$
 11795.00
-18.09
 13698.71
21.51
 135.80
0.19
weather
+26
Кечаси   +14°

Janubiy Koreyadagi ayrim oʻzbekistonliklar endi ish joyini agentlikni ogohlantirmasdan oʻzgartirish mumkin

Janubiy Koreya

Koreya Respublikasida E-9 vizasi boʻyicha mehnat faoliyatini olib borayotgan Oʻzbekiston fuqarolariga qulaylik yaratish maqsadida uch tomonlama shartnoma shartlariga muhim oʻzgartirishlar kiritildi. Oʻzbekiston Migratsiya agentligi matbuot xizmati bergan ma’lumotlarga koʻra, endilikda fuqarolar boshqa korxonaga ishga oʻtayotgan vaqtda agentlikning Seul shahridagi vakolatxonasidan maxsus rozilik olishlari talab etilmaydi.

Shuningdek, ushbu qoidani buzganlik uchun ilgari belgilangan jarima ham toʻliq bekor qilindi. Uzoq davom etgan muzokaralar, ish beruvchilar, nodavlat tashkilotlar hamda fuqarolarning bevosita murojaatlari natijasida qabul qilingan ushbu yangilikka muvofiq, mehnat migrantlari Koreya qonunchiligi doirasida amaldagi ish beruvchi bilan tuzilgan shartnomani mustaqil ravishda bekor qilish va yangi kompaniya bilan cheklovlarsiz shartnoma tuzish huquqiga ega boʻldilar.

Noqonuniy maqom xavfi

Shartnomadagi yengilliklarga qaramay, mamlakatda noqonuniy boʻlib turish holatlariga nisbatan belgilangan qatʼiy choralar va jarimalar oʻz kuchida qoldi. Amaldagi tartibga koʻra, ishdan boʻshagan fuqaro 1 oy muddat ichida tegishli organlarda ish izlovchi sifatida roʻyxatdan oʻtishi hamda umumiy hisobda 90 kun mobaynida yangi ish joyi topishi shart. Agarda ajratilgan ushbu vaqt oraligʻida yangi mehnat shartnomasi rasmiylashtirilmasa yoki fuqaro mamlakat hududini tark etmasa, u avtomatiq ravishda noqonuniy migrant deb topiladi. Bunday maqom esa fuqaroga nisbatan yirik miqdorda jarima qoʻllanishi, Koreyadan deportatsiya qilinishi hamda kelgusida mamlakatga qayta kirishiga mutlaq taqiq qoʻyilishiga olib keladi.

E-9 vizasining huquqiy shartlari

E-9 vizasi Janubiy Koreyaga xorijiy ishchi kuchini jalb qilishda asosiy huquqiy mexanizm hisoblanib, u asosan zavod va fabrikalar, fermer xoʻjaliklari, qurilish obʼektlari, baliqchilik kemalari hamda xizmat koʻrsatish sohasi — mehmonxona va restoranlarda ishlash imkonini beradi. Ushbu viza egalarining mamlakatda boʻlish maksimal muddati 4 yil-u 10 oyni tashkil etadi va ushbu davr mobaynida turmush oʻrtogʻi yoki farzandlarini qaramogʻidagi shaxs sifatida olib kelishga ruxsat berilmaydi.

Oʻz navbatida, E-9 vizasi bilan ishlayotgan shaxslar Janubiy Koreya mehnat qonunchiligi kafolatlari bilan toʻliq qamrab olingan. Bu oʻz ichiga eng kam ish haqi kafolati, ortiqcha ish soatlari uchun munosib haq toʻlash, har yilgi mehnat taʼtili, mehnat staji uchun ajratiladigan nafaqa va tibbiy sugʻurta huquqlarini oladi. Mehnat sharoitida ish haqi ushlanib qolishi, asossiz yomon munosabat koʻrsatilishi yoki korxona faoliyati tugatilishi kabi salbiy holatlar yuzaga kelganda, fuqaro butun boʻlish muddati davomida koʻpi bilan 5 martagacha ish joyini oʻzgartirish huquqiga ega. Estatib oʻtamiz, 2026-yil uchun E-9 vizasi boʻyicha yangi kirish kvotasi 80 ming kishi etib belgilandi, bu koʻrsatkich 2025-yilga nisbatan 50 ming nafarga kamayganini koʻrsatadi.

Теги :
Jamiyat