$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Poytaxtda o‘rtacha ish haqi 8 mln. so‘mdan oshdi

Maoshlar

Joriy yil I choragida O‘zbekistondagi o‘rtacha hisoblangan nominal ish haqining eng yuqori miqdori Toshkent shahrida — 8,1 million so‘m qayd etildi. Bu haqda Statistika agentligi maʼlumot berdi.

4,9 million so‘m

2024-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistondagi nominal hisoblangan o‘rtacha oylik ish haqi 4,9 million so‘mga yetdi (2023-yil mos davrida 4,1 million so‘m).

Hududlar kesimida

Hududlar kesimida eng yuqori miqdordagi o‘rtacha oylik ish haqi Toshkent shahrida qayd etilgan — 8 million 116 ming so‘m. Shu bilan birga, qolgan hududlarga nisbatan yuqori o‘rtacha oylik daromadlar Navoiy (6,5 million so‘m), Toshkent (4,7 million so‘m) hamda Andijon viloyatlarida (4,4 million so‘m) kuzatilgan. Eng kam o‘rtacha oylik ish haqi esa Surxondaryo viloyatida — 3,5 million so‘m.

Qaysi sohalarda oylik eng yuqori?

Birinchi chorakda iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng baland ko‘rsatkichi — bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati sohasiga to‘g‘ri kelgan — 13,2 million so‘m. Taʼlim (3,4 million so‘m), sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish (3,2 million so‘m) sohalari o‘rtacha oylik ish haqi miqdori bo‘yicha doimgidek boshqa sohalarga nisbatan eng quyi pog‘onalarda qayd etilgan. Mazkur sohalardagi o‘rtacha ish haqi respublikadagi umumiy o‘rtacha oylik ish haqidan sezilarli darajada kamligicha qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2023-yilda o‘rtacha oylik ish haqi 4 million 551 ming so‘mni tashkil etgandi.