotgan issiqxonalar va sanoat korxonalarida tekshiruvlar o‘tkazilmoqda.
Biroq havoning tezroq tozalanishi ob-havoga ham bog‘liq. Shamol kuchayishi va yomg‘ir yog‘ishi chang hamda zararli moddalarning kamayishiga yordam beradi.
“O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, atmosfera inversiyasi yana 10 kungacha saqlanib qolishi mumkin. Shu vaqt davomida, ayniqsa, tong va kechki paytlarda havo ifloslanishi yuqori bo‘lishi ehtimoli bor.



