Madaniyat vazirligi parlamentga “mahallabay konsert-tomoshalar” borasidagi ishlar haqida hisobot berdi
Madaniyat va san’at sohasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar Senatda muhokama qilindi.
2 daqiqa o‘qiladi

Madaniyat va san’at sohasidagi televizion shou shakliga o‘tkazilishi belgilangan 7 ta tanlovdan 3 tasi hamda xususiy sektorga o‘tkazilishi kerak bo‘lgan madaniyat va san’at sohasidagi 5 ta ko‘rik-tanlovdan birortasi haligacha o‘tkazilmagan. Hududlardagi teatrlarning ehtiyojmand xodimlari uchun xizmat uylari ajratilmagan. Bu haqda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida aytib o‘tildi.
Aholini konsert-tomoshalarga “mahallabay” jalb etish
Majlisda madaniyat vaziri o‘rinbosarining aholini konsert-tomosha tadbirlariga “mahallabay” tamoyili asosida muntazam jalb etish yuzasidan axboroti eshitilib, mazkur yo‘nalishda muayyan ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.
Vazirlik tizimidagi 40 ta teatr tomonidan joriy yilning olti oyi davomida 76 ta gastrol safari tashkil etilgan. Ushbu gastrollar doirasida teatr spektakllari seanslariga 50 mingdan ortiq tomoshabinlar tashrif buyurgan. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 9 ta hududning 17 ta tuman va shaharlarida “Madaniyat karvoni” konsert-tomosha tadbirlari tashkil etilgan hamda 150 ming kishi qamrab olingan.
Turizm obyektlarida ijodiy jamoalar tomonidan 235 ta teatrlashtirilgan konsert-tomosha dasturi tashkil qilinib, ularga 7,5 ming fuqaro hamda 2,7 ming xorijiy sayyoh jalb etilgan. Askiya va qiziqchilar jamoalarining 30 dan ortiq tashkilotlarga mahalliy gastrol safarlari tashkil etilib, 10 mingga yaqin fuqarolar qamrab olingan. “O‘zbeksirk” davlat muassasasi tomonidan 43 ta sirk tomoshasi namoyish etilib, 8 mingdan ortiq tomoshabinga xizmat ko‘rsatilgan.
Sohada qanday kamchiliklar bor?
Muhokama jarayonida sohada olib borilgan ishlar bilan bir qatorda ayrim kamchiliklar borligi ham qayd etildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlarida belgilangan ayrim vazifalar ijrosi kechiktirilayotgani ta’kidlandi. Xususan, konsert-tomosha faoliyati ishtirokchilarining yagona onlayn portali, “Onlayn madaniyat markazi” platformasi hamda ommaviy madaniy va konsert-tomosha tadbirlari o‘tkaziladigan obyektlarni ijaraga berish jarayonlarini raqamlashtirishni nazarda tutuvchi axborot tizimi faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan.
Opera va balet teatrlarining yoritish hamda ovoz bo‘yicha mutaxassislarning xorijiy davlatlarda malakasi oshirilmagan. Mahalliy hokimliklar tomonidan ta’lim va madaniyat muassasalarida tashkil etilgan lektoriy konsertlar moliyalashtirilmagan. Hududlardagi teatrlarning ehtiyojmand xodimlari uchun xizmat uylari ajratilmagan.
Madaniyat va san’at sohasidagi televizion shou shakliga o‘tkazilishi belgilangan 7 ta tanlovdan 3 tasi hamda xususiy sektorga o‘tkazilishi kerak bo‘lgan madaniyat va san’at sohasidagi 5 ta ko‘rik-tanlovdan birortasi haligacha o‘tkazilmagan.
Rejada belgilangan tadbirlarni o‘tkazish joyi, vaqti, ishtirok etadigan ijodkorlar haqida aholini kamida ikki oy oldin xabardor qilish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan. Teatrlashtirilgan tomosha va konsert dasturlarini tashkil etish uchun zarur mablag‘lar ajratilmagan hamda “Ko‘cha san’ati va musiqasi” loyihasida ishtirok etgan faol ijodkorlar rag‘batlantirilmagan.



