$
 12778.00
-9.03
 14012.35
-36.76
 131.58
-1.47
weather
+26
Кечаси   +14°

Jahon Chempionati-2026 saralash bosqichi o‘yini uchun prevyu: O‘zbekiston — Eron

JCh 2026

Bugun O‘zbekiston milliy terma jamoasi "Bunyodkor" stadionida o‘zining azaliy va prinsipial raqibi Eron terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Bu uchrashuv terma jamoamiz uchun navbatdagi saralash bosqichining uchinchi bahsi bo‘ladi. Dastlabki ikki uchrashuvdan so‘ng terma jamoamiz KXDR va Qirg‘iz Respublikasini bir gol farqi evaziga mag‘lub etgan holda o‘z guruhida peshqadam bo‘lib turibdi. Bugun Toshkentda o‘tajak o‘yin nafaqat "A" guruhining, balki Osiyo terma jamoalari o‘rtasidagi saralash bosqichining markaziy o‘yini hisoblanadi. 

12 yillik qop-qora an’ana 

Jamoalar o‘rtasidagi o‘zaro o‘yinlar tarixiga nazar tashlasak. Ushbu terma jamoalar o‘zaro jami 13 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, shularning 9 tasida Eron zafar quchgan bo‘lsa, 1 o‘yinda O‘zbekistonning qo‘li baland kelgan. Shuningdek, yana uch o‘yinda durang natijasi qayd etilgan. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, O‘zbekistonning Eronga qarshi qop-qora an’anasi bor. Jamoamiz bu raqibni faqatgina JCH-2014 saralash bosqichi doirasidagi safardagi o‘yinda mag‘lub eta olgan. Ushbu bellashuvga qadar terma jamoamiz Eron bilan 1998 yilgi Osiyo o‘yinlari, 2007 yilgi Osiyo kubogida va JCH-2014 saralash bosqichining birinchi turida o‘zaro to‘qnash kelgan va birortasida ijobiy natijaga erishmagan.

Tarixiy o‘yinni xotirlab

JCH-2014 saralashining final raundini Vadim Abramov qo‘l ostida boshlagan terma jamoamiz ilk turni Eron terma jamoasiga qarshi o‘tkazdi. Biroq, o‘z maydonimizda so‘ngi daqiqalarda o‘tkazib yuborilgan gol evaziga uch ochkodan quruq qolganmiz. Natijadan g‘azablangan futbolimiz mutasaddilari o‘yindan so‘ng darhol Abramovni iste’foga chiqarishadi. Uning o‘rniga esa Mirjalol Qosimov tayinlanadi. Tehronda bo‘lib o‘tgan javob uchrashuvida futbolchilarni maydonga bosh murabbiy sifatida Qosimoa boshlab tushadi. Karlos Keyrush boshchiligidagi jamoaga qarshi uchrashuv murabbiy uchun dastlabki jiddiy sinov edi. G‘alaba terma jamoamizning guruhdagi ahvolini yanada yaxshilardi. Boz ustiga Toshkentdagi alamli mag‘lubiyat uchun ham revansh olish talab qilinardi. Futbolchilarni esa oldinda 100 ming tomoshabinga ega “Ozodi” stadioni kutardi. Bellashuvdan oldin tarkibimizda sezilarli yo‘qotishlar bor edi. Odil Ahmedov, Anzur Ismoilov, Temur Kapadze kabi ijrochilar terma jamoa bilan birga emasdi. Ularning o‘rnini bilintirmaslik maqsadida Fozil Musayev, Shohruh Gadoyev, Artyom Filiposyan, Islom To‘xtaxo‘jayevlar asosiy tarkibga kiritildi. Eronning tarkibini esa ortiqcha muhokama qilmaymiz. Javod Nekunam, Ashkan Dejaga, Rizo Gujannajod kabi yulduzlar barchangizga tanish. Ikkinchi bo‘limning 71-daqiqasida raqib futbolchisi qanotda futbolchimiz Sanjar Tursunovga qo‘pollik ishlatadi va o‘yin qoidasini buzadi. Hakam tomonidan belgilangan jarima nuqtasiga esa odatdagidek Server Jeparov yaqinlashadi. Jamoa sardorining yuqoridan jarima maydonchasi sari uzatib bergan to‘pini Ulug‘bek Bakayev golga aylantiradi va qaysidir ma’noda tarixiy golni uradi. Amalda bu g‘alaba va muhim uch ochkoni keltiradi. 

Jamoalarning bozordagi qiymati

"Transfermarkt" portali talqiniga ko‘ra, Eron terma jamoasining umumiy transfer qiymati 47,45 million yevroni tashkil qiladi. Forslar tarkibidagi eng qimmat futbolchi "Inter" forvardi Mehdi Taremi hisoblanadi (10 million yevro). Shuningdek, "Shabab Al-Ahli" a’zosi Sardor Azmunning narxi 8 million yevroni tashkil qiladi. O‘zbekiston terma jamoasining portalidagi bahosi esa 38,05 million yevroni tashkil etib, tarkibimizdagi eng qimmat futbolchi Abbosbek Fayzullayev hisoblanadi (6 million yevro). Shuningdek, "Roma" a’zosi Eldor Shomurodov va Abduqodir Husanov ham taniqli portal talqiniga ko‘ra, ancha yuqori baholanishgan (5 million yevro).

Jamoalar legionerlari

Eron tarkibida jami 9 nafar futbolchi legioner bo‘lib, shulardan 1 tasi (Mehdi Taremi, "Inter") top-5 chempionatlarida klubida harakat qiladi. O‘zbekiston terma jamoasiga chaqirilgan futbolchilarning 12 nafari legioner hisoblanadi va shulardan ikki nafari kuchli beshlik chempionatlarida (Abduqodir Husanov, "Lans" va Eldor Shomurodov, "Roma") to‘p tepadi. 

Asosiy taktik sxemalar

Eron terma jamoasi ko‘pincha futboldagi klassik uslub, 4-4-2 taktik sxemasidan foydalanadi. Bunda mustahkam mudofaa chizig‘i va oldindagi jamoaning asosiy yulduzlari, yetakchilari Mehdi Taremi va Sardor Azmunlarga asosiy yuk tushiriladi. O‘zbekistonda esa murabbiy Srechko Katanes odatda 3-4-3 hamda 5-2-3 taktik sxemalaridan foydalanadi. Jamoa o‘yinning boshidan oxiriga qadar uch himoyachidan voz kechmagan holda o‘yinni davom ettiradi. Bu taktik sxemada asosiy urg‘u qanot himoyasida harakatlanuvchi laterallarga beriladi. Ular vaziyatga qarab ham himoya, ham hujum chizig‘ida paydo bo‘lishga majbur. Aks holda jamoaning o‘yinida yetarlicha keskinlashuv yuz bermaydi.

Tarkibdagi yo‘qotishlar

Yo‘qotishlar mavzusiga to‘xtalar ekanmiz, eng katta yo‘qotish shubhasiz O‘zbekiston terma jamoasida yuz berganini ta’kidlashimiz o‘rinli. Sababi, Katanes ishtirokisiz o‘tgan jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi o‘yinda, KAFA Kubogi finalida O‘zbekiston aynan murabbiyning o‘yingdagi o‘zgarishlari yetishmasligi, yana ham aniqroq aytadigan bo‘lsak, o‘zgarishlarning vaqtida amalga oshirilmasligi evaziga mag‘lub bo‘lgan edi. Bundan tashqari, O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Eron Pro Ligasining eng qimmat futbolchisi, yarim himoyachi Oston O‘runov ham ushbu o‘yinda maydonga tusha olmasligi kutilmoqda. Bu haqdagi ma’lumot 9 oktyabr oqshomiga kelibgina paydo bo‘ldi. Eron terma jamoasining 8 oktyabr kuniga rejalashtirilgan mashg‘ulotlarida "Istiqlol" klubi va terma jamoa yetakchilaridan biri Abolfazl Jaloli jarohat olib mashg‘ulotlarni tark etgan. Hozircha jarohatning qanchalik jiddiyligi noma’lum. Shuningdek, Eron tarkibida terma jamoa va "Persepolis" himoyachisi Husayn Kanoni ham jarohati sabab bu yig‘inni o‘tkazib yubormoqda. 

O‘yin natijasi qanday bo‘ladi?

Bir necha mashhur saytlar ertangi uchrashuvdagi taxminiy natijalarni e’lon qildi. Shvetsiyaning "SportsMole" nashrining yozishicha O‘zbekiston va Eron qarama-qarshiligida mehmonlar 2:1 hisobida zafar quchishi mumkin. "FootballPredictions.Net" portali ham raqiblarimiz g‘alaba qozonishiga ishonmoqda. Taxmini hisob 1-0. Yana bir sport yangiliklarini yoritib boruvchi "SportsDunia" nashri ertangi bahsda forslar 2:0 hisobida zafar quchishini taxmin qilgan. O‘z navbatida UZ24.uz sayti tahririyati ham o‘yindan avval ehtimoliy natijani taxmin qilishga urinadi. Saytimiz tahririyati O‘zbekiston — Eron o‘yinida minimal hisobda vakillarimiz g‘alabasini kutadi. 

Ma’lumot uchun, bugun, 10-oktyabr kuni JCH-2026 saralashi doirasidagi O‘zbekiston Eron uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. O‘yin 19:00 da start olishi rejalashtirilgan.

Теги :
Жамият