Rossiyada 43 mingdan ortiq muhojirning patenti bekor qilindi
Bu yil bekor qilingan patentlar soni o‘tgan yilga nisbatan uch barobarga oshgan.
2 daqiqa o‘qiladi

2024-yil boshidan beri Rossiya Ichki ishlar vazirligi chet el fuqarolariga berilgan 43 mingdan ortiq patentni bekor qildi, deb yozmoqda IIV vakili Irina Volk o‘zining Telegram kanalida.
Bekor qilingan patentlar soni uch barobarga oshgan
Bunga sabab qilib patent olgan muhojirlar o‘z vaqtida mehnat faoliyati haqida bildirishnoma (уведомление) taqdim qilmaganliklari keltirilmoqda. Bu yil bekor qilingan patentlar soni o‘tgan yilga nisbatan uch barobarga oshgan.
Bildirishnoma ikki oy ichida taqdim qilinishi kerak
Ma’lumot uchun, 2024-yilning 7-yanvaridan boshlab “Rossiya Federatsiyasidagi chet el fuqarolarining huquqiy holati to‘g‘risidagi” qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, migrantlar patent berilgan kundan boshlab ikki oy ichida Rossiya IIVning hududiy organlariga mehnat faoliyati olib borayotgani haqida bildirishnoma (уведомление) topshirishi kerak.
Migrantlar 3 kun ichida chiqib ketishi kerak
Agar “уведомление” topshirilmasa patent bekor qilinadi. Patent bekor qilinganidan so‘ng, migrant Rossiya Federatsiyasidan uch kun ichida chiqib ketishi kerak. Agar patenti bekor qilingan muhojir Rossiyani mustaqil ravishda tark etmasa, “выдворение” qilinadi, ya’ni Rossiya hududidan majburiy chiqarib yuboriladi.
Deportatsiya jarayoni videotasvirga olish masalasi
Bundan oldin, Rossiyada migrantlarni deportatsiya qilish jarayoni to‘laqonli videotasvirga olinishi haqida xabar bergan edik. Unga ko‘ra, sud ijrochilari suratga olish haqida oldindan ogohlantiradi. Sudgacha kuzatib borishdan tortib, chet elliklarni Rossiyadan chiqarib yuborishgacha - hammasi kameraga muhrlanadi. Jarayonni yozib olish uchun IP-kameralar, videoregistratorlar, fotoapparatlar va boshqa qurilmalar qo‘llaniladi. Yozib olingan audio, foto va video materiallar arxivda saqlanadi.



