$
 11783.47
-14.45
 13688.86
-51.0
 139.70
1.7
weather
+26
Кечаси   +14°

“Mamlakat dunyo xaritasidan yo‘qoladi” — Medvedev Litvaga jiddiy tahdid qildi

Medvedev

Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev AQSh yadroviy qurollari Litva hududiga joylashtirilgan taqdirda mamlakat jiddiy xavf ostida qolishini bildirdi. U Rossiya Litvaga zarba bergan taqdirda, NATO davlatlari alyans shartnomasining 5-moddasida belgilangan jamoaviy mudofaa mexanizmini ishga tushirmasligi mumkinligini ta’kidladi.

Medvedevning fikricha, bunday vaziyatda Litva boshqa davlatlardan harbiy yordam olmasligi mumkin. U bu haqda Rossiyaning Shimoli-G‘arbiy federal okrugida harbiylar bilan uchrashuvi chog‘ida gapirgan.

“Hatto u yerda kuydirilgan dala qolsa ham, boshqa hech qaysi davlat ular uchun urushmaydi. Shimoliy Atlantika shartnomasining mashhur 5-moddasi ham amalga oshirilmaydi. Chunki agar u amalga oshirilsa, bu global, sayyoraviy falokat bo‘ladi. Ular ahmoq emas. Ammo Litva dunyo xaritasidan yo‘qoladi”, — degan Medvedev.

Litva AQSh bilan yadroviy qurollar masalasini muhokama qilmoqda

Litva Mudofaa vazirligi iyun oyi boshida AQSh bilan mamlakat hududida yadroviy qurol joylashtirish imkoniyatini muhokama qilayotganini ma’lum qilgan. OAV xabarlariga ko‘ra, muzokaralar yadroviy kallaklarni tashish imkoniyatiga ega bo‘lgan AQSh bombardimonchi samolyotlari bilan bog‘liq bo‘lgan.

Biroq Litva Konstitutsiyasida mamlakat hududida ommaviy qirg‘in qurollari va xorijiy harbiy bazalarni joylashtirish taqiqlangan.

Litva Seymi spikeri Yuozas Olyakas mazkur konstitutsiyaviy taqiqni bekor qilish masalasi muhokama qilinayotganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi taqiq “geosiyosiy voqelikka mos kelmaydi”.

Shu maqsadda parlament kuzgi sessiyani yanvarga qadar uzaytirishni rejalashtirmoqda.

Rossiya Litvani yadroviy nishonlar ro‘yxatiga kiritishi mumkin

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham Litvaning AQSh bilan yadroviy qurollar masalasini muhokama qilayotganiga munosabat bildirdi. U Vilnyusning bunday harakatlarini “keskinlik va eskalatsiyaning juda jiddiy bosqichi” deb baholadi.

Peskovning ta’kidlashicha, agar AQSh yadroviy qurollari Litva hududida joylashtirilsa, Rossiya ham Litvani o‘z yadroviy qurollari nishonlari qatoriga kiritadi.

Putin: Rossiya Yevropaga tahdid qilmaydi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa mamlakati Yevropa davlatlariga tahdid qilmayotgani va bunday niyatda emasligini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Yevropa bilan mojaroga kirishishi uchun asos yo‘q. Putin Ikkinchi jahon urushi natijalari bo‘yicha barcha masalalar hal qilinganini ta’kidlagan.

Shuningdek, Rossiya prezidenti Ukraina hududiga Yevropa davlatlarining harbiy kontingenti joylashtirilishini Rossiya bilan “urush” deb baholashini bildirgan.

Теги :
Jamiyat