$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qoniqarsiz”, “shubhali” va “umidsiz” kreditlar qaysi banklarda ko‘proq?

Kredit

Markaziy bank 2024-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, mamlakatning tijorat banklaridagi muammoli kreditlar (NPL) hajmi 20,82 trillion so‘mni (1,64 milliard dollar) tashkil etganini ma’lum qildi. Bu ko‘rsatkich banklar egalik qilayotgan jami 500,64 trillion so‘mlik (39,4 milliard dollar) kredit portfelining 4,2 foiziga to‘g‘ri keladi.

Davlat banklarida vaziyat qanday?

Davlat banklari 348,29 trillion so‘mlik (27,4 milliard dollarlik) kredit portfeli bilan bank sektorida yetakchilikni davom ettirmoqda. Ularning muammoli kreditlari 15,25 trillion so‘mni (1,2 milliard dollarni) tashkil etgan, bu jami kreditlarining 4,4 foiziga teng. Bu butun bank sektorining o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori hisoblanadi.

Davlat banklari orasida O‘zbekiston Milliy banki muammoli kreditlar hajmi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichga ega. Bankning 103,06 trillion so‘mlik (8,1 milliard dollar) kredit portfelidan 3,47 trillion so‘mi (273,2 million dollar) muammoli kreditlarni tashkil etib, bu umumiy portfelning 3,4 foiziga to‘g‘ri keladi. Undan keyin Biznesni rivojlantirish banki turadi. Uning 21,6 trillion so‘mlik (1,7 milliard dollar) kredit portfelidan 2,48 trillion so‘mi (195,3 million dollar) yoki 11,5 foizi muammoli kreditlardir.

Uchinchi o‘rinda O‘zsanoatqurilishbank joylashgan bo‘lib, uning 60,31 trillion so‘mlik (4,7 milliard dollar) kredit portfelidan 2,21 trillion so‘mi (174 million dollar) yoki 3,7 foizi muammoli kreditlardan iborat.

Nodavlat banklarida muammoli kreditlar 5,57 trln. so‘m

Nodavlat banklarning kredit portfeli 152,35 trillion so‘mni (11,9 milliard dollar) tashkil etadi. Shundan muammoli kreditlar 5,57 trln. so‘mni (438,6 mln dollar) yoki jami kreditlarning 3,7 foizini tashkil etadi.

Nodavlat banklar orasida “Ipoteka Bank” muammoli kreditlar bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Bankning jami muammoli kreditlari 3,34 trillion so‘mni (262,9 million dollar) tashkil etib, bu uning 35,68 trillion so‘mlik (2,81 milliard dollar) kredit portfelining 9,4 foiziga to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinlarda “Kapitalbank” va “Hamkorbank” turibdi.

“Kapitalbank”ning muammoli kreditlari 728 milliard so‘mni (57,3 million dollar) tashkil etib, bu uning kredit portfelining 2,5 foizini tashkil qiladi. “Hamkorbank”ning muammoli kreditlari esa 230 milliard so‘mni (18,1 million dollar) tashkil etib, bu uning kredit portfelining 1,3 foiziga teng.

Jami kredit portfeliga nisbatan muammoli kreditlarning eng yuqori ulushiga ega banklar Madad Invest Bank (20,9 foiz), Garant Bank (14,3 foiz) va Biznesni Rivojlantirish Banki (11,5 foiz) hisoblanadi.

Muammoli kredit o‘zi nima?

Ma’lumot uchun: Muammoli kreditlar (NPL, Non-performing loan, ishlamaydigan kreditlar) to‘lash muddati 90 kundan oshib ketgan hamda qoniqarsiz, shubhali va umidsiz deya toifalanuvchi kreditlarni o‘z ichiga oladi.

Теги :
Iqtisodiyot