$
 11765.21
-0.55
 13586.46
-52.41
 139.35
-0.36
weather
+26
Кечаси   +14°

Amir Temur xiyoboni yonida 400 million dollarlik majmua quriladi

O‘zbekenergo Foto: Gazeta.uz

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkent shahrining jadal kengayishi, shaharsozlik va ekologik vaziyatni inobatga olgan holda, me’morlar, urbanistlar, mustaqil mutaxassislar hamda ta’lim muassasalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazganligi haqida xabar bergan edik.

Yig‘ilish davomida loyihalashtirilayotgan hamda hozirda amalga oshirish bosqichida bo‘lgan bir nechta majmualarning taqdimoti o‘tkazildi. Shulardan biri — Silq Plaza kompaniyasining poytaxt markazida qurishni rejalashtirayotgan loyihasi bo‘ldi.

Majmua 3 gektarlik hududda quriladi

Silq Plaza Amir Temur xiyoboni yaqinidagi 3 gektarlik maydonda, sobiq davlat kompaniyasi O‘zbekenergoning ma’muriy binosi o‘rnida yangi majmua barpo etishni taklif qilmoqda.

Taqdimotga ko‘ra, umumiy qiymati 400 million dollarga baholanayotgan loyiha mehmonxona, biznes-markaz va apartamentlarni o‘z ichiga oladi. Majmuadagi binolarning umumiy maydoni 1,152 million kvadrat metrni tashkil etishi rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida jami 585 ming kvadrat metr maydonga ega 6 500 ta turar joy qurilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, kompaniya O‘zbekenergo binosi yonida joylashgan favvorani qayta qurishni ham taklif qilgan.

Mutaxassislar ijtimoiy infratuzilma masalasini ko‘tardi

Uchrashuvda Silq Plaza rahbari, shuningdek, Tashkent City Mall bosh direktori Dilyor Qayumov ham qatnashdi. U loyiha bo‘yicha ishlar boshlanganini, developer allaqachon investitsiya kiritishga kirishganini ma’lum qildi.

Saida Mirziyoyeva esa yirik qurilish loyihalarini rejalashtirishda ularning aholi hayotiga ta’sirini, xususan, ijtimoiy infratuzilmaga bo‘lgan ehtiyojni ham hisobga olish zarurligini qayd etdi.

“Masalan, katta uy-joy majmuasi qurildi. Ammo bu yerda qancha bola yashashi va ularga nechta bog‘cha kerak bo‘lishi hisoblab chiqilyaptimi? Bunday masalalarga e’tibor qaratilmasligi xalqning kayfiyatiga salbiy ta’sir qiladi. Biz buni tushunishimiz va hisobga olishimiz kerak.”, — dedi Mirziyoyeva.

Dilyor Qayumov bu fikrga qo‘shilib, barcha jihatlarni hisoblab chiqish kerakligini bildirdi.

Теги :
Jamiyat