Shanba, 14-noyabr, 2026
Havo 80 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☁ +5° kechasi +1°
Читать на русском

Toshkent bog‘larida jamoat tartibini robotlar nazorat qilishi mumkin

2026-yil oxirigacha ushbu texnikalarni poytaxt bog‘larida ishga tushirish rejalashtirilgan. Hozirda qurilmalar sinov jarayonidan o‘tkazilmoqda.

2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent bog‘larida jamoat tartibini robotlar nazorat qilishi mumkin

Milliy gvardiya Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlashda foydalanish uchun sun’iy intellekt bilan jihozlangan dronlar va yer usti robotlarini sinovdan o‘tkazmoqda.


2026-yil oxirigacha ushbu texnikalarni poytaxt bog‘larida ishga tushirish rejalashtirilgan. Hozirda qurilmalar sinov jarayonidan o‘tkazilmoqda. Bu haqda Milliy gvardiya vakili, podpolkovnik Madumarov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, robotlar jamoat joylaridagi vaziyatni mustaqil kuzatishi, odamlar to‘planishini qayd etishi va ehtimoliy huquqbuzarlik belgilarini aniqlashi mumkin. Yig‘ilgan ma’lumotlar real vaqt rejimida tezkor boshqaruv markaziga uzatiladi. Biroq yakuniy qarorlarni qabul qilish vakolati Milliy gvardiya xodimlarida qoladi.

Robotlar va dronlar qanday vazifalarni bajaradi?

Sun’iy intellekt yordamida ishlaydigan qurilmalar jamoat joylarida yuz berayotgan hodisalarni tahlil qilib, tegishli ma’lumotlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga yetkazadi. Kelgusida an’anaviy patrul xizmatining ayrim vazifalarini dronlar va yer usti robotlariga topshirish ko‘zda tutilgan.

Avvalroq Milliy gvardiya Magic City bog‘ida yuzni tanish imkoniyatiga ega sun’iy intellektli dronlarni ham sinovdan o‘tkazgan edi. Ular tashrif buyuruvchilar oqimini kuzatish, ehtimoliy huquqbuzarliklarni aniqlash va bu haqdagi ma’lumotlarni huquq-tartibot idoralari xodimlariga yuborish imkoniyatiga ega.

Robotlar xaridi uchun 450 mln so‘m ajratilgan

Shu bilan birga, Milliy gvardiya Xaridlar boshqarmasi ikkita avtonom ROBOPATRUL platformasini yaratish bo‘yicha tender e’lon qilgan. Xtender va UzTender platformalaridagi ma’lumotlarga ko‘ra, xaridning boshlang‘ich qiymati 450 mln so‘mni tashkil etadi. Bunda har bir robot majmuasi 225 mln so‘mga baholangan. Tanlov uchun arizalar qabuli 13-noyabr kuni yakunlangan.

Texnik talablarga ko‘ra, robotlar belgilangan yo‘nalish bo‘ylab mustaqil harakatlanishi, yo‘lidagi to‘siqlarni aylanib o‘tishi va batareya quvvati kamayganda bazaga qaytishi kerak. Shuningdek, ular kamida Full HD sifatida tasvirga oladigan panoramali kameralar, simsiz aloqa vositalari, ovozli va yorug‘lik signallari bilan jihozlanadi.

Kelgusida ushbu platformalarni “Xavfsiz shahar” tizimiga integratsiya qilish rejalashtirilgan.