Yong‘inlar va is gazidan zaharlanish: Mavsumni betalafot o‘tkazish uchun nima qilish kerak?
Mutaxassislar tomonidan tahlillar olib borilganda, yong‘inlarning 40 foizi elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, 24 foizi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, 14 foizi isitish pechlarini qurish va ishlatish qoidalarining buzilishi, 10 foizi bolalar sho‘xligi oqibatida hamda boshqa sabablarga ko‘ra sodir bo‘lgan.
4 daqiqa o‘qiladi

2024-2025 yil kuz-qish mavsumi davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida jami 825 ta ishchi guruh tashkil etilib, ularga taalluqli idoralar vakillaridan 6 ming 985 nafar xodim jalb etildi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.
Bulardan tashqari, “Hududgazta’minot” AJ, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va boshqa tashkilotlarning mutaxassis ustalaridan iborat 703 ta ta’mirlash-tiklash otryadi tashkil etilib, bugungi kunga qadar jami 3 mln. 509 ming 866 ta yakka tartibdagi aholi turar joylari, 7 ming 360 tasi dala hovlilar va 34 ming 43 ta ko‘p qavatli uylarda o‘rganishlar o‘tkazildi. Tekshiruvlar davomida 232 ming 834 ta kamchiliklar aniqlanib, 223 ming 698 tasi (96,1 foiz) joyida bartaraf etildi.
Is gazidan zaharlanish sabablari
FVVning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda 2022-yil is gazidan zaharlanish bo‘yicha 84 ta holat yuzaga kelib, 122 kishi halok bo‘ldi. Bunga yong‘in vaqtidagi holatlar ham hisobga olingan. 2023-yilda 46 holat yuzaga kelgan bo‘lsa, 2024-yilning shu davrida 32 ta holat yuzaga keldi.
Tahlillarga ko‘ra, is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati quyidagi sabablarga ko‘ra yuzaga kelmoqda:
- fuqarolar tomonidan gaz va muqobil yoqilg‘i (ko‘mir, o‘tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik choralariga rioya etmaslik;
- nostandart (qo‘lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;
- isitish pechlarining dudburonlarini noto‘g‘ri o‘rnatish va o‘z vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tkazmaslik;
- gaz yoki boshqa muqobil yoqilg‘iga moslashtirilgan isitish pechlari (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirish;
- havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (ko‘mir va o‘tin cho‘g‘lari)dan foydalanish;
- havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (to‘sib) qo‘yish shular jumlasidan.
Shuningdek, isitish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz holatlardan yana biri bu gaz-havo aralashmasi natijasida chaqnash, portlash hamda yong‘inlarning sodir bo‘lishidir. Afsuski, bugungi kunda fuqarolarimiz tomonidan yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik oqibatida bunday holatlar tez-tez uchrab turibdi.
Yong‘inlarning 40 foizi elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi sabab kelib chiqmoqda
Mutaxassislar tomonidan tahlillar olib borilganda, yong‘inlarning 40 foizi elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, 24 foizi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, 14 foizi isitish pechlarini qurish va ishlatish qoidalarining buzilishi, 10 foizi bolalar sho‘xligi oqibatida hamda boshqa sabablarga ko‘ra sodir bo‘lgan.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, aynan qish mavsumida o‘rtacha har 3 ta sodir bo‘lgan yong‘inning bittasi isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish yoki nosoz va nostandart isitish moslamalarining ishlatilishidan kelib chiqqan bo‘lib, ayanchli oqibatlarga olib kelgan.
Mavsumni betalafot o‘tkazish uchun nima qilish kerak?
Mavsumni betalafot o‘tkazish, shuningdek, kuz-qish mavsumida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘in, gaz va havo aralashmasining chaqnashi hamda is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida, quyidagilarga rioya qilishingizni so‘rab qolamiz:
- tashqi himoya qobiqlari shikastlangan elektr sim va kabellardan foydalanmang;
- elektr xo‘jaligida ortiqcha yuklanish va elektr simlarning qisqa tutashuvidan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarning oldini olish lozimligi sababli sifat sertifikatiga ega bo‘lgan himoya saqlagichlaridan (avtomatlardan) foydalaning;
- isitish pechlarining dudburonlarini tozalash, sozlash va ularni qoida talablari asosida o‘rnatish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi maxsus tashkilotlarga murojaat qilish va ular tomonidan lozim darajada xizmat turlarining bajarilishiga erishing;
- isitish pechlarini haddan ziyod qizdirib yubormang;
- gaz va elektr isitish moslamalarini nazorat qilishni yosh bolalarga topshirmang;
- gaz ta’minoti idoralari mutaxassislarini jalb etgan holda gaz jihozlarini taftishdan o‘tkazib, ularga texnik xizmat ko‘rsatilishini tashkil eting;
- gaz uskunalarini ulash bo‘yicha tartib-qoidalarga rioya qiling;
- yonuvchi materiallarni gaz plitalari ustida quritmang;
- gaz isitish moslamalaridan xavfsizlik avtomatikalari (gazning o‘chib, qayta kelishini nazorat qiluvchi moslama) orqali foydalaning va ularning doimiy sozligiga e’tibor bering.
Qayerga murojaat qilish kerak?
Shu munosabat bilan vatandoshlarimizdan yuqorida sanab o‘tilgan holatlarga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘rab qolamiz. Agar xonada gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan foydalanmang, darhol xonani shamollatish chorasini ko‘ring. Bu haqda “104” raqami orqali gaz xizmatiga, yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda, yong‘in-qutqaruv xizmatining “101” telefon raqamiga xabar bering.



