Dorixonada yangi tartib: Retseptsiz sotiladigan dorilar soni oshadi
O‘zbekistonda dorixonadan shifokor retseptisiz sotib olish mumkin bo‘lgan dorilar ro‘yxati kengayishi mumkin. Endi tarkibida ikki yoki undan ortiq faol modda bo‘lgan ayrim dorilarni ham retseptsiz sotishga ruxsat berilishi mumkin.
2 daqiqa o‘qiladi

Biroq buning uchun dorining xavfsizligi va inson salomatligiga ta’siri alohida baholanadi.
Qaysi dorilar retseptsiz sotilishi mumkin?
Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil 12-noyabrda dori vositalarini retseptli va retseptsiz toifalarga ajratish bo‘yicha yangi tartib davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Endilikda dorini retseptsiz sotishga ruxsat berishda uni shifokorning doimiy nazoratisiz xavfsiz ishlatish mumkinligi hisobga olinadi. Shuningdek, dorini noto‘g‘ri qabul qilish, me’yoridan ortiq iste’mol qilish, suiiste’mol qilish yoki unga qaramlik paydo bo‘lish xavfi past bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, dorining qo‘llash yo‘riqnomasi oddiy odamlar uchun tushunarli bo‘lishi, xavfsizlik bo‘yicha kuzatuv natijalari va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti e’tirof etgan tartibga soluvchi organlarning tasnifi ham inobatga olinadi.
Bir nechta moddadan tayyorlangan dorilarga ham ruxsat beriladi
Yangi tartibdagi muhim o‘zgarishlardan biri — tarkibida ikki yoki undan ortiq faol modda bo‘lgan dorilar ham retseptsiz sotiladigan toifaga kiritilishi mumkin. Bunda har bir moddaning davolashdagi o‘rni, ularning birgalikdagi foydasi va xavfi, bunday tarkibning tibbiy jihatdan asoslanganligi hamda dorini noto‘g‘ri ishlatish ehtimoli tekshiriladi.
Yana bir qulaylik — biror dorini retseptsiz sotishga o‘tkazish bo‘yicha ariza rad etilsa, kamchiliklar bartaraf qilingach yoki uning xavfsizligi va samaradorligi haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘lsa, uch yil kutmasdan qayta murojaat qilish mumkin. Vakolatli organlar ham yangi ilmiy ma’lumotlar, dorilar xavfsizligi bo‘yicha kuzatuv natijalari yoki qonunchilikdagi o‘zgarishlarga qarab, dorining retseptli yoki retseptsiz sotilishi masalasini qayta ko‘rib chiqishi mumkin.
O‘zbekistonda 2,5 ming turdagi dorilar narxi arzonlashtirilgan
Avvalroq mamlakatda retsept asosida sotiladigan 2,5 ming nomdagi dori vositalarining narxi pasaytirilgani ma’lum qilingandi. Jumladan, antibiotiklar va mikroblarga qarshi dorilar narxi 50,1 foizgacha, yurak-qon tomir kasalliklariga qarshi vositalar 37 foizgacha, asab tizimi uchun mo‘ljallangan dorilar esa 40 foizgacha arzonlashtirilgan.



