Dushanba, 26-oktabr, 2026
Havo 93 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +14° kechasi +6°

O‘zbekistonlik tadbirkorlar endi tovar-xomashyo birjasi orqali Chikago va London birjalarida savdo qila oladi

O‘zbekistonda mahalliy tadbirkorlarga xalqaro tovar birjalarida mis, oltin, neft, paxta va bug‘doy kabi mahsulotlar bo‘yicha fyuchers savdolarida qatnashish imkoniyati yaratildi.

2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik tadbirkorlar endi tovar-xomashyo birjasi orqali Chikago va London birjalarida savdo qila oladi

O‘zbekistonda ilk bor mahalliy tadbirkorlarning xalqaro tovar derivativlari birjalaridagi savdolarda ishtirok etish tartibi tasdiqlandi. Tegishli nizom 23-oktyabr kuni Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Yangi tartibga ko‘ra, tadbirkorlar O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi huzuridagi xalqaro birja vositachisi — “UZEX Global” MChJ orqali xalqaro fyuchers savdolarida qatnashadi. 

Ular Chikago tovar birjasi (CME), Interkontinental birja (ICE), London metall birjasi (LME) va boshqa xalqaro birjalarda oltin, neft, mis, paxta, bug‘doy kabi tovarlarga asoslangan fyuchers shartnomalari bilan savdo qilishi mumkin.

Bu tadbirkorlarga nima beradi?

Fyuchers savdolarida tovarlarning kelajakdagi narxiga bog‘langan shartnomalar tuziladi. Bu xomashyo narxining o‘zgarishi bilan bog‘liq moliyaviy xatarlarni kamaytirishga yordam beradi.

Masalan, bug‘doy yoki misdan foydalanadigan korxona kelgusida xomashyo qimmatlashib ketishidan xavotirda bo‘lsa, xalqaro birjadagi bitimlar orqali bu xatarni kamaytirishi mumkin.

Yangi nizomda xalqaro birja vositachisining majburiyatlari ham belgilangan. Jumladan, mijozlarning mablag‘lari alohida hisobvaraqlarda yuritilishi, xizmatlar haqidagi ma’lumotlar esa ochiq bo‘lishi kerak.

Savdolarda qatnashish ixtiyoriy. Tadbirkorlar o‘z nomidan va o‘z hisobidan savdo qiladi. Mablag‘larni so‘mda kiritish va qaytarish, shuningdek, valyutani ayirboshlash belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Yangi qoidalar Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 27-fevraldagi 82-son qarori ijrosi doirasida ishlab chiqilgan.

“UZEX Global” MChJ haqida

“UZEX Global” MChJ — O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi huzuridagi xalqaro birja vositachisi. Kompaniya mahalliy tadbirkorlarning xorijiy tovar birjalaridagi savdolarda qatnashishini ta’minlovchi vositachi hisoblanadi.