Kuz-qish mavsumida gaz birinchi navbatda aholiga yetkazib beriladi
Zarurat tug‘ilganda boshqa toifadagi iste’molchilar uchun vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishi mumkin.
2 daqiqa o‘qiladi

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumida aholi, ijtimoiy soha obyektlari hamda strategik ahamiyatga ega iste’molchilarni tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar tasdiqlandi.
Hujjat 2026-yil 1-oktyabrdan 2027-yil 31-martgacha amal qiladi. Unga ko‘ra, mavjud tabiiy gaz zaxiralarini oqilona taqsimlash va ta’minotda ustuvorlikni belgilash ko‘zda tutilgan. Birinchi navbatda aholi xonadonlari, maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy soha muassasalariga gaz yetkazib berish kafolatlanishi lozim.
Mazkur vazifalarni amalga oshirish uchun Energetika vazirligi, boshqa vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar hamda gaz ta’minoti tashkilotlarining mas’uliyati belgilab berilgan.
Gaz yetkazib berish jadvallari oldindan tasdiqlanadi
Energetika vazirligi “O‘ztransgaz” AJ, “Hududgazta’minot” AJ va boshqa mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda gaz resurslari hajmi hamda ob-havo sharoitini hisobga olgan holda yetkazib berishning o‘n kunlik va kunlik jadvallarini ishlab chiqadi.
Ushbu jadvallar har oyning 25-sanasiga qadar kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha Respublika komissiyasiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
Magistral gaz quvurlaridagi bosim pasayishi yoki mavjud gaz resurslari hajmida kutilmagan o‘zgarishlar yuzaga kelgan taqdirda, taqsimot tartibi tezkor ravishda qayta ko‘rib chiqiladi. Bunday vaziyatlarda ham aholi va ijtimoiy soha obyektlarini gaz bilan ta’minlash birinchi o‘rinda turadi.
Hududlarda gaz taqsimotini hokimliklar tashkil etadi
Kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha Respublika komissiyasi har oyning so‘nggi kuniga qadar keyingi oy uchun hududlar va yirik ulgurji iste’molchilar kesimida tabiiy gaz yetkazib berish jadvallarini tasdiqlaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari esa “Hududgazta’minot” AJning hududiy filiallari bilan hamkorlikda tasdiqlangan rejalar asosida tuman va shaharlar bo‘yicha gaz taqsimotini tashkil qiladi. Bu jarayonda ham aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarining ehtiyojlari ustuvor hisoblanadi.
Shuningdek, havo harorati keskin pasaygan kunlarda aholi va ijtimoiy muassasalarni tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash uchun boshqa toifadagi iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda vaqtinchalik cheklovlar qo‘llanishi mumkin.



