$
 11765.76
-17.71
 13638.87
-49.99
 139.71
0.01
weather
+26
Кечаси   +14°

Janubiy Koreya nashrida Shavkat Mirziyoyevning maqolasi e’lon qilindi

Shavkat Mirziyoyev

Janubiy Koreyaning The Chosun Daily gazetasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston va Koreya Respublikasi: o‘zgarishlar davrida kelajak sari intilayotgan hamkorlik” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi. 14-sentabr kuni chop etilgan maqola davlat rahbarining Koreya Respublikasiga tashrifi hamda “Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi” sammiti arafasida ommaga taqdim etildi.

Prezident maqolada O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha takliflarini ilgari surdi. Unga ko‘ra, kelgusidagi hamkorlik zamonaviy ishlab chiqarish zanjirlari, raqamli tarmoqlar, transport yo‘nalishlari va energetika yo‘laklarini rivojlantirishga asoslanishi kerak.

Shavkat Mirziyoyev qadimgi Ipak yo‘li faqat savdo yo‘nalishi bo‘lmaganini qayd etdi. Ushbu yo‘l orqali g‘oyalar, bilimlar, texnologiyalar va odamlar o‘rtasidagi aloqalar ham rivojlangan. Prezidentning fikricha, bugungi sharoitda Ipak yo‘lining zamonaviy shaklini ishlab chiqarish zanjirlari, raqamli tarmoqlar, transport va energetika infratuzilmasi, shuningdek, insonlar o‘rtasidagi aloqalar orqali qayta shakllantirish imkoniyati mavjud.

Alohida loyihalardan yagona ishlab chiqarish tizimlariga

Prezident O‘zbekiston va Koreya hamkorligida yangi yondashuvga o‘tish mumkinligini bildirdi. Bunda alohida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan cheklanib qolmasdan, umumiy ishlab chiqarish tizimlari, texnologik platformalar va yangi bozorlarni shakllantirish maqsad qilinadi.

O‘zbekiston global qo‘shilgan qiymat zanjirlariga yanada chuqurroq integratsiyalashishni, Janubiy Koreya esa ushbu zanjirlarni diversifikatsiya qilishni ko‘zlamoqda.

Shu maqsadda koreys kompaniyalari uchun O‘zbekistonda yuqori texnologiyalarga asoslangan, ishlab chiqarish jarayonlari chuqur mahalliylashtirilgan korxonalarni tashkil etish uchun sharoit yaratish taklif qilinmoqda.

Hamkorlikni kengaytirish mumkin bo‘lgan asosiy yo‘nalishlar qatorida sun’iy intellekt, strategik materiallar va yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqarish, robototexnika, elektr transporti, biofarmatsevtika, zamonaviy kimyo, “aqlli” qishloq xo‘jaligi hamda “aqlli” shaharlar qayd etildi.

Koreyaning O‘zbekistondagi investitsiyalari 8 milliard dollardan oshgan

Maqolada ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning hozirgi ko‘lami ham keltirilgan. Unga ko‘ra, Janubiy Koreyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan jami investitsiyalari 8 milliard dollardan oshgan.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Janubiy Koreya ishtirokidagi 700 dan ortiq qo‘shma korxona va loyiha faoliyat yuritmoqda. KOICA, Koreya Eksimbanki va koreys jamg‘armalari bilan shakllantirilgan loyihalar portfeli esa 3,5 milliard dollardan yuqori qiymatga ega.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi besh barobar oshgan.

Yangi hamkorlik butun Markaziy Osiyoni qamrab olishi mumkin

Shavkat Mirziyoyev Koreya bilan hamkorlikning yangi modelini faqat O‘zbekiston hududi bilan cheklab qo‘ymaslikni taklif qilmoqda. Prezidentning fikricha, Janubiy Koreya kompaniyalari Markaziy Osiyoda bir vaqtning o‘zida bir nechta mamlakat va iqtisodiyot tarmoqlarini qamrab oluvchi kompleks loyihalarni amalga oshirishi mumkin.

Davlat rahbari keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlarida o‘rtacha iqtisodiy o‘sish sur’ati 7 foizdan yuqori. Mintaqaning umumiy yalpi ichki mahsuloti 2025 yilda 500 milliard dollardan oshgan.

Bu ko‘rsatkichlar Markaziy Osiyoni yirik investitsiya loyihalari, ishlab chiqarish zanjirlari va yangi texnologik hamkorlik uchun istiqbolli hudud sifatida ko‘rsatadi.

Seul sammitida yangi kelishuvlar kutilmoqda

16 sentabr kuni Seul shahrida “Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi” sammitini ilk bor davlat rahbarlari darajasida o‘tkazish rejalashtirilgan.

Sammit yakunida Seul deklaratsiyasini qabul qilish, shuningdek, investitsiyalar, infratuzilma, innovatsiyalar va madaniy-gumanitar hamkorlik bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishish ko‘zda tutilgan.

Теги :
Jamiyat