$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Oilaviy tadbirkorlar uchun 100 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi

kredit

O‘zbekistonda oilaviy tadbirkorlik va kichik biznesni, yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilib, zarur sharoitlar yaratilmoqda.  

Masalan, joriy yilning 2-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini moliyalashtirishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

33 milliondan 100 million so‘mgacha garovsiz kredit

Qarorda aholining bandligini ta’minlash va daromad topishga qaratilgan faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi tadbirlarni tizimli ravishda davom ettirish maqsadida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar 33 milliondan 100 million so‘mgacha garovsiz ajratilishi belgilandi.  

Xususan, 2024-yil 1-apreldan boshlab oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxslarga (asosiy ish joyiga ega shaxslar bundan mustasno) 33 million so‘mgacha, bir yildan so‘ng ushbu qarz oluvchining tadbirkorlik faoliyati samaradorligi, qarzning maqsadli ishlatilganligi hamda zaruratga qarab guruh kafilligi (kamida 3 nafar fuqaro) bilan qo‘shimcha 50 million so‘mgacha revolver asosida kreditlar ajratiladi.  

Qaysi sohalar uchun beriladi?

Mazkur qarorga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi kreditlardan tomorqani rivojlantirishning bir nechta yo‘nalishlarida – parrandachilik, quyonchilik, chorvachilik, asalarichilik, baliqchilik va ixcham issiqxona uchun foydalanish mumkin.

Shu bilan birga, yer maydoni 10 sotixdan ortiq bo‘lgan tomorqa yer egalariga va ijarachilarga 50 million so‘mgacha garovsiz kredit berish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, 10 sotixli ixcham issiqxonalarni barpo etish va baliqchilik faoliyatini tashkil etish maqsadida bo‘lgan oilalar uchun 100 million so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratiladi. 

Qancha muddatga beriladi?

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi kreditlar 3-yildan 4-yilgacha muddatga, 6 oydan 1-yilgacha imtiyozli davr bilan, yillik 14 foiz stavkada ajratiladi. 

Endilikda oilaviy tadbirkorlar parrandachilik, quyonchilik, chorvachilik, asalarichilik, baliqchilik va ixcham issiqxona kabi yo‘nalishlardagi faoliyatni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishda ushbu imtiyozli kreditlardan foydalangan holda daromadlarini oshirishlari, o‘zini o‘zi band qilishlari mumkin.