Payshanba, 29-oktabr, 2026
Havo 111 sezgirlar uchun zararli Tirbandlik xaritasi
☀ +11° kechasi +10°
Читать на русском

O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha dunyoda chempionmi?

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda kambag‘allik darajasi sezilarli pasaydi, millionlab odamlarning daromadi oshdi. Biroq ish haqi va narxlar o‘zgarishi, norasmiy bandlik hamda oilalarning kundalik xarajatlari bu natijalar aholi turmushida qanchalik aks etayotganini qayta ko‘rib chiqishni talab qiladi. Rasmiy raqamlar ortida qanday manzara bor va odamlar haqiqatdan ham yaxshiroq yashay boshladimi?

7 daqiqa o‘qiladi

Kambag‘allik

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2021–2025-yillarda O‘zbekistonda 3,7 million kishi kambag‘allikdan chiqqan. 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida esa kambag‘allik darajasi 5,8 foizdan 3,6 foizgacha tushgani aytilmoqda. Biroq bu natijalarni baholashda ish haqi, bandlik, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishga ajratilgan mablag‘lar va narxlar dinamikasini ham hisobga olish kerak.

28-oktyabr kuni Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Jo‘rayev O‘zbekiston Jahon banki hisobotida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha dunyoning TOP-5 davlati qatorida qayd etilganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyoda kambag‘allikni qisqartirish natijalarining 60 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi.

Jahon banki hisobotida O‘zbekistondagi kambag‘allik darajasi sezilarli pasaygani tasdiqlangan. Lekin TOP-5 reytingi va mintaqadagi 60 foizlik ulush haqidagi da’volarni hisobotdagi ma’lumotlar bilan alohida solishtirish zarur. Shuningdek, kambag‘allik kamaygani aholining barchasi bir xil darajada yaxshi yashay boshlaganini anglatmaydi.

Jahon banki hisobotida aslida nima deyilgan?

Jahon bankining 2026-yil 18-sentyabrda e’lon qilingan O‘zbekistonning kambag‘allik va tenglik bo‘yicha hisobotiga ko‘ra, mamlakatda kambag‘allik darajasi 2021-yildagi 17 foizdan 2025-yilda 5,8 foizgacha tushgan. Shu davrda taxminan 3,7 million kishi kambag‘allikdan chiqqan.

Marat Jo‘rayevning O‘zbekiston dunyoning TOP-5 davlati qatoriga kirishi haqidagi bayonotiga kelsak, Jahon banki hisobotida bunga yaqin, ammo aniqroq mazmundagi ko‘rsatkich bor.

Hisobotda qayd etilishicha, 2024–2025-yillarda O‘zbekistonda yuqori o‘rta daromadli mamlakatlar uchun belgilangan xalqaro kambag‘allik mezoni–kuniga 8,30 dollar (2021-yil xarid qobiliyati paritetida) bo‘yicha kambag‘allik darajasi 40 foizga pasaygan. Bu 2000-yildan buyon qayd etilgan eng katta o‘rtacha yillik pasayishlar orasida beshinchi natija hisoblanadi. Demak, bu barcha davlatlar bo‘yicha tuzilgan umumiy TOP-5 reytingi emas, balki muayyan davr va xalqaro mezon asosidagi natijadir. ­

Hisobotda yana bir muhim raqam keltirilgan: 2021–2025-yillarda yuqori o‘rta daromadli mamlakatlar uchun belgilangan xalqaro kambag‘allik mezoni bo‘yicha kambag‘al aholi sonining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi jami qisqarishining qariyb 40 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Bu ko‘rsatkich Marat Jo‘rayev aytgan Markaziy Osiyodagi 60 foizlik ulush bilan aynan bir xil emas: Jahon banki butun Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasini qamrab olgan. Vazir o‘rinbosari keltirgan 60 foizlik raqam boshqa hisoblash usuliga tegishli bo‘lishi mumkin.

2026-yilda kambag‘allik darajasi 3,6 foizga tushgan

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 28-oktyabrda e’lon qilingan to‘qqiz oylik hisobotiga ko‘ra, 2026-yil boshida 5,8 foiz bo‘lgan kambag‘allik darajasi sentyabr yakuniga kelib 3,6 foizga tushgan.

Vazirlik ma’lumotida kambag‘al aholi soni 2,2 million nafardan 1,4 million nafargacha, kambag‘al oilalar soni esa 533 mingdan 349 mingtagacha kamaygani aytilgan. Shuningdek, 3 627 ta mahalla kambag‘allikdan xoli mahalla maqomiga yetgani bildirilgan.

Hisobotda yana 824 ming fuqaro doimiy ishga joylashtirilgani, 4 milliondan ortiq odamning daromadini oshirishga ko‘maklashilgani va 980 ming kishining norasmiy bandligi rasmiylashtirilgani qayd etilgan. Bundan tashqari, 96 mingdan ortiq fuqaro kasbga o‘qitilgan, qariyb 45 ming bitiruvchi ish bilan ta’minlangan. Daromadi oshgani sababli Ijtimoiy reyestrdan 440 ming oila chiqarilgan.

Vazirlik 4 milliondan ortiq odamning daromadi oshishiga ko‘maklashilganini ham bildirgan. Biroq ularning daromadi qanchaga oshgani va bu o‘sish qancha muddat saqlanib qolingani haqida ma’lumot berilmagan. Ma’lumot uchun, 3-sentyabrda kambag‘allik darajasi 3,9 foiz, kambag‘al aholi soni esa 1,5 million nafar deb ko‘rsatilgan edi. Oktyabrda bu raqamlar mos ravishda 3,6 foiz va 1,4 million nafarga tushdi.

Qanday qilib kambag‘allikni  tez suratlarda qisqartirishga erishildi?

Jahon banki kambag‘allik darajasining pasayishida aholi iste’molining o‘sishi, yollanma ishchilar sonining ko‘payishi va ish haqining oshishini asosiy omillar sifatida ko‘rsatadi.

Hisobotda mehnat bozoridagi muammolarni ham qayd etilgan.  2021–2025-yillarda yaratilgan yangi ish o‘rinlarining qariyb 85 foizi norasmiy bandlik hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ish o‘rinlari sonining ko‘payishi muhim, ammo ularning sifati ham ahamiyatli. Rasmiy mehnat shartnomasi bo‘lmagan, daromadi mavsumga yoki buyurtmalarga bog‘liq ish odamlarga doimiy iqtisodiy barqarorlikni kafolatlamaydi.

Jahon banki ma’lumotida yana bir muhim ko‘rsatkich bor: aholining qariyb 22 foizi qayta kambag‘allikka tushib qolish xavfi ostida. Demak, hozirgi natijalarni saqlab qolish uchun nafaqat ko‘proq ish o‘rni yaratish, balki barqaror va yaxshi haq to‘lanadigan ishlarni ko‘paytirish ham kerak.

Shuningdek, Prezidentning 2026-yil 5-fevraldagi PQ-49-son qarorida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash uchun 164,7 trillion so‘m moliyalashtirish belgilangan.

Uning 140 trillion so‘mi kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun tijorat banklari kreditlariga, 20 trillion so‘mi mahalla infratuzilmasini rivojlantirishga, 3,7 trillion so‘mi murakkab toifadagi tuman va mahallalarda tadbirkorlik infratuzilmasini yaratishga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

O‘rtacha ish haqi 7,27 million so‘mga yetdi

Jahon banki kambag‘allikning kamayishida ish haqi oshishi va ko‘proq odamlarning ish bilan ta’minlanishi muhim rol o‘ynaganini qayd etadi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–sentyabr oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 7 million 274 ming so‘mni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 18 foiz ko‘p.

Biroq bu raqam barcha o‘zbekistonliklar shuncha maosh oladi degani emas.

1-sentyabrdan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalari 7 foizga, pensiya va nafaqalar esa 1-iyuldan 7 foizga oshirildi. Shuning uchun o‘rtacha ish haqining 18 foizga o‘sgani barcha xodimlarning maoshi shuncha oshganini anglatmaydi.

Aholining umumiy daromadlari ham oshgan. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–sentyabr oylarida aholi jami daromadi 1 026,7 trillion so‘mga yetgan. Inflyatsiya hisobga olinganda, daromadlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,1 foizga oshgan. Aholi jon boshiga jami daromad esa 9 oyda 26,1 million so‘mni tashkil qilgan. Uning real o‘sishi 6,2 foiz bo‘lgan.

Bu yerda bir jihatni hisobga olish kerak: umumiy daromad faqat ish haqidan iborat emas. U boshqa daromad manbalarini ham qamrab oladi. Shu sababli bu ko‘rsatkichlarni aholining maoshi aynan shuncha oshgan deb talqin qilib bo‘lmaydi.

Ish haqi oshmoqda, narxlar-chi?

Aholi daromadlari oshganini baholashda narxlar dinamikasini ham hisobga olish kerak. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil sentyabrida yillik inflyatsiya 6,4 foizni tashkil qilgan. Yil boshidan beri iste’mol narxlari 4,2 foizga, sentyabr oyining o‘zida esa 0,7 foizga oshgan.

So‘nggi 12 oyda oziq-ovqat mahsulotlari 6,3 foiz, nooziq-ovqat tovarlari 5,8 foiz va xizmatlar 7 foizga qimmatlashgan. Ayrim mahsulotlarda o‘sish bundan yuqori bo‘lgan. Masalan, pomidor bir yil ichida 54,9 foizga, qo‘y go‘shti 19,8 foizga, suyaksiz mol go‘shti 17,9 foizga, suyakli mol go‘shti 16,2 foizga va tuxum 11,4 foizga qimmatlashgan.

Yoqilg‘i narxlarida ham o‘sish qayd etilgan. Sentyabr yakuniga ko‘ra, benzin bir yil ichida 20,1 foizga qimmatlashgan. Shu bilan birga, barcha mahsulotlar narxi bir xil yo‘nalishda o‘zgarmagan: masalan, sentyabrning o‘zida uzum va sitrus mevalar arzonlashgan.

Transport xarajatlarida ham o‘zgarish kuzatildi. Toshkentda 1-oktyabrdan ATTO, bank kartasi yoki mobil ilova orqali jamoat transportida bir martalik to‘lov 1 700 so‘mdan 2 500 so‘mga ko‘tarildi. Bu qariyb 47 foizlik o‘sish. Naqd to‘lov orqali xarid qilinadigan bir martalik QR-chipta narxi esa 3 000 so‘mligicha qoldi.

Raqamlar ortida qanday manzara bor?

Jahon banki ma’lumotlari O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 2021–2025-yillarda sezilarli kamayganini ko‘rsatadi. Vazirlik esa 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida bu ko‘rsatkich yana pasayganini, yuz minglab fuqarolar doimiy ishga joylashtirilganini va millionlab odamlarning daromadini oshirishga ko‘maklashilganini bildirgan.

Biroq natijani faqat kambag‘allik darajasi bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Ish o‘rinlarining qanchasi barqaror ekani, norasmiy bandlikdan rasmiy ishga o‘tgan fuqarolarning mehnat sharoiti qanday o‘zgargani, ajratilgan mablag‘lar qancha oilaga uzoq muddatli daromad manbai yaratgani va narxlar oshishi aholining xarid qobiliyatiga qanday ta’sir qilgani ham muhim.

Shuning uchun kambag‘allik qisqarganini ko‘rsatuvchi rasmiy statistikani aholining real turmush sharoiti bilan birga baholash kerak. Bu esa ish haqi va daromadlar dinamikasidan tashqari, oilalarning xarajatlari, ishning barqarorligi va tadbirkorlik loyihalarining uzoq muddatli natijalarini ham o‘rganishni talab qiladi.

Hisobotlarga ko‘ra, kambag‘allikning qisqarishi muhim natija. Lekin asosiy savol ochiq qolmoqda, haqiqatdan ham odamlar yaxshiroq yashayaptimi?