Yakshanba, 15-noyabr, 2026
Havo 87 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +15° kechasi +2°

Toshkentda meningokokk infeksiyasidan 24 kishi vafot etdi

Poytaxtda 2026-yilning dastlabki 9 oyida meningokokk infeksiyasi bilan kasallanish keskin oshgan. Qayd etilgan 354 ta holatning 96,3 foizi 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shu davrda bir qator boshqa yuqumli kasalliklar, jumladan, tepki, skarlatina va salmonellyoz bilan kasallanish ham ko‘paygan.

4 daqiqa o‘qiladi

Kasallik

13-noyabr kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qarori bilan poytaxt Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi rahbari Botirbek Isabekovning 2026-yilning III choragi yakunlari, ya’ni 9 oylik faoliyat natijalari bo‘yicha hisoboti ma’lumot uchun qabul qilindi.

Toshkentda OIV bilan yashovchilar soni 10 mingdan oshdi

Hisobotda keltirilishicha, ayni paytda Toshkent shahrida OIV infeksiyasi bilan yashayotgan 10 382 nafar fuqaro ro‘yxatda turibdi. Ularning 5 916 nafari erkaklar, 4 465 nafari ayollardan iborat. Bemorlarning 10 245 nafari voyaga yetganlar, 137 nafari esa 18 yoshga to‘lmagan bolalardir.

2026-yilning yanvar–sentabr oylarida poytaxtda OIV infeksiyasini yuqtirish bilan bog‘liq 307 ta yangi holat aniqlangan. Bu har 100 ming aholiga nisbatan 9,4 ko‘rsatkichni tashkil etadi. O‘tgan yilning shu davrida 324 ta holat qayd etilgan bo‘lib, kasallanishning intensiv ko‘rsatkichi 10,3 ga teng bo‘lgan.

Tumanlar kesimida Bektemirda 17,0, Mirobodda 15,4, Uchtepada 14,8, Yangihayotda 11,1, Sergelida 9,8, Yashnobod va Yunusobod tumanlarida esa 9,7 ko‘rsatkich qayd etilgan. Ushbu hududlarda kasallanish darajasi shahar bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan.

Yangi aniqlangan 307 nafar bemorning aksariyati — 233 nafari yoki 75,9 foizi OIV infeksiyasini jinsiy aloqa orqali yuqtirgan. Yana 13 nafarida (4,2 foiz) infeksiya tibbiy muolajalar vaqtida, 4 nafarida (1,3 foiz) notibbiy parenteral yo‘l bilan aniqlangan. Olti nafar fuqaro (2 foiz) esa virusni giyohvand moddalarni tomir orqali iste’mol qilish natijasida yuqtirgan.

Ayrim yuqumli kasalliklar keskin ko‘paygan

Hisobot davrida Toshkentda bir qator yuqumli kasalliklar bilan kasallanish ko‘rsatkichlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan oshgan.

Xususan, epidemik parotit, ya’ni tepki bilan kasallanish holatlari 73 tadan 217 taga yetgan. Bu qariyb uch baravar ko‘p. Skarlatina bilan kasallanish 664 tadan 1 637 taga ko‘tarilib, 2,5 baravar oshgan.

Salmonellyoz holatlari 247 tadan 347 taga yetgan, o‘sish 40,5 foizni tashkil qilgan. O‘tkir ichak infeksiyalari bilan kasallanish 12 249 tadan 13 608 taga ko‘payib, 11,1 foizga oshgan. Meningokokk infeksiyasi bo‘yicha ham keskin o‘sish kuzatilgan: 2025-yilning 9 oyida 10 ta holat qayd etilgan bo‘lsa, 2026-yilning shu davrida bu raqam 354 taga yetgan.

Meningokokk infeksiyasidan 24 kishi vafot etgan

Hisobotda meningokokk infeksiyasining Toshkentda ko‘p yillik davrlarda to‘lqinsimon tarqalishi kuzatilishi qayd etilgan. Tahlillarga ko‘ra, kasallanishning keskin ko‘tarilishi odatda har 4–8 yilda takrorlangan.

Jumladan, 1989-yilda 55 ta, 1997-yilda 56 ta, 2001-yilda 102 ta, 2006-yilda 34 ta, 2019-yilda 114 ta va 2024-yilda 26 ta holat aniqlangan. Bu ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi yillarda kasallanish 0–10 ta holatgacha tushgan.

Biroq 2026-yilning dastlabki 9 oyida vaziyat sezilarli darajada o‘zgargan. Shu davrda 354 ta meningokokk infeksiyasi qayd etilib, har 100 ming aholiga nisbatan kasallanish ko‘rsatkichi 11,1 ni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, 2025-yilning mos davrida ushbu ko‘rsatkich 10 ta holat yoki 0,3 ga teng bo‘lgan.

Yangi qayd etilgan holatlarning 341 tasi, ya’ni 96,3 foizi 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida aniqlangan. Kasallanish eng ko‘p 1–2 yoshli bolalarda kuzatilgan.

Meningokokk infeksiyasi oqibatida hisobot davrida 24 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Ularning 21 nafari bolalar, 3 nafari esa katta yoshli fuqarolardir.

Gripp, qizamiq va gepatit bilan kasallanish kamaygan

Ayrim infeksiyalar bo‘yicha vaziyat yaxshilangan. Xususan, bakterial dizenteriya bilan kasallanish 157 tadan 44 taga tushib, 3,6 baravar kamaygan. Gripp holatlari esa 2 648 tadan 952 taga qisqargan, ya’ni 2,8 baravar pasaygan.

Brutsellyoz bilan kasallanish 7 tadan 2 taga kamaygan. Surunkali gepatitlar 587 tadan 328 taga tushib, 44 foizga qisqargan. Virusli gepatitlar bo‘yicha ham 39 foizlik pasayish qayd etilgan: holatlar soni 579 tadan 352 taga kamaygan. Shundan gepatit A bilan kasallanish 534 tadan 331 taga tushgan.

Qizamiq bilan kasallanish 285 tadan 178 taga kamayib, pasayish 37,5 foizni tashkil etgan. Infeksion mononukleoz holatlari 81 tadan 56 taga, nafas yo‘llari sili 435 tadan 350 taga, suvchechak esa 1 343 tadan 1 229 taga qisqargan.

O‘tkir respirator infeksiyalar bo‘yicha ham kamayish kuzatilgan. Agar 2025-yilning 9 oyida 292 385 ta holat qayd etilgan bo‘lsa, 2026-yilning shu davrida ularning soni 269 333 tani tashkil qilgan. Natijada kasallanish 7,9 foizga pasaygan.

Hisobot davrida gepatit E, vabo, o‘lat, quturish, Qrim-Kongo gemorragik isitmasi, ich terlama, paratiflar, difteriya, poliomiyelit, qoqshol va gepatit D bilan kasallanish holatlari umuman aniqlanmagan.