$
 12927.17
36.74
 14717.58
-3.29
 155.73
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

“Zaxarga qarshi antidot”: Rus amaldoriga kimlar “tushunarli tushuntirish” bera oldi?

Mariya Zaxarova

Kuni kecha tarmoqlarda Toshkentdagi maktabda o‘quvchi o‘qituvchi tomonidan kaltaklanganligi haqida xabar berilgan edi. So‘ngra mazkur holat yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova O‘zbekistondan tushuntirish so‘ralganligini ma’lum qildi. Ushbu bayonot O‘zbekistonning bir qator rasmiy vakillarining noroziliklariga sabab bo‘ldi.

Tashqi ishlar vazirligi munosabati

Mazkur holatga ayni paytda BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasida ishtirok etayotgan Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov izoh berdi. U Nyu-Yorkda Rossiya TIV rahbari S. Lavrov bilan uchrashdi. Uchrashuvda strategik sheriklikning dolzarb mavzulari, shuningdek, bo‘lajak oliy va yuqori darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan suhbat o‘tkazilgan.

“O‘zaro ishonchni mustahkamlash yo‘lida davlatlar bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilish muhimligi ta'kidlandi. Biz ittifoqchilik ruhidagi doimiy muloqotimizni davom ettirishga kelishib oldik,” – deydi Baxtiyor Saidov.

Bosqinchilikka ayri holdamas, birlashib qarshi turish kerak!

Ekologiya vazirligining vazir maslahatchisi bo‘lgan Rasul Kusherbayev ham holatga tanqidiy yondashib, barchani bu vaziyatga birlashib qarshi turishga da’vat etdi.

“Mustaqil Rossiyaning mustaqil O‘zbekiston ta’lim tizimi, jumladan tarix kitoblari qanday yozilishi, Toshkentda bolani urgan agressiv rus tili o‘qutuvchisi bo‘yicha rasmiy tushuntirish so‘rashi Rossiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri ichki ishlarimizga aralashayotganini namoyon qilmoqda. Endi biz ya’ni, bugungi avlodlar tarixda ota-bobolarimiz yo‘l qo‘ygan xatolarni takrorlamasligimiz, mustaqilligimizni asrash, har qanday bosqinchilikka ayri holdamas, birlashib qarshi turish yo‘lidan bormog‘imiz lozim. Shunda Markaziy Osiyo mamlakatlari, turkiy xalqlar kuchli bo‘ladi,” — deydi Kusherbayev.

Yo‘l ko‘rsatuvchilarga aslo ehtiyojimiz yo‘q

O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov esa bu vaziyatda 1 o‘qituvchining harakatlari misolida 100 mingdan ortiq pedagoglarga baho berish noo‘rinligini ta’kidladi.

“Mazkur vaziyat ham o‘z ishimiz, o‘z uyimizda bo‘layotgan holat. Unga boshqalarning bosh suqishi, ichki ishlarimizni hal qilishga urunishiga aslo hojat ham yo‘q.  Bizning 130 dan ortiq turli millat va elatlar bilan har doim, hozirgidek inoq, tinch, birlashib bir O‘zbekiston bo‘lib harakat qilish, maqsadlarga yetishda bu kabi “fikr beruvchi”, “yo‘l ko‘rsatuvchi”larga aslo ehtiyojimiz yo‘q,” — deydi Otabek Hasanov.

Bizning ichki ishlarimizga aralashguncha muammolarga to‘la o‘zingizning ichki ishlaringiz bilan shug‘ullaning

Shuningdek, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy qo‘mitasining raisi Alisher Qodirov Zaxarovaning so‘roviga keskin javob yo‘llab telegramdagi kanalida ushbu fikrlarni ommaga havola qilgan:

“Bola huquqi O‘zbekiston Respublikasining maktabida, O‘zbekiston fuqarosining bolasiga nisbatan buzildi va chorasi O‘zbekiston xalqi nomidan qabul qilingan qonunlar asosida ko‘riladi! Bizni ichki ishlarimiz haqida bosh qotirguncha muammolarga to‘la o‘zlarining ichlari bilan shug’ullanishsa to‘g’ri bo‘lar edi. Tekis joyda to‘polondan foyda chiqmasligini tushunib yetishdi degan xulosaga ertaroq shekilli…”

Alisher Qodirga rahmat

Iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov esa Alisher Qodirovning yuqoridagi fikrlariga o‘z munosabatini bildirib, unga rahmat aytish joizligini bildirgan.

“Mening Alisher Qodirga munosabatim ko‘pam ijobiymas. Lekin O‘zbekiston hududida yuz bergan insidentga O‘zbekiston qonunlari bilan ish ko‘radigan, kimlarningdir topshirig‘i va tavsiyasiga muhtoj bo‘lmagan mamlakat ekanini eslatgan Alisher Qodirga rahmat,” — deydi iqtisodchi.

Bu mening Mariya Zaxarovaning bayonotiga munosabatimdir

O‘zJOKU rektori, O‘zbekiston milliy mass-media rahbari, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja ham ushbu holat bo‘yicha munosabat bildirdi.

“Boshqa davlatning mamlakatimiz ichki ishlariga aralashuvi mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas. Bu shubhasiz ko‘ngilsiz, tor doiradagi, ya’ni mahalliy darajadagi voqeaga millatlararo va tillararo, qandaydir maqsadga xizmat qiluvchi tus berish mutlaqo mumkin emas. Aslo shubha yo‘qki, O‘zbekiston – mustaqil suveren davlat. Va o‘zining ichki ishlariga tashqaridan aralashuvni qabul qilmaydi.

Bu mening Rossiya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarovaning bayonotiga munosabatimdir. Qolaversa, zikr etilgan davlatning o‘zida ichki hal qilinmagan muammolari yetarlicha,” — deydi mass-media rahbari.

Rossiya o‘zbekistonliklarga yordam berishni xohlasa, migrantlarga huquqiy yengillik bersin

Shu bilan birga, “Gazeta.uz” bosh muharriri, bloger Muhrim A’zamxo‘jayev telegramdagi kanalida Zaxarova bayonotiga bildirilgan munosabatlarning zarur ekanligini aytib, ularning gapirishiga halal berilmasligi kerakligini ta’kidladi.

“Va yana o‘sha gap – Rossiya O‘zbekiston haqida qayg‘urmay qo‘ya qolsin. O‘zini eplasin avval, ana, bir viloyatida ikkinchi oydirki boshqa bir davlat hukmron – Rossiya ko‘proq shuning tashvishini qilsin, o‘sha yerdagi o‘z aholisi haqida o‘ylasin, ularni qutqarsin, o‘zbekistonliklarni esa – ular qaysi tilda gapirishidan qat’i nazar – tinch qo‘ysin.”

Bloger Rossiya o‘zbekistonliklar uchun juda g’amxo‘rlik qilishni xohlayotgan bo‘lsa, mamlakatda migrantlar bilan bo‘layotgan turli xil noxush hodisalarga chek qo‘yish kerakligini aytdi.

“Hay, o‘zbekistonliklar haqida ham juda qayg‘urgisi kelayotgan bo‘lsa, Rossiyada ham vatandoshlarimiz ko‘p – hech bo‘lmasa o‘z qonunchiligi doirasida ularning haq-huquqlarini ta’minlasin, masalan, he yo‘q, be yo‘q aeroportlardan qaytarib yuborish reyd qilib, tutib ketish, majburlab urushga yuborish kabi ishlarini yig‘ishtirsin,” — deydi A’zamxo‘jayev.

“Rusofob” o‘qituvchi Rossiyaga kiritilmaydi

Ushbu voqealar fonida esa kecha Rossiyaning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, chet eldagi vatandoshlar va xalqaro gumanitar hamkorlik bo‘yicha federal agentligi (Rossotrudnichestvo) rasmiylardan Toshkentdagi maktabda o‘quvchini urgan o‘qituvchining Rossiya Federatsiyasiga kirishini taqiqlash imkoniyatini ko‘rib chiqishni so‘radi. Bu haqda agentlik rahbari Yevgeniy Primakov ma’lum qildi.

“Rossotrudnichestvo vakolatli organlarga ushbu “rusofob” shaxsning Rossiyaga kirishini taqiqlash imkoniyatini ko‘rib chiqishni so‘rab murojaat qiladi. Na bu shaxs, na uning yaqin qarindoshlari... Ular hech qachon Rossiyada ta’lim olmaydi, stajirovkalarda qatnashmaydi va o‘zlari uchun hech qanday imkoniyatga ega bo‘lmaydi, chunki ular Rossotrudnichestvo tomonidan umrbodga hisobga olinadi”, deydi u. Primakovning fikricha, Rossotrudnichestvo tomonidan maktab o‘quvchisini kaltaklashni qo‘llab-quvvatlovchi ushbu voqealardagi har qanday boshqa shaxslarga nisbatan, xususan, ta’lim muassasasi rahbariyatiga ham, agar ular bu holatni yashirsa yoki tegishli ma’muriy choralar ko‘rmasa, xuddi shunday chora-tadbirlarni qo‘llaniladi.

Теги :
Jamiyat