$
 12829.07
-15.14
 13344.80
-163.46
 124.91
-2.44
weather
+26
Кечаси   +14°

Issiq suv va isitish tizimlarining tariflari koʻtariladi

suv soliq сув солиқ

Toshkent shahrida aholi uchun issiqlik ta'minoti va issiq suv ta'minoti xizmatlari tarifi joriy isitish mavsumi tugagandan soʻng 15 foizga oshirilishi kutilmoqda.

Narxlar 2023-2024-yilgi isitish mavsumidan soʻng koʻtariladi

Veolia Energy Tashkent xabar berishicha, Toshkent shahrida aholi uchun issiqlik ta'minoti va issiq suv ta'minoti xizmatlari tarifi 2023−2024-yilgi isitish mavsumi tugagandan soʻng oshiriladi. 

Narxlarning oʻsishiga sabab issiqlik energiyasi

Qayd etilishicha, narxlarning oʻsishi elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari, shuningdek, issiqlik ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun sotib olingan issiqlik energiyasi narxlarining oshishi bilan bogʻliq.

Issiqlik taminoti uchun yangi ta'riflarni tasdiqlash toʻgʻrisidagi qaror

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2024-yil 8-fevraldagi 97-sessiyasida «Veolia Energy Tashkent» MChJ XK tomonidan xizmat koʻrsatuvchi koʻp qavatli turar-joy binolarida yashovchi aholi uchun issiqlik ta'minoti va issiq suv ta'minoti xizmatlari uchun yangi tariflarni tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Yangi tarif avvalgisidan 15 foizga koʻp

Aholiga issiqlik ta'minoti va issiq suv ta'minoti xizmatlari uchun yangi chakana tarif 15 foiz oʻsib, 2019-yildan beri amalda boʻlgan 91 960 soʻm/Gkal oʻrniga 105 754 soʻm/Gkalni tashkil etadi.

Kompaniyaning ma'lum qilishicha, yangi tariflar 2023−2024 kuz-qish mavsumi (isitish mavsumi) rasmiy yakunlangan kundan bir kun oʻtib kuchga kiradi.

Hisob-kitoblar qanday amalga oshiriladi?

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi 194-sonli Qarorining 95-bandiga muvofiq, iste'molchi issiqlik ta'minoti va issiq suv xizmatlari uchun avans toʻlovlarini (oldindan toʻlovlarni) amalga oshirganda, yetkazib beruvchi (Veolia Energy Tashkent) toʻlov vaqtida amal qilgan tariflar boʻyicha (avans toʻlovlari muddati uchun, lekin 12 oydan oshmagan) hisob-kitob qiladi.

Yuridik shaxslar va byudjet tashkilotlari uchun 2023-yil 2-dekabrdan kuchga kirgan tariflar oʻzgarishsiz qoldi.

Eslatib oʻtamiz, 2023-yil yakuniga koʻra, yuridik shaxslar uchun issiqlik ta'minoti xizmatlari tariflari 1,5 baravarga, byudjet muassasalari uchun esa 1,6 barobar oshgandi. Oʻshanda aholi uchun tarif oʻzgarishsiz qolgandi, Veolia Energy kompaniyasining issiqlik ta'minoti uchun bazaviy tarifi 67,3 foizga — 664 465 soʻmga oshgan.