$
 11830.87
16.82
€
 13450.52
-31.67
₽
 139.27
-0.66
weather
+26
Кечаси   +14°

2030-yilga borib dunyoda tibbiyot xodimlari tanqisligi 11,1 million nafarga yetishi mumkin

Med Foto: Gazeta.uz

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyo aholisi tarkibida keksalar ulushining ortib borayotgani va tibbiyot xodimlarining yosh tarkibi o‘zgarayotgani kelgusi yillarda sog‘liqni saqlash tizimlari uchun jiddiy muammolarni yuzaga keltirishi mumkinligini ma’lum qildi.

Tashkilotning yangi hisobotida qayd etilishicha, 2030-yilga kelib dunyo bo‘yicha tibbiyot xodimlari yetishmovchiligi 11,1 million nafarga yetishi mumkin.

67 ta mamlakatda shifokor va hamshiralar yetishmasligi kutilmoqda

JSST tahliliga ko‘ra, 67 ta mamlakatda shifokorlar va hamshiralar tanqisligi sababli aholiga hozir ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar darajasini saqlab qolish qiyinlashishi mumkin.

Mazkur davlatlarda vaziyatga tibbiyot xodimlarining pensiya yoshiga yetib borishi ham ta’sir qiladi. Kelgusi o‘n yil ichida ushbu mamlakatlarda har uch nafar shifokordan biri pensiyaga chiqishi kutilmoqda.

Bu holat mavjud kadrlar o‘rnini yangi mutaxassislar bilan to‘ldirish zaruratini yanada kuchaytiradi.

Muammo yuqori daromadli mamlakatlarda ham dolzarb

Tibbiyot xodimlari tanqisligi xavfi, ayniqsa, yuqori daromadli davlatlarda, jumladan, Yevropaning qator mamlakatlarida sezilarli bo‘lishi mumkin.

JSST buni mazkur hududlarda yoshi katta tibbiyot xodimlari ulushi yuqori ekani bilan bog‘lamoqda. Ya’ni, bir tomondan aholining tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoji ortib borayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan mavjud tibbiyot xodimlarining katta qismi yaqin yillarda mehnat faoliyatini yakunlashi mumkin.

Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, aholining tibbiyot kadrlari bilan hozirgi darajadagi ta’minotini saqlab qolish uchun faqat shu 67 ta mamlakatning o‘zida qo‘shimcha 832 ming nafar tibbiyot xodimi kerak bo‘ladi.

Kadrlar uchun xalqaro raqobat kuchayishi mumkin

Tibbiyot xodimlariga bo‘lgan ehtiyojning oshishi xalqaro mehnat migratsiyasiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Xususan, xorijlik malakali mutaxassislarga talabning ortishi kam daromadli mamlakatlardan tibbiyot xodimlarining boshqa davlatlarga ketishini kuchaytirishi ehtimoli mavjud. Natijada ayrim davlatlarda sog‘liqni saqlash tizimining malakali kadrlar bilan ta’minlanishi yanada murakkablashishi mumkin.

Bu jarayon tibbiyot xodimlariga ehtiyoji yuqori bo‘lgan davlatlar bilan kadrlar eksport qiluvchi mamlakatlar o‘rtasidagi mehnat migratsiyasi oqimlariga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

JSST hukumatlarni uzoq muddatli choralar ko‘rishga chaqirdi

JSST mamlakatlar hukumatlarini tibbiyot xodimlari tanqisligining oldini olish uchun o‘z vaqtida choralar ko‘rishga chaqirmoqda.

Tashkilot, xususan, tibbiyot kadrlarini tayyorlash, mavjud mutaxassislarni sog‘liqni saqlash tizimida saqlab qolish va kelajakdagi ehtiyojlarni hisobga olgan holda uzoq muddatli kadrlar siyosatini ishlab chiqish zarurligini ta’kidlamoqda.

JSSTga ko‘ra, tibbiyot xodimlari sonini yetarli darajada ta’minlash nafaqat mavjud ehtiyojni qoplash, balki aholining keksayishi va sog‘liqni saqlash xizmatlariga talabning o‘sishi sharoitida tizimning barqaror ishlashini ta’minlash uchun ham muhim.

Теги :
Jamiyat