Dushanba, 2-noyabr, 2026
Havo 100 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +21° kechasi +7°
Читать на русском

O‘zbekiston AQSH bilan sun’iy intellekt memorandumini imzoladi

Sietlda o‘tkazilgan xalqaro forumda ikki mamlakatning texnologik sherikligini kengaytirish, o‘zbek startaplarini AQSH bozoriga olib chiqish va sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Yakunda O‘zbekiston va AQSH sun’iy intellekt sohasida hamkorlik memorandumini imzoladi.

3 daqiqa o‘qiladi

Sietl

30-oktabr kuni AQSHning Sietl shahrida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir yakunida O‘zbekistonning Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasi va Jahon raqamli texnologiyalar akademiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.


Forum O‘zbekiston Bosh konsulxonasi, Amerika–O‘zbekiston biznes va investitsiya kengashi, IT Park Uzbekistan hamda WDTA hamkorligida tashkil etildi. “Seattle AI Week” haftaligi doirasida o‘tkazilgan tadbir uning yakuniy uchrashuvi bo‘ldi.


Unda texnologiya kompaniyalari, universitetlar, investitsiya tashkilotlari va davlat idoralarining qariyb 60 nafar vakili qatnashdi. Ishtirokchilar orasida Microsoft va Meta mutaxassislari, Garvard, Vashington va Shimoli-Sharq universitetlari vakillari, Sietl shahri ma’muriyati xodimlari hamda innovatsion kompaniyalar vakillari bor edi.

O‘zbekiston–AQSH texnologik hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari


Muhokamalarda ikki davlat o‘rtasidagi texnologik aloqalarni rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb qilish va sun’iy intellektga asoslangan amaliy yechimlarni joriy etish masalalariga e’tibor qaratildi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining maslahatchisi, Amerika–O‘zbekiston biznes va investitsiya kengashi Kotibiyati rahbari Nozima Davletova mamlakatning raqamli rivojlanish borasidagi strategik ustuvor yo‘nalishlarini taqdim etdi.


U O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi biznes hamda investitsiya aloqalari izchil rivojlanayotganini ta’kidladi. Shuningdek, Kengash ikki mamlakatdagi manfaatdor tashkilotlarning amaliy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ular o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishda muhim imkoniyatlarga ega ekanini qayd etdi.


O‘zbekistonning Bosh konsuli Axror Burxanov esa mamlakatning AQSH Tinch okeani shimoli-g‘arbiy mintaqasi bilan aloqalarini mustahkamlash masalasiga to‘xtaldi. U Bosh konsulxona mahalliy texnologiya kompaniyalari, universitetlar va tadbirkorlik hamjamiyatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.


IT Park Uzbekistan vakili Ruslan Yapparov milliy IT ekotizimining rivojlanishi va xorijiy hamkorlar bilan ishlash imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi. Uning taqdimotida yoshlarni yetakchi sun’iy intellekt kompaniyalari ishtirokida o‘qitish, hisoblash infratuzilmasini rivojlantirish va O‘zbekiston startaplarini xalqaro bozorlarga olib chiqish asosiy vazifalar sifatida ko‘rsatildi.


WDTA ijrochi raisi Yel Li O‘zbekiston Markaziy Osiyo bilan AQSHning ilg‘or innovatsion ekotizimlari o‘rtasida texnologik ko‘prik bo‘lish salohiyatiga ega ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayonda tajriba almashish, sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanish va ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash muhim ahamiyatga ega.

Sietl tajribasi Toshkentda ham qo‘llanishi mumkin


Permiraning katta maslahatchisi, Microsoft kompaniyasida dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilar yo‘nalishining sobiq prezidenti Juliya Lyuson sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalasini ko‘tardi. U ta’lim dasturlarini zamonaviy texnologiyalar talablariga moslashtirish, shuningdek, tajriba tariqasidagi ishlanmalardan amaliyotda foydalanishga o‘tish zarurligini ta’kidladi.


Sietl shahrining texnologiyalar bo‘yicha bosh direktori Shennon Smit esa sun’iy intellektdan shahar boshqaruvida foydalanish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, texnologiyalar munitsipal xizmatlar sifatini oshirish, qurilish bilan bog‘liq tartib-taomillarni soddalashtirish va yo‘l harakati xavfsizligini yaxshilashda qo‘llanayotgani haqida ma’lumot berdi.


Shu bilan birga, Sietl va Toshkent shaharlari o‘rtasida raqamli shahar boshqaruvi bo‘yicha tajriba almashish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.


Forum doirasidagi panel muhokamalarida universitetlar huzurida inkubatorlar tashkil etish va ularni rivojlantirish, startaplar uchun ustozlik dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda biznes ehtiyojlariga mos mutaxassislarni tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.


Ishtirokchilar agrotexnologiyalar, suvni tejashga xizmat qiluvchi texnologiyalar, til xizmatlari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning turli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradigan raqamli yechimlarni ham ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida qayd etdi.


Hamkorlik memorandumi imzolandi


Forumning asosiy yakunlaridan biri O‘zbekistonning Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasi va Jahon raqamli texnologiyalar akademiyasi o‘rtasida texnologiyalar hamda sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolanishi bo‘ldi.


Hujjat ikki tomon o‘rtasida tajriba almashish, universitetlar, xususiy kompaniyalar va davlat muassasalari bilan aloqalarni rivojlantirishni nazarda tutadi. Shuningdek, O‘zbekiston ishtirokida ta’lim loyihalari va sinov tashabbuslarini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish ham memorandumda belgilangan.


Kelishuvda sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish, kiberxavfsizlikni ta’minlash va ma’lumotlarni himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.