Payshanba, 29-oktabr, 2026
Havo 112 sezgirlar uchun zararli Tirbandlik xaritasi
☀ +12° kechasi +10°

5831 nafar shaxmatchi qatnashgan “Zakovat-Gambit” turnirining final bosqichi boshlandi

Musobaqaning birinchi kunida finalchilar beshta turda dona surdi. Ertaga qolgan to‘rt tur o‘tkazilib, g‘oliblar aniqlanadi. Turnirning umumiy sovrin jamg‘armasi 620 million so‘mni tashkil etadi.

5 daqiqa o‘qiladi

Zakovat Gambit

2021-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Zakovat-Gambit” shaxmat turniri beshinchi bor tashkil etilmoqda. Bu yilgi musobaqada 5831 nafar shaxmatchi ro‘yxatdan o‘tib, ishtirokchilar soni bo‘yicha rekord qayd etildi. Olti kun davom etgan saralash bahslari va 28-oktabr kungi yarim finaldan so‘ng eng kuchli shaxmatchilar finalga yo‘l oldi.

29-oktabr kuni Toshkentdagi Zakovat arena binosida finalning birinchi kun o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Barcha guruhlardagi ishtirokchilar beshta turda bellashdi. Ertaga, 30-oktabr kuni, yana to‘rt tur o‘tkaziladi. Shu tariqa, jami to‘qqiz turdan iborat final yakunlanib, musobaqa g‘oliblari aniqlanadi.

Final va yarim final bahslari Toshkent shahrida tashkil etilmoqda. Turnirning yakuniy taqdirlash marosimi esa 30-oktabr kuni kechqurun O‘zbekfilm pavilyonida bo‘lib o‘tadi.

Saralash bosqichiga yangi tartib joriy etildi

Bu yilgi turnirda ishtirokchilarni ko‘paytirish va musobaqani mamlakatning chekka hududlarigacha olib borish maqsadida saralash bosqichi ikki shaklda o‘tkazildi. Avvalgi yillarda saralash faqat chess.com platformasida onlayn tarzda tashkil etilgan bo‘lsa, bu safar unga hududiy bahslar ham qo‘shildi.

19–23-oktabr kunlari O‘zbekistonning barcha 14 ta hududida yuzma-yuz saralash o‘yinlari o‘tkazildi. Hududlardagi shaxmat ishqibozlari bir joyga to‘planib, o‘zaro bellashdi. Ushbu bosqichda eng yaxshi natija ko‘rsatganlar yarim finalga yo‘llanma oldi.

Hududiy saralashda qatnasha olmagan yoki unda muvaffaqiyat qozona olmagan shaxmatchilar uchun ham imkoniyat yaratildi. 24-oktabr kuni chess.com platformasida onlayn saralash tashkil etildi. Natijada musobaqada qatnashishni istagan shaxmat ishqibozlari o‘z mahoratini sinab ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi.

Turnir uch bosqichdan — saralash, yarim final va finaldan iborat. Ishtirokchilarni ro‘yxatga olish 15-oktabrga qadar davom etdi. Ular gambit.zakovatlubi.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tdi.

Musobaqa taqvimi quyidagicha bo‘ldi: 19–23-oktabr kunlari hududiy saralash, 24-oktabrda onlayn saralash, 28-oktabrda yarim final, 29–30-oktabr kunlari esa final bahslari o‘tkazildi.

Jahon grossmeysterlari yosh shaxmatchilar bilan uchrashdi

29-oktabr kuni turnir doirasida xalqaro shaxmat maydonining taniqli vakillari — vengriyalik grossmeyster Peter Leko va hindistonlik grossmeyster ayol Hampi Koneru ishtirokida bir vaqtning o‘zida bir nechta raqibga qarshi shaxmat seansi tashkil etildi.

Unda yosh o‘zbekistonlik shaxmatchilar jahon miqyosidagi tajribali sportchilarga qarshi o‘ynab, o‘z mahoratini sinash va ulardan tajriba olish imkoniga ega bo‘ldi.

Xorijlik mehmonlar o‘zbekistonlik shaxmatchilarning saviyasiga yuqori baho berdi. Hindistonlik grossmeyster Hampi Koneruning ta’kidlashicha, turnirdagi o‘yinlar mamlakatimizda shaxmat tez rivojlanayotganini ko‘rsatmoqda.

“O‘yinlardan ko‘rdimki, o‘zbekistonlik shaxmatchilar juda kuchli o‘yin ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonda shaxmat juda tez rivojlanmoqda. Bu, albatta, O‘zbekiston hukumatining qo‘llab-quvvatlashi natijasida yuz bermoqda”, — dedi Hampi Koneru.

Vengriyalik grossmeyster Peter Leko ham musobaqa ishtirokchilarining tayyorgarligi va shaxmatga bo‘lgan qiziqishini alohida qayd etdi.

“O‘zbekistonga kelishimdan oldin ham ‘Zakovat-Gambit’ yuqori darajada tashkil etilishini bilardim. Kecha va bugungi o‘yinlarda qatnashib, shaxmatchilaringizning o‘yin darajasi juda yuqori ekanini, ularning ko‘zi ishtiyoqdan yonib turganini ko‘rdim”, — dedi u.

Eng yosh va eng keksa finalchiga 10 million so‘mdan beriladi

30-oktabr kuni finalning qolgan to‘rt turi yakunlanganidan keyin turnirning tantanali taqdirlash marosimi o‘tkaziladi. Unda guruhlar g‘oliblari bilan birga musobaqaning eng yosh va eng keksa ishtirokchilari ham mukofotlanadi.

Bu yilgi finalchilar orasida eng yosh ishtirokchi — 8 yoshli Mustafo Po‘latov. Eng keksa ishtirokchi esa 63 yoshli grossmeyster Toir Vohidov hisoblanadi. Ularning har biriga 10 million so‘mdan pul mukofoti topshiriladi.

Turnirda O‘zbekistonning bir qator taniqli shaxmatchilari ham qatnashmoqda. Ular orasida Jahongir Vohidov, Muhammadzohid Suyarov, Humoyun Begmurotov, Ortiq Nigmatov, Abdimaliq Abdisalimov, Afruza Hamdamova, Umida Omonova, Guldona Karimova va Nilufarxon Imomquziyeva bor.

Mazkur shaxmatchilarning barchasi yaqinda Samarqandda o‘tkazilgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan.

Turnir 2021-yildan buyon o‘tkazib kelinadi

“Zakovat-Gambit” turniri “Zakovat” intellektual klubi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, “Skychess” shaxmat maktabi hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etiladi.

Musobaqa 2021-yilda boshlangan bo‘lib, havaskor va professional shaxmatchilarni bir maydonda jamlaydi. U shu vaqtgacha 2021, 2022, 2023 va 2025-yillarda jami to‘rt marta o‘tkazilgan. Bu yilgi turnir beshinchi musobaqa hisoblanadi.

Ishtirokchilar FIDE reytingi va o‘yin darajasiga qarab A, B, C, D va E guruhlariga ajratiladi. Bunday tartib havaskorlar va professional shaxmatchilarning o‘ziga mos darajadagi raqiblar bilan bellashishiga imkon beradi. Natijada turli tajriba va mahoratga ega ishtirokchilar g‘olib bo‘lish hamda pul mukofotini qo‘lga kiritish uchun tengroq sharoitda kurashadi.

Turnirning asosiy maqsadlaridan biri shaxmatni keng ommalashtirish va yangi iqtidorlarni aniqlashdan iborat. Ayniqsa, mamlakatning turli hududlaridan keladigan havaskor shaxmatchilarning ishtiroki musobaqaning qamrovini kengaytirib, yangi iste’dodlarni kashf etishga xizmat qilmoqda.

“Zakovat-Gambit”ga dunyoning taniqli grossmeysterlari tashrif buyuradi

Musobaqaning o‘ziga xos jihatlaridan yana biri — har yili xorijlik taniqli grossmeysterlarning faxriy mehmon sifatida taklif etilishidir. Ular turnir ishtirokchilari bilan shaxmat seanslarida qatnashib, o‘z tajribalarini ulashadi.

Avvalgi yillarda musobaqada Visvanatan Anand, Judit Polgar, Aleksey Shirov, Harika Dronavalli, Vladimir Kramnik, Xou Ifan, Mattias Blyubbaum va Antoanetta Stefanova kabi jahon shaxmatining taniqli vakillari mehmon bo‘lgan.

Bu yilgi turnirga esa vengriyalik grossmeyster Peter Leko va hindistonlik grossmeyster ayol Hampi Koneru tashrif buyurdi. Ularning ishtiroki musobaqaning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish bilan birga, o‘zbekistonlik shaxmatchilar uchun tajriba almashish imkonini ham yaratdi.

620 million so‘mlik sovrin jamg‘armasi taqsimlanadi

V “Zakovat-Gambit” turnirining umumiy sovrin jamg‘armasi 620 million so‘mni tashkil etadi. A, B, C, D va E guruhlarining har birida birinchi o‘rin uchun 50 million so‘m, ikkinchi o‘rin uchun 30 million so‘m, uchinchi o‘rin uchun esa 20 million so‘m ajratilgan.

Shuningdek, har bir guruhda ayollar o‘rtasidagi eng yaxshi natija uchun alohida mukofot bor. A, B, C, D va E guruhlarining har birida ayollar o‘rtasida birinchi o‘rinni egallagan shaxmatchiga 20 million so‘m beriladi.

Guruhlar bo‘yicha sovrinlardan tashqari, eng keksa va eng yosh ishtirokchilar uchun ham alohida mukofotlar belgilangan. Ushbu ikki nominatsiyaning har biri uchun 10 million so‘mdan ajratilgan.

Finalning qolgan to‘rt turi 30-oktabr kuni tushdan keyin o‘tkaziladi. Shundan so‘ng barcha guruhlar bo‘yicha yakuniy natijalar e’lon qilinib, g‘oliblar O‘zbekfilm pavilyonidagi tantanali marosimda taqdirlanadi.