$
 11813.09
-7.39
 13677.20
-88.93
 135.61
-1.9
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston raqamli navigatsiyada “yashil yo‘lak”ni joriy qilgan ilk mamlakatlardan biri bo‘ldi

Yashil navigator

Raqamli xaritalarda piyodalar yo‘nalishini jazirama issiqqa moslashtirish amaliyoti global texnologik trendga aylanib bormoqda. O‘zbekiston AQSh, Germaniya va Janubiy Koreya kabi rivojlangan mamlakatlar qatoridan joy olib, kundalik navigatsiyaga ushbu texnologiyani joriy etgan yetakchi davlatlar safiga kirdi. Xalqaro Techloy texnologik nashrining xabar berishicha, avgust oyida Toshkentda Yandex Maps xizmati “yashil” yo‘nalishlarni sinov tariqasida ishga tushirdi. Ushbu funksiya foydalanuvchilarga quyoshning to‘g‘ridan to‘g‘ri tushadigan nurlaridan saqlangan holda, ko‘proq soyali yo‘llarni tanlash imkonini beradi.

E’tiborlisi, Toshkent nafaqat Markaziy Osiyo va MDH hududida ommaviy kartografik xizmatda bunday imkoniyatni taqdim etgan ilk shahar bo‘ldi, balki Yandex Maps faoliyat yuritadigan 30 ta mamlakat orasida ham birinchi bo‘lib ushbu funksiyani amaliyotga tatbiq etdi.

Soya — shahar alohida e’tibordagi infratuzilma omili sifatidagi o‘rni

So‘nggi vaqtlarda butun dunyo bo‘ylab iqlim sharoitlariga moslashish va issiq ob-havoda shahar bo‘ylab harakatlanishni qulaylashtirishga qaratilgan texnologiyalarga talab keskin ortmoqda. Bugungi kunda ko‘chalarning soyalilik darajasi jamoat transporti qulayligi yoki havo sofligi kabi shahar muhitining muhim mezonlaridan biriga aylanib bormoqda. Shu sababli, 2026-yilning bahor va yoz oylarida dunyoning bir qator mamlakatlarida o‘xshash loyihalar bir vaqtning o‘zida shakllana boshladi.

Xususan, AQShning Arizona shtati universitetida kampus hududi bo‘ylab salqinroq yo‘llarni xaritalashtiruvchi Cool Routes tadqiqot loyihasi ishga tushirildi. Shuningdek, mamlakatda yuzlab shaharlar ko‘chalarining soyalilik darajasini baholovchi National Shade Map xizmati ham faoliyat yuritmoqda, biroq ushbu servis aniq yo‘nalishlarni tuzib bermaydi. Germaniyada esa issiqqa o‘ta ta’sirchan va zaif qatlam vakillariga mo‘ljallangan Heat Adaptation for Vulnerable Population Groups (HEAL) loyihasi rivojlantirilmoqda. Janubiy Koreyada Seul milliy universiteti talabasi tomonidan yaratilgan Geuneullo mahalliy ilovasi piyodalarga eng soyali yo‘nalishlarni taklif etish orqali tanildi.

G‘ayritabiiy issiq harorat kuzatilayotgan bir paytda bunday raqamli ishlanmalarga bo‘lgan ehtiyoj yanada ortmoqda. Copernicus Climate Change Service ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning iyun va iyul oylarida G‘arbiy Yevropada o‘rtacha harorat 21,62°C ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich me’yordan qariyb 2,8°C yuqori bo‘lib, 2022-yildagi avvalgi maksimal rekordni ham ortda qoldirdi. Ispaniya, Portugaliya va Fransiya kabi davlatlarda havo harorati bir necha bor 40°C lik darajadan yuqoriga ko‘tarildi.

Toshkent tajribasi

Yozgi harorat muntazam ravishda 35–40°C dan oshib ketadigan keskin kontinental iqlimli Toshkent uchun avgust oyida joriy etilgan “yashil” yo‘nalishlar piyoda harakatlanishni sezilarli darajada yengillashtiradi. Ushbu innovatsiya poytaxtda amalga oshirilayotgan ko‘kalamzorlashtirish va jamoat transportini rivojlantirish kabi issiqqa moslashuv choralarini mantiqan to‘ldiradi.

Mazkur tizimning texnik asosi sun’iy yo‘ldosh suratlarini tahlil qiluvchi mashinaviy o‘qitish algoritmiga tayyorlangan. Techloy nashri ta’kidlashicha, soyali yo‘nalishlarni aniqlashda (shade routing) mavjud bo‘lgan uchta asosiy yondashuv — geometrik, biofizik va sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlariga asoslangan usullar orasidan Yandex Maps aynan uchinchisini tanlagan. Multispektral suratlarni qayta ishlash orqali daraxtlarning shox-shabbalari joylashuvi aniqlanadi va piyoda yo‘lining qaysi qismi soya ostida ekani aniq baholanadi.

E’tiborli jihati, yo‘nalish shunchaki umumiy soyali hududining ko‘pligiga qarab «yashil» deb tasniflanmaydi. Servis yo‘lning muayyan kesimida daraxtlar kamida 60 foizlik qoplamani hosil qilgandagina uni yashil hudud sifatida hisobga oladi. Algoritm soya qoplamasining yo‘l bo‘ylab qanchalik bir tekis taqsimlanganini, odamning ochiq quyosh ostida o‘tkazadigan vaqtini hamda Toshkentdagi muayyan kun va vaqtga xos bo‘lgan ob-havo haroratini batafsil hisobga oladi.

Toshkentda “yashil” yo‘nalishlarning yo‘lga qo‘yilishi iqlim xususiyatlariga moslashishga qaratilgan texnologiyalar shunchaki tor doiradagi tadqiqot yoki ijtimoiy tashabbus darajasidan chiqib, minglab insonlarning kundalik turmushini qulaylashtiradigan ommaviy raqamli xizmatlarga aylanayotganining yorqin tasdig‘idir.

Теги :
Jamiyat