Apple Pay va Google Pay O‘zbekistonda ishlay boshladi. Qaysi banklar xizmatni qo‘llab-quvvatlaydi?
Foydalanuvchilar bank kartalarini Apple Wallet va Google Wallet elektron hamyonlariga qo‘shib, smartfon orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘la boshladi.
3 daqiqa o‘qiladi

Biroq xizmatlarning to‘liq ishga tushirilgani haqida hozircha rasman e’lon qilinmagan.
Apple Pay’ga qaysi banklarning kartalarini ulash mumkin?
Hozirda sakkizta mahalliy bank kartalarini Apple Wallet’ga qo‘shish mumkin.
Uzum — Visa;
Orient Finans Bank — Visa va Mastercard;
O‘zbekiston Milliy banki — Visa va Mastercard;
Kapitalbank — Visa va Mastercard;
Hamkorbank — Visa;
Ipak Yo‘li Bank — Visa va Mastercard;
TBC Bank — Visa va Mastercard;
Octobank — Visa va Mastercard.
Shu bilan birga, xizmatning mavjudligi bank va karta turiga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Apple Pay hozircha barcha foydalanuvchilarda ishlamayapti, chunki xizmatni ishga tushirish jarayoni sinov bosqichida.
Google Pay haqida nima ma’lum?
Android smartfonlari foydalanuvchilari ham bank kartalarini Google Wallet’ga qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘la boshladi. E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu xizmatni to‘qqizta bank qo‘llab-quvvatlaydi.
AVO Bank — Mastercard;
Octobank — Visa va Mastercard;
Uzum Bank — Visa;
TBC Bank — Visa va Mastercard;
Aloqabank — Visa va Mastercard;
Kapitalbank — Visa va Mastercard;
Ipak Yo‘li Bank — Visa va Mastercard;
O‘zbekiston Milliy banki — Visa va Mastercard;
Orient Finans Bank — Visa va Mastercard.
Google O‘zbekistonni Google Wallet va kontaktsiz to‘lovlar mavjud bo‘lgan mamlakatlar qatorida ko‘rsatmoqda. Biroq xizmatning mamlakatda to‘liq ishga tushirilgani haqida hozircha rasmiy bayonot berilmagan.
Telefon orqali to‘lov qilish mumkinmi?
Bank kartalarining elektron hamyonlarda paydo bo‘lishi xizmat barcha mijozlarda barqaror ishlayotganini anglatmaydi. Integratsiya jarayoni davom etayotgani sababli ayrim banklar va kartalar hozircha mavjud bo‘lmasligi mumkin.
Apple ham O‘zbekistonni Apple Pay qo‘llab-quvvatlanadigan mamlakatlarning rasmiy ro‘yxatiga hali kiritmagan. Shu sababli to‘lov imkoniyatini bevosita ilova yoki o‘z bankingiz orqali tekshirish tavsiya etiladi.
O‘zbekiston ushbu xizmatlarni ishga tushirishga qanday tayyorgarlik ko‘rdi?
O‘zbekistonda Google Pay xizmatini ishga tushirish haqida 19-oktyabr kuni Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh ishtirokida C5+1 formatida o‘tkazilgan tadbirlar davomida ma’lum qilingan. Bu haqda Google Cloud kompaniyasining Markaziy va Sharqiy Yevropa bo‘yicha davlat organlari bilan aloqalar va davlat siyosati masalalari bo‘yicha vakili Marsin Krasuski xabar bergan.
2026-yil iyul oyida Markaziy bank Apple va Google kompaniyalari bilan muzokaralar hamda to‘lov tizimlarini texnik integratsiya qilish ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgan edi. Jarayonda tijorat banklari, Humo va Uzcard ham ishtirok etgan.
Muhim shartlardan biri shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikka o‘zgartirish kiritish bo‘ldi. 2026-yil mart oyida fuqarolarning barcha shaxsiy ma’lumotlarini mamlakat ichidagi serverlarda saqlash bo‘yicha umumiy talabni bekor qiluvchi qonun imzolandi. Bu esa belgilangan talablar bajarilgan holda xalqaro raqamli xizmatlardan foydalanish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratdi.



