Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +14° kechasi +9°

Ijtimoiy nafaqalar boqimandalikni keltirib chiqarishi — uydirma

Shuningdek, nafaqalar to‘lig‘icha sarflab yuboriladi, sarmoya uchun ishlatilmaydi, degan qarash ham mavjud.

2 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy nafaqalar boqimandalikni keltirib chiqarishi — uydirma

Ijtimoiy nafaqalar boqimandalikni keltirib chiqaradi, degan strereotip mavjud bo‘lib, bu nafaqa oluvchilarning mehnat qilish istagini pasaytiradi, deb da’vo qilinadi. Ijtimoiy himoyani rivojlantirish instituti ushbu masalaga doir tadqiqotlarni taqdim etdi.

Bu fikr asossiz

Zambiya va Malavidagi tadqiqotlarga ko‘ra, bu fikr asossiz bo‘lib, nafaqalar mehnatga bo‘lgan rag‘bat kamayishiga olib kelmaydi. Aksincha, nafaqa oluvchilar ko‘pincha vaqtinchalik, kam haq to‘lanadigan ishlardan ko‘ra samaraliroq faoliyatlarga, masalan, fermer xo‘jaligida ishlash yoki kichik korxonalar tashkil etishni afzal ko‘rishadi.  

Gonduras va Meksika kabi 6 ta mamlakatda o‘tkazilgan tadqiqotlar nafaqalar boqimandalikni keltirib chiqarmasligini tasdiqlaydi. Ayniqsa, kam daromadli nafaqa oluvchilar mehnat bozoridan chiqib ketmasdan, uzoq muddatli farovonlikka e’tibor qaratgan holda, o‘z mehnat faoliyatlarini mustaqil boshqarish uchun ushbu nafaqalardan foydalanadi. Bu esa “davlat yordamidan foydalanuvchi dangasa” degan stereotipni rad etadi.

Nafaqalar sarmoya uchun ishatilmaydimi?

Shuningdek, nafaqalar to‘lig‘icha sarflab yuboriladi, sarmoya uchun ishlatilmaydi, degan qarash ham mavjud. Masalan, Zambiyadagi tadqiqot xulosalariga ko‘ra, nafaqa olganlar, tabiiyki, uni oziq-ovqat kabi birlamchi ehtiyojlar uchun sarflagan. Bu esa uzoq muddatda bilvosita inson kapitalini rivojlantirishga yordam beradi (masalan, bolalarning qorni to‘q bo‘lishi ularning bilim olish qobiliyatlarini yaxshilaydi). 

Bundan tashqari, nafaqalar ishlab chiqarishga qaratilgan investitsiyalarni ham oshirgan. Zambiyada chorvaga egalik qilish va qishloq xo‘jaligi resurslarining sezilarli darajada ko‘paygani kuzatilgan. Bu esa uy xo‘jaliklari imkon qadar sarmoya kiritayotganini ko‘rsatadi.