O‘zbekistonda ish joyida shahvoniy shilqimlikka qarshi talablar qonun bilan belgilandi
Ish beruvchilar xodimlar uchun shahvoniy shilqimlikdan xoli mehnat muhitini yaratishi shart bo‘ladi.
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda mehnat faoliyati va mashg‘ulotlar davomida shahvoniy shilqimlikning oldini olish bo‘yicha yangi talablar joriy etildi. 13-noyabr kuni qabul qilingan O‘RQ–1189-sonli qonun bilan ish beruvchilarga jamoada bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarur choralarni ko‘rish majburiyati yuklandi.
Shahvoniy shilqimlik tushunchasiga aniqlik kiritildi
Qonun asosida Mehnat kodeksiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida shahvoniy shilqimlikka yo‘l qo‘yilmasligi qonun darajasida mustahkamlandi.
Yangi normalarda shahvoniy shilqimlik shaxsning roziligisiz amalga oshiriladigan, uning uchun nomaqbul bo‘lgan hamda sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan shahvoniy xususiyatdagi harakatlar sifatida belgilangan.
Bunday xatti-harakatlar qatoriga insonning tashqi ko‘rinishi yoki qaddi-qomatiga nisbatan nomaqbul fikr bildirish, shahvoniy mazmundagi imo-ishoralar qilish, teginish va shu mazmundagi chaqiriqlar kiradi.
Ish beruvchilarga yangi majburiyat yuklandi
Qonunga muvofiq, ish beruvchilar mehnat jamoasida shahvoniy shilqimlik holatlarining oldini olish va bunday xatti-harakatlardan xoli muhitni ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi kerak.
Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.



