$
 11833.37
35.91
 13577.61
-30.76
 139.79
0.02
weather
+26
Кечаси   +14°

Qoraqalpog‘istonda 7 mlrd dollarlik yangi loyihalarga start berildi

Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida hududdagi qator yangi loyihalarni ishga tushirish hamda yirik investitsiya loyihalari qurilishiga start berish marosimi o‘tkazildi.

So‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlik va investitsiya uchun yaratilayotgan sharoitlar ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi quvvatlarni ishga tushirish va aholi bandligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Buning natijasida hududning iqtisodiy ko‘rsatkichlari ham sezilarli o‘zgargan. 2016-yilda Qoraqalpog‘istonning yalpi hududiy mahsuloti 8,5 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yil boshiga kelib bu ko‘rsatkich 54 trillion so‘mdan oshdi. Mahsulot ishlab chiqarishda xususiy sektor ulushi 66 foizga yetdi. Faol tadbirkorlik subyektlari soni esa 2,5 barobar ko‘payib, 26,5 mingtani tashkil etdi.

Hududga 9 yilda 5 mlrd dollardan ortiq investitsiya kiritildi

Yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish maqsadida so‘nggi to‘qqiz yil davomida Qoraqalpog‘istonga 5 milliard dollardan ziyod investitsiya yo‘naltirildi. Joriy yil yakuniga qadar xorijiy investitsiyalar hajmini 2,5 milliard dollarga yetkazish kutilmoqda.

Hududda faoliyat yuritayotgan xorijiy va qo‘shma korxonalar soni ham oshgan. 2018-yilga nisbatan bunday korxonalar 2,2 barobar ko‘payib, 271 taga yetgan.

Marosim davomida qiymati 592 million dollar bo‘lgan 11 ta loyiha foydalanishga topshirildi. Shuningdek, xorijiy hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati 7 milliard dollar bo‘lgan 47 ta yangi loyihaning qurilishiga start berildi. Ushbu loyihalar natijasida 8 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Energetika va tibbiyotda yangi obyektlar ishga tushirildi

Qorao‘zak tumanida umumiy quvvati 300 megavatt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasi hamda 100 megavattli elektr energiyasini saqlash tizimi ishga tushirildi.

Nukus shahrida esa Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda qurilgan Shayx Xalifa nomidagi shifoxona faoliyat boshladi. Qiymati 27 million dollar bo‘lgan ushbu 100 o‘rinli tibbiyot muassasasi zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Shifoxonada 80 ta ish o‘rni yaratildi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi tashkil etilishi hududda tibbiy xizmat sifatini oshirish va mutaxassislar malakasini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Raqamli infratuzilmaga yirik investitsiyalar yo‘naltirilmoqda

Taxiatosh tumanida “Linkwise” korxonasining qiymati 150 million dollar bo‘lgan modulli intellektual hisoblash markazi birinchi bosqichining ishga tushirilishi ham marosimdagi muhim loyihalardan biri bo‘ldi.

Nukus shahrida jamoat transportini rivojlantirishga qaratilgan “SAPSAN TRANS NO‘KIS” korxonasining 20 million dollarlik loyihasi ham ish boshladi. Loyiha doirasida 25 ta avtobus va elektrobus olib kelindi. Yil yakuniga qadar yana 75 ta elektrobus keltiriladi. Loyihada jami 200 ta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Qurilishi boshlanayotgan yangi loyihalar energetika, raqamli iqtisodiyot, sanoat, transport, tibbiyot va xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.

1,5 gigavattli shamol elektr stansiyasi quriladi

Qo‘ng‘irot tumanida Saudiya Arabistonining “ACWA” kompaniyasi bilan hamkorlikda qiymati 2,6 milliard dollar bo‘lgan yirik shamol elektr stansiyasini qurish ishlari faol bosqichga o‘tmoqda.

Quvvati 1,5 gigavatt bo‘lgan mazkur stansiya yagona energetika tizimiga ulanadi. Loyiha doirasida 1,5 ming kilometr yuqori kuchlanishli magistral elektr tarmog‘i tortiladi, 500 kilovoltli uchta podstansiya quriladi va yana ikkita podstansiya modernizatsiya qilinadi.

Chimboy tumanida koreyalik investorlar bilan hamkorlikda respublikada ilk bor qizilmiya ildizini qayta ishlash asosida yiliga 3 million kub metr biogaz ishlab chiqarish loyihasi ham boshlandi.

Avtomobil yo‘li va jamoat transporti infratuzilmasi yangilanadi

Transport sohasida ham yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda A-380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining 92 kilometrlik qismida qurilish ishlari boshlandi. Loyiha qiymati 233 million dollarni tashkil etadi.

Nukus shahri jamoat transporti uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda 112 ta elektrobus xarid qilish hamda ular uchun depo tashkil etish loyihasi ham amalga oshiriladi.

Raqamli valyuta va sun’iy intellekt markazlari tashkil etiladi

Xitoylik hamkorlar bilan Qo‘ng‘irot va Taxiatosh tumanlarida umumiy qiymati 2 milliard 281 million dollar bo‘lgan raqamli valyuta ishlab chiqarish va sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlarini tashkil etish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Taxtako‘pir tumanida ham ma’lumotlar markazi barpo etiladi.

Nukus shahrida chiqindilarni termik qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasiga start berildi.

Qorao‘zak tumanidagi “Zengibobo” konida oltin qazib olishga ixtisoslashgan, qiymati 20 million dollar bo‘lgan korxona tashkil qilinadi.

Amudaryo tumanida esa 15 million dollarlik zamonaviy yirik savdo markazi barpo etiladi.

Tibbiyot va xizmat ko‘rsatish sohasida ham yangi loyihalar bor

Ijtimoiy yo‘nalishda hindistonlik hamkorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida tibbiyot fanlari universiteti hamda yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatadigan shifoxona tashkil etilmoqda.

Nukus shahridagi “Do‘stlik” kanali bo‘yida turkiyalik hamkorlar ishtirokida yangi yirik majmua ham quriladi. Toshkentdagi “Seul Mun” namunasi asosida barpo etiladigan ushbu dam olish, ko‘ngilochar va savdo markaziga 103 million dollar investitsiya yo‘naltiriladi.

Loyihalar ijrosi ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi

Marosimda xorijiy hamkorlar loyihalarni amalga oshirish va foydalanishga topshirish muddatlari haqida ma’lumot berdi.

Viloyat hokimlari esa o‘zlariga biriktirilgan tumanlarda yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘al oilalar daromadini oshirishga qaratilgan loyihalarni taqdim etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev nuroniylar, olimlar va keng jamoatchilik vakillarini har bir loyihaning amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yishga chaqirdi.

Ta’kidlanganidek, bunday yondashuv oilalar farovonligini ta’minlash, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish va Orolbo‘yining mustahkam iqtisodiy poydevorini shakllantirishga xizmat qiladi.

Davlat rahbari loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy hamkorlar va tadbirkorlarga minnatdorlik bildirdi.

Ramziy tugma bosilishi bilan yangi obyektlar ishga tushirildi va yangi loyihalar qurilishiga start berildi. Shundan so‘ng investorlar hamda hudud faollari bilan muloqot o‘tkazildi.

Nukusda 30 ming aholiga mo‘ljallangan yangi massiv quriladi

Tadbir doirasida Nukus shahrida yosh oilalar uchun barpo etiladigan “Yangi O‘zbekiston” turar joy massivining loyihasi ham taqdim etildi.

Yangi massiv uchun 270 gektar maydon ajratilgan va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish boshlangan.

Bu hududda 30 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uy-joylar quriladi. Shuningdek, yirik biznes markazlari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ko‘ngilochar obyektlar barpo etilishi rejalashtirilgan.

Теги :
Jamiyat