Toshkentda to‘qqiz oyda 15–16 yoshli qizlar orasida 7 ta homiladorlik holati aniqlandi
Shu bilan birga, turli kontratseptsiya usullaridan foydalanayotgan ayollar soni 27,6 foizga oshib, 61 373 nafarga yetdi.
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida 2026-yilning yanvar–sentyabr oylari davomida 15–16 yoshli qizlar o‘rtasida yetti ta homiladorlik holati qayd etildi. O‘tgan yilning mos davrida ham xuddi shuncha holat aniqlangan edi. Bu haqda poytaxt Sog‘liqni saqlash boshqармаsi boshlig‘i B. Isabekovning Xalq deputatlari shahar Kengashida muhokama qilingan hisobotida keltirib o‘tilgan.
Poytaxtda tug‘ilish soni kamaydi
2026-yilning to‘qqiz oyi mobaynida Toshkent shahrida 41 993 nafar bola dunyoga keldi. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 5 710 taga kamdir.
Shu bilan birga, turli kontratseptsiya usullaridan foydalanayotgan ayollar soni 27,6 foizga oshib, 61 373 nafarga yetdi.
Hisobot davrida 2 054 nafar ayol oldingi farzandi tug‘ilganidan keyin ikki yil o‘tmay yana ko‘zi yorigan. Yana 3 149 ta holat to‘rtinchi va beshinchi homiladorlikka to‘g‘ri keladi. 35 yoshdan oshgan ayollar o‘rtasida tug‘ilishlar soni 2 898 tani tashkil etdi.
361 nafar homilador ayolda homila rivojlanishida nuqsonlar aniqlandi
Yanvar–sentyabr oylari mobaynida 42 126 nafar homilador ayol skrining tekshiruvidan o‘tkazildi. Ularning 361 nafarida shifokorlar homila rivojlanishida buzilishlarni aniqlashgan. 233 ta holatda hayot bilan mos kelmaydigan tug‘ma nuqsonlar tufayli homiladorlik to‘xtatilgan.
Toshkentda beshta ona o‘limi holati qayd etildi
To‘qqiz oy ichida poytaxtda beshta ona o‘limi holati yuz berdi. Shu bilan birga, mazkur ko‘rsatkich har 100 ming tirik tug‘ilishga nisbatan 12,6 tadan 11,9 taga kamaygan.
Bunday holatlar Uchtepa, Olmazor, Yakkasaroy va Shayxontohur tumanlarida qayd etilgan.
Mazkur holatlarni o‘rganish yakunlariga ko‘ra, 48 nafar tibbiyot xodimiga nisbatan intishomiy jazo choralari qo‘llanildi.



