$
 11830.87
16.82
€
 13450.52
-31.67
₽
 139.27
-0.66
weather
+26
Кечаси   +14°

Qozog‘istonda 25-sentyabr milliy motam kuni deb e’lon qilindi

Motam kuni

Qozog‘istonda Kaspiy dengizidagi harbiy mashg‘ulotlar vaqtida yuz bergan fojia ortidan 25-sentyabr milliy motam kuni deb belgilandi. Mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tegishli qarorni qabul qilgan. Bu haqda Qozog‘iston prezidentining matbuot xizmati ma’lum qildi.

Oqtovdagi bayram tadbirlari bekor qilindi

Fojia munosabati bilan Oqtov shahri ma’muriyati 25–27-sentyabr kunlari Amfiteatr maydonida o‘tkazilishi rejalashtirilgan barcha bayram tadbirlarini bekor qildi.

Bekor qilingan tadbirlar qatoridan “Kaspiy dengizi – Do‘stlik dengizi” xalqaro festivalining tantanali ochilish marosimi, festival-tanlovning yopilish marosimi hamda Oqtov shahri kuniga bag‘ishlangan gala-konsert o‘rin olgan.

Harbiy mashg‘ulotlar vaqtida fojia yuz berdi

Ma’lum qilinishicha, 24-sentyabr kuni Qozog‘istonning Mang‘istov viloyatida dengiz mashg‘ulotlari o‘tkazilgan. Mashg‘ulotlar vaqtida ob-havo keskin yomonlashib, shamol kuchaygan. Shu paytda harbiy xizmatchilar baxtsiz hodisaga uchragan.

Qozog‘iston Mudofaa vazirligi hodisa yuzasidan ma’lumot bergan.

Dastlabki ma’lumotlarda to‘qqiz nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgani, yana uch nafari qutqarilgani aytilgan edi.

Keyinchalik Mang‘istov viloyati hokimligi hodisa tafsilotlariga aniqlik kiritdi. Unga ko‘ra, jami 17 kishi suvga tushib ketgan. Ulardan 12 nafari halok bo‘lgan, yana ikki nafar harbiy xizmatchini qidirish ishlari davom etmoqda.

Hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Harbiy xizmatchilarning halok bo‘lishi yuzasidan Qozog‘istonda jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda hodisaning barcha tafsilotlari va harbiylarning suvga tushib ketishiga sabab bo‘lgan holatlar bo‘yicha tergov ishlari olib borilmoqda.

Теги :
Jamiyat