$
 12142.10
-52.11
 14079.98
95.66
 150.53
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Jahon Chempionati–2026 saralashi: O‘zbekiston Mundialga boradimi?

UFA

Kecha JCh–2026 saralash bosqich 4-turi doirasida O‘zbekiston milliy jamoasi Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi maydonga tushdi. Kun yakunida “We Global Football” sahifasi 4-turdan so‘ng Osiyo jamoalarining 3-saralash bosqichi orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri JCH–2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoniyatlarini yangiladi. 

O‘yin tafsiloti

Toshkentda o‘tgan uchrashuvning birinchi bo‘limida hisob ochilmagan bo‘lsa, 66-daqiqada mehmonlar vakili Abdulla Hamad Sherzod Nasrullayevga qilgan qo‘polligi sabab maydondan chetlatildi. Shundan so‘ng, maydon egalarining hujumlari xavfli ko‘rinish ola boshladi. 70-daqiqada Bobur Abduxoliqov zaxiradan maydonga tushgach, penalti ishladi. 11 metrlik nuqtaga dastlab Masharipov yaqinlashgan bo‘lsa, yakunda zarbani Otabek Shukurov yo‘llab, stadionni larzaga keltirdi – 1:0. Ushbu natija o‘zgarmadi va bosh murabbiy Srechko Katanessiz to‘p surgan O‘zbekiston milliy jamoasi muhim g‘alabaga erishdi. Bu BAA ustidan Toshkentda qo‘lga kiritilgan ilk g‘alabaga aylandi.

Guruhdagi vaziyat

Kecha "A" guruhidagi barcha bahslar o‘z nihoyasiga yetdi. O‘zbekiston BAAni minimal hisobda mag‘lub etgan bo‘lsa, Eron Qatarni ayab o‘tirmadi. Jamoa Azmun va Mohebining gollari evaziga 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. Shu tariqa, guruhda forslar birinchi o‘ringa chiqib olishdi. Ammo ochkolar hamon teng. 

Kimda imkoniyatlar qanday?

Navbatdagi bosqich o'yinlari yakunlangach, “We Global Football” sahifasi Osiyo jamoalarining 3-saralash bosqichi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri JCH–2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoniyatlarini yangiladi. O‘zbekistonning imkoniyati kechagi g‘alabadan so‘ng keskin oshdi — 93,1% (3-turdan so‘ng 82,8% edi). Qatar top–10 ni tark etdi. 

  • Yaponiya - 99.99%
  • Eron - 99.6%
  • Janubiy Koreya - 99.5%
  • O‘zbekiston - 93.1%
  • Avstraliya - 75.1%
  • Iroq - 53.4%
  • Iordaniya - 41.6%
  • Saudiya Arabistoni - 16.7%
  • Bahrayn - 7.9%
  • O‘mon - 5.4%

4-bosqichga o‘tish imkoniyati

Terma jamoalarning 4-bosqichga o‘tish imkoniyati esa quyidagicha baholangan:

  • Qatar - 88.0%
  • BAA - 88.0%
  • O‘mon - 79.5%
  • Saudiya Arabistoni - 72.0%
  • Bahrayn - 69.5%
  • Iordaniya - 57.4%
  • Iroq - 45.8%
  • Avstraliya - 24.2%
  • Indoneziya - 21.0%
  • Xitoy - 13.3%
  • Kuvayt - 9.6%

FIFA reytingi

O‘zbekiston terma jamoasi JCH–2026 saralash bosqichi doirasida BAAni mag‘lub etgach, FIFA reytingida hisobimizga 11,42 ball qo‘shildi (BAA shuncha ball yo‘qotdi). Natijada hisobimizdagi ochkolar soni 1429,26 ga yetdi. Bu orqali jamoa onlayn reyting jadvalida 3 pog‘ona ko‘tarilib, 57-o‘ringa chiqib oldi. 

Hozir bizga faqat natija kerak, chiroyli o‘yin emas

O‘zbekiston — BAA bahsdagi yagona golga mualliflik qilgan va bellashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan O‘zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi Otabek Shukurov o‘yindan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Qiyin o‘yin bo‘ldi. JCH bosimi barcha guruhlardagi jamoalarga ta’sir qilmoqda. Muhimi — 3 ochkoni qo‘lga kiritdik. Biz faqat natija uchun o‘ynayapmiz. Muxlislarga katta rahmat. Qo‘llab-quvvatlashda va duo qilishda davom eting. Insho Alloh, jahon chempionatiga chiqamiz. Bosh murabbiy yo‘qligi? Bu, albatta, ta’sir ko‘rsatadi. O‘tgan safar Eron 10 kishi qolganida ko‘rsatgan o‘yinimizni tanqid qilishdi, jurnalistlar faqat negativ munosabatda bo‘lishyapti. Durangni mag‘lubiyatdek qabul qilyapsizlar. Lekin 10 kishi qolsa ham, Eron kuchli. Ular doim jahon chempionatiga chiqadigan jamoa va reytingda 20-o‘rinda, biz-chi? 60-pog‘onadamiz. Maqsadimiz — Eronni uzoqlashtirib yubormaslik. Bizga 1 ochko ham juda qadrli. Nega Eronni yutolmaganimizni emas, ular bizni 3 o‘yindan beri mag‘lub qila olmayotganini gapirmaysizlar? Hozir bizga faqat natija kerak, chiroyli o‘yin emas. Faoliyatimda chiroyli o‘ynab, ikki marta jahon chempionatiga chiqa olmadim. BuSaudiya Arabistoni va Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinlar alamli bo‘lgan. Penalti? Raqib posboniga qarshi BAAda ko‘p o‘ynaganman. U bilan do‘stmiz. Odatda chap tomonga tepishimni bilardi. Bu safar ham dastlab chapga tepmoqchi edim, ammo so‘nggi soniyada darvozabon o‘sha tomonga oyoq tashlaganini ko‘rdim va yakunda o‘ngga tepdim, deydi futbolchi.

Bosh murabbiy chetlatishdan keyinroq qo‘ng‘iroq qildi va biz bilan maslahatlashdi

O‘zbekiston milliy jamoasi yordamchi murabbiyi Vlado Radmanovich ham o‘yindan so‘ng o‘z fikrlarini keng ommaga bayon qildi. 

Qiyin va qiziqarli bahs bo‘ldi. BAAni uyda avval mag‘lub etmagandik, shu noxush an’ana ham biroz ta’sir qildi. Birinchi bo‘limda o‘yinimiz unchalik qovushmadi. Ammo ikkinchi bo‘limda o‘zimizni ko‘rsata oldik. Muxlislarga rahmat aytaman. Shifokorlarga ham tashakkur — ular qo‘ldan kelganicha jarohatlangan futbolchilarni tayyor qilib berishdi. Realizatsiya borasida muammolarimiz bor. Bunisi futbolchilarning darajasiga bog‘liq. Ba’zan soniya ichida qaror qilishga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi hujumchini tushirganimiz? Vaziyatdan kelib chiqib, mantiqan shunday qarorga keldik. Katanes bilan ham aloqada bo‘lib turdik. Bosh murabbiy chetlatishdan keyinroq qo‘ng‘iroq qildi va biz bilan maslahatlashdi. Jahon chempionatiga yaqinlashganimiz sari futbolchilarda bosim kuchayayotgani to‘g‘ri. Ruhiy tayyorgarlik borasida ham ishlaymiz. Abbos Fayzullayevning xatolariga sabab ruhim jihat emas. U jismoniy tomondan 100 foiz tayyor emasdi. Mashg‘ulotda og‘ir zarba qabul qilib olgandi. Shu bois o‘zini to‘liq ko‘rsata olmadi, deb o‘ylayman. 4 o‘yinda 10 ochko? Barcha o‘yinlarda maksimal ochko olishga harakat qilishni rejalashtirgandik. Noyabrdagi o‘yinlarni bo‘yicha gapirsam, bosh murabbiy reja tuzadi, deydi murabbiy.

O‘zbekistonning keyingi o‘yinlari 14 va 19-noyabr kunlari Qatar va KXDRga qarshi mehmonda bo‘lib o‘tadi. Eron ham shu kunlari KXDR va Qirg‘izistonda mehmon bo‘ladi. Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, noyabr oyidagi har ikki o‘yinda terma jamoa mutlaq g‘alabani ta’minlay olsa, O‘zbekistonning Mundialga borishi 99,99 foizga hal bo‘ladi.

Теги :
Jamiyat