O‘zbekiston turizmni rivojlantirish bo‘yicha 76-o‘rinni egalladi
Indeks sayyohlar oqimini emas, balki mamlakatning turizm salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun mavjud imkoniyatlarni o‘lchashga qaratilgan.
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon iqtisodiy forumi tomonidan tuzilgan Sayohat va turizmni rivojlantirish indeksining 2026-yilgi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 110 ta mamlakat orasida 76-pog‘onadan joy oldi.
Reyting qanday mezonlar asosida tuzilgan?
Jahon iqtisodiy forumining Sayohat va turizmni rivojlantirish indeksi davlatlarda turizm sohasini rivojlantirish uchun qanday sharoitlar yaratilganini baholaydi. Indeks sayyohlar oqimini emas, balki mamlakatning turizm salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun mavjud imkoniyatlarni o‘lchashga qaratilgan.
Baholash tizimi 17 ta yo‘nalishni qamrab oluvchi 102 ta ko‘rsatkichdan iborat. Ular beshta asosiy guruhga ajratilgan. Bular qulay muhit, davlat siyosati va yaratilgan sharoitlar, infratuzilma va xizmatlar, turizm resurslari hamda barqarorlik yo‘nalishlaridir.
Reytingni shakllantirishda mamlakatdagi xavfsizlik darajasi, sog‘liqni saqlash tizimi, viza tartiblari va transport infratuzilmasi o‘rganiladi. Shuningdek, mehmonxona va restoranlar faoliyati, tabiiy hamda madaniy resurslar, turizmning atrof-muhitga ko‘rsatadigan ta’siri ham hisobga olinadi. Har bir ko‘rsatkich 1 balldan 7 ballgacha bo‘lgan tizimda baholanadi.
Shu sababli indeksda yuqori o‘rin egallash mamlakatga ko‘p sayyoh kelishini anglatmaydi. Unda asosiy e’tibor xorijiy va mahalliy sayohatchilar uchun zarur sharoitlarning qay darajada shakllantirilganiga qaratiladi.
Yaponiya reyting yetakchisiga aylandi
2026-yilgi natijalarga ko‘ra, Yaponiya 5,27 ball bilan 110 ta davlat orasida birinchi o‘rinni egalladi. AQSH 5,23 ball bilan ikkinchi, Ispaniya esa 5,22 ball bilan uchinchi pog‘onadan joy oldi.
Xalqaro reytingning kuchli o‘ntaligi quyidagicha shakllandi:
Yaponiya — 5,27 ball;
AQSH — 5,23 ball;
Ispaniya — 5,22 ball;
Avstraliya — 5,18 ball;
Fransiya — 5,17 ball;
Germaniya — 5,09 ball;
Buyuk Britaniya — 5,08 ball;
Xitoy — 5 ball;
Shveysariya — 4,97 ball;
Italiya — 4,93 ball.
Dastlabki o‘nlikda Yevropa mamlakatlari ustunlik qilmoqda. Kuchli o‘ntalikdagi davlatlarning oltitasi aynan shu mintaqaga to‘g‘ri keladi. Rivojlangan transport tarmoqlari, turizm infratuzilmasi hamda boy tarixiy-madaniy meros Yevropa davlatlarining yuqori natijalariga ta’sir ko‘rsatgan asosiy omillar hisoblanadi.



